Nigerdagi davlat to‘ntarishi: qo‘shni mamlakatlar qo‘shin kiritish bilan tahdid qilmoqda
G‘arbiy Afrika davlatlari yetakchilari Nigerda hokimiyatni egallab olgan harbiy xunta yetti kun ichida qonuniy saylangan prezident Muhammad Bazumni hokimiyatga qaytarishi kerakligini bildirdi. Aks holda ular harbiy kuch qo‘llash bilan tahdid qilishdi.
Nigerdagi davlat to‘ntarishi ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jumladan Afrika ittifoqi, G‘arbiy Afrika mintaqaviy bloki (Ecowas), YeI va BMT tomonidan qoralandi.
Yakshanba kuni Ecowas davlatlari yetakchilari mintaqadagi navbatdagi harbiy davlat to‘ntarishidan keyin ehtimoliy choralarni muhokama qilish uchun qo‘shni Nigeriyada shoshilinch sammitga yig‘ildi: avvalroq Mali va Burkina-Fasoda ham harbiylar hokimiyatni egallab olgandi.
Sammit yakunida o‘qib eshittirilgan bayonotda blok «davlat to‘ntarishlariga mutlaqo toqat qilmaslik» siyosatiga amal qilishi va agar ularning qonuniy prezidentni hokimiyatga qaytarish talabi bajarilmasa, «konstitutsion tartibni tiklash uchun barcha zarur choralar ko‘rilishi» aytilgan.
Shuningdek, unda qayd etilishicha «bunday chora-tadbirlar kuch ishlatishni o‘z ichiga olishi mumkin» va G‘arbiy Afrika davlatlari harbiy boshliqlari bu amaliyotni rejalashtirish va o‘z harakatlarini muvofiqlashtirish uchun «zudlik bilan» uchrashib olishi kerak.
G‘arbiy Afrika davlatlari yetakchilari shuningdek Niger hududi ustidan har qanday tijoriy reyslar amalga oshirilishi zudlik bilan to‘xtatilishi va barcha quruqlik chegaralari yopilib, xuntaga qarshi moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishini e’lon qilishdi. Davlat to‘ntarishida ishtirok etgan harbiylarga mintaqa davlatlariga kirish taqiqlanadi, ularning aktivlari esa muzlatiladi.
Bu sammit arafasida prezident gvardiyasi rahbari, o‘zini Nigerning yangi rahbari deb e’lon qilgan general Abdurahmon Chiani Ecowas a’zolari va g‘arb mamlakatlarini har qanday tashqi aralashuv oqibatlaridan ogohlantirdi.
«Biz yana bir bor Ecowas yoki boshqa har qanday avantyuristga o‘z vatanimizni himoya qilish bo‘yicha qat’iy qarorimizni takrorlaymiz», — deyilgan televideniye orqali o‘qib eshittirilgan bayonotda.
«Fransiya yo‘qolsin! Yashasin Rossiya!»
Ag‘darilgan prezident haqida payshanba tongidan buyon ma’lumot yo‘q, o‘shanda u o‘zining prezidentlik saroyida uy qamog‘iga tashlangandi. YeI, Fransiya va boshqa mamlakatlar Bazumni Nigerning qonuniy rahbari deb hisoblashda davom etishmoqda.
Bu vaqtda davlat to‘ntarishining yuzlab tarafdorlari mamlakat poytaxti Niameydagi Fransiya elchixonasi atrofida to‘planishdi. Ular «Fransiya yo‘qolsin!» deya hayqirishdi va fransuzlar bayrog‘ini yoqib yuborib, fransuz elchixonasiga tosh uloqtirishdi.
Politsiya ularni faqat ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan holda tarqatishga muvaffaq bo‘lgan.
AFP agentligi xabar berishicha, isyonchilardan ayrimlari «Yashasin Rossiya!» va «Yashasin Putin!» deya hayqirishgan. Bu esa yana bir bor fransuzlarning sobiq mustamlakasi harbiy davlat to‘ntarishidan keyin Rossiya tomon yuz burishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni tasdiqlaydi. Mali va Burkina-Fasoda hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tganidan keyin ham shunday bo‘lgandi.
