O‘zbekiston | 21:56 / 02.08.2023
38849
6 daqiqa o‘qiladi

16 ta tuman-shahar hokimlarining 1-o‘rinbosarlari lavozimidan olindi

Bu hududlarda kambag‘allik darajasi yuqoriligicha qolayotgani aytildi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikka ajratilgan kreditlarning muammoliga aylangani va maqsadsiz sarflangani sabab bank tizimidagi 7 nafar rahbar bo‘shatiladi, 15 ta tuman-shahardagi banklarning rahbarlarini to‘liq yangilash masalasida ko‘rib chiqiladi.

O‘rtada – kambag‘allikni qisqartirish vaziri Behzod Musayev / Rasmiy foto

Prezident Shavkat Mirziyoyev, ko‘plab sharoitlar yaratib berilganiga qaramasdan, kambag‘allik darajasi yuqoriligicha qolayotgan tumanlarni sanab o‘tdi.

Bunday holat – Bekobod, Bo‘ka, Qo‘shko‘pir, Shahrixon, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy, Mirzaobod, Bog‘ot, Ulug‘nor, Xo‘jayli va Shumanay tumanlarida kuzatilmoqda.

Tadbirkorlik sohasida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha Mirzacho‘l, Do‘stlik, To‘raqo‘rg‘on tumanlari va Namangan shahrida ishlar sust tashkil etilgan.

Shu munosabat bilan Bekobod, Bo‘ka, Qo‘shko‘pir, Shahrixon, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy, Mirzaobod, Bog‘ot, Ulug‘nor, Xo‘jayli, Shumanay, Mirzacho‘l, Do‘stlik, To‘raqo‘rg‘on tumanlari va Namangan shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi.

Ishdan olingan amaldorlar:

  • Namangan shahar hokimi birinchi o‘rinbosari Rustam Isoqov;
  • To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Elyorjon Ismatullayev;
  • Mirzacho‘l tumani hokimi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jahongir Lapasov;
  • Shumanay tumani hokimi birinchi o‘rinbosari Askarbay Kaljanov;
  • Xo‘jayli tumani hokimi iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Kuatbek Kudaybergenov;
  • Bog‘ot tumani hokimi birinchi o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Qahramon Rajabov;
  • Chimboy tumani hokimi iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Azamat Moldaxmetov;
  • Taxtako‘pir tumani hokimi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Dauletbay Janabayev;
  • Qonliko‘l tumani hokimi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Farhod Xolmuratov;
  • Shahrixon tumani hokimi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Rahmatillo Razzaqov;
  • Qo‘shko‘pir tumani hokimi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sanjarbek O‘razmetov;
  • Bo‘ka tumani hokimi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sherali Yarbekov;
  • Bekobod tumani hokimi moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Beknazarov;
  • Ulug‘nor tumani hokimi moliya iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Husanboy Rahimov.

“Biz mahalladagi ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, biznesini boshlashi uchun har yili o‘nlab trillion so‘mlik kredit va subsidiyalar ajratayapmiz. Lekin, ularning samaradorligini baholaydigan tizim yo‘q”, – dedi Prezident.

Misol uchun, so‘nggi uch yilda 300 ming ishsiz aholi kasbga o‘qitilgan bo‘lsa-da, ularning atigi 45 foizi doimiy ish bilan ta’minlangan. Vaholanki, bu ishlarga qariyb 1 trillion so‘m budjet mablag‘lari yo‘naltirilgan.

Shuningdek, jami 17 ta monomarkazda IT, agrotexnologiyalar, dizayner, elektron tijorat, logistika, reklama ishi, marketing kabi yuqori daromadli zamonaviy kasblarga, xorijiy tillarga o‘qitish ulushi 5 foizga ham yetmaydi.

Ajratilayotgan subsidiyalar egalariga yetib bormayotgani bo‘yicha ham aholida e’tirozlar ko‘pligi ta’kidlandi.

Mahalla raislari va hokim yordamchilari bandlik, yoshlar va ayollar jamg‘armalari orqali berilayotgan subsidiyalar, oilaviy kreditlar hisobidan mehnat qurollari va tadbirkorlik uchun zarur mahsulotlarni xarid qilish tizimidan norozi.

Mablag‘lar aholiga to‘g‘ridan to‘g‘ri berilmasdan, Mahallabay va Yoshlar agentliklari hamda Markaziy bankning marketpleyslari orqali tenderlarda g‘olib bo‘lgan ta’minotchilarga o‘tkazib beriladi.

Ya’ni, aholida tanlov yo‘q, agentlik yoki bankning elektron platformalaridagi sotuvchilar nimani qancha narxda taklif qilsa, aholi shuni olishga majbur. Aholida tanlash imkoniyati yetmaganiday, taklif qilinayotgan mahsulot va xizmatlar bozordan 20-25 foiz qimmat.

Bosh prokuratura, Hisob palatasiga imtiyozli mablag‘lar hisobidan aholiga mahsulot va xizmatlar taqdim qilayotgan marketpleyslar faoliyati shaffofligini tekshirish topshirildi.

Yig‘ilishda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida muammoli kreditlar ulushi 19 foizdan 16 foizga pasaygani, 6,5 mingdan ziyod mahallada muammoli qarzdorlik qolmagani ta’kidlandi. Lekin, haligacha qariyb 3 trillion so‘mlik kreditlar qaytmagan.

Banklar kesimida eng ko‘p muammoli kreditlar Xalq banki, «Mikrokreditbank» va «Agrobank» hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ishlar ahvoli qoniqarsiz.

Bundan tashqari, hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 2,5 mingta holatda 68 milliard so‘m kreditlar maqsadsiz sarflangani aniqlangan.

Shu munosabat bilan:

— Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari Markaziy bank rahbarlarini, Xalq bankining Namangan va Surxondaryo, «Agrobank»ning Andijon va Farg‘ona hamda «Mikrokreditbank»ning Toshkent viloyatlari rahbarlarini lavozimidan ozod etish;

— muddati o‘tgan qarzdorlik yuqori 15 ta tuman va shahar banklari rahbarlarini to‘liq yangilash masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

Mavzuga oid