Lekin Rossiya rasman Nigerda harbiylar hokimiyatni qo‘lga olganini qoralagan. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov «davlat to‘ntarishi — konstitutsiyaga zid harakat» ekani va Nigerda «konstitutsion tuzum tiklanishi zarurligi»ni ta’kidlagan.
Shu bilan birga, internetning Rossiya segmentida, jumladan «Vagner» XHKga yaqin bo‘lgan pabliklarda xususiy harbiy kompaniya rahbari Yevgeniy Prigojinning ovozli xabari tarqalmoqda, u isyonchilarni maqtagan va davlat to‘ntarishini g‘alaba deb atagan.
«Nigerda sodir bo‘lgan voqea — Niger xalqining mustamlakachilar bilan, ularni Afrikada yuzlab yillar oldin bo‘lgan davlatda saqlab qolishga urinayotganlar bilan kurashidir. (…) Bu amalda mustaqillikka erishish va mustamlakachilardan qutulishdir», — degan ovozi Prigojinnikiga o‘xshash odam.
Malida xunta jangari guruhlarga qarshi kurashishda yordam uchun «Vagner» XHKni mamlakatga taklif etgan.
BMTning shu yil may oyida e’lon qilingan hisobotida aytilishicha, «Vagner» XHK bu mamlakatda 500 dan ortiq tinch aholi vakillari o‘ldirilgan Mura qirg‘inida bevosita ishtirok etgan.
G‘arb reaksiyasi
Nigerning ag‘darilgan prezidenti Muhammad Bazum mintaqadagi harbiylashgan islomiy guruhlarga qarshi kurashda qo‘shnilar bilan ham, g‘arb mamlakatlari bilan ham yaqindan hamkorlik qilardi.
Shanba kuni YeI va Fransiya Nigerni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni hamda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni to‘xtatishini ma’lum qildi.
YeI tashqi siyosiy ishlar idorasi rahbari Jozep Borrel Yevroittifoq Nigerda harbiy isyon orqali hokimiyatga kelgan yangi hukumatni tan olmasligi va bundan keyin ham tan olmoqchi emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Muhammad Bazum «Nigerning yagona legitim prezidenti» bo‘lib qoladi va uni zudlik bilan ozod qilish kerak.
Avval Niger g‘arbdan, jumladan YeI va AQShdan Sahel mintaqasida vaziyatni beqarorlashtiruvchi isyonchilarga qarshi kurashda ittifoqchi sifatida kattagina yordam olardi (Sahel - Afrikaning tropik savannalar regioni bo‘lib, 300 mln aholi yashaydigan 12 davlatni, jumladan Mali, Niger, Burkina-Faso va Chadni o‘z ichiga oladi).
So‘nggi yillarda fransuz qo‘shini va BMT kontingenti Malini tark etishga majbur bo‘ldi, ammo Fransiyaning bir yarim ming askari hamon Nigerda bo‘lib turibdi.
Bazumning ag‘darilishi esa fransuz askarlari to‘liq chiqib ketishiga hamda Nigerning o‘zida ham, butun mintaqada ham xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashishiga olib kelishi mumkin.
Bazum Ukraina prezidenti bilan ham yaxshi aloqalar o‘rnatgan va anneksiya qilingan Qrim yarimorolini Kiyev nazoratiga qaytarish uchun tuzilgan «Qrim platformasi»ga qo‘shilgandi.
BBC Ukraina xizmati korrespondenti Georgiy Ermanning so‘zlariga ko‘ra, Nigerda harbiy xunta hokimiyatga kelishi Ukraina Afrikadagi do‘stlaridan birini yo‘qotganini anglatishi mumkin.
Mavzuga oid
11:30 / 17.09.2024
Pentagon Nigerdan AQSh kuchlarini olib chiqishni yakunladi
14:55 / 12.08.2024
Nigerda kuchli yog‘ingarchilik 94 kishining hayotiga zomin bo‘ldi
15:53 / 09.08.2024
Kiyev: Niger rasmiylarining Ukrainaga qarshi ayblovlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi
07:31 / 07.08.2024