Toshkent viloyatida yana ikki tuman hokimi ishdan bo‘shadi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Bekobod va Zangiota tumanlari hokimlarini o‘z arizalariga binoan ishdan bo‘shatdi. Prezident videoselektorida ushbu tumanlarda sanoat ishlab chiqarish hajmi pasayib ketgani tanqid qilingandi.
Toshkent viloyatidagi ikki tuman hokimi iste’foga chiqish uchun ariza yozgan. Bu viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning 3 avgustda E-Qaror portalida qabul qilingan qarorlaridan ma’lum bo‘ladi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2 avgust kuni Zangiota tumani hokimi Abdivahob Tamiqayev va Bekobod tumani hokimi Furqat Xudoyberdiyev o‘z lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida ariza yozgan. Viloyat hokimi ularni egallab turgan lavozimidan ozod etib, bu haqdagi qarorlarni xalq deputatlari tuman kengashlariga yuborgan.
Abdivahob Ulashbayevich Tamiqayev 6 yildan buyon Zangiota tumaniga rahbarlik qilib kelayotgandi – muqaddam «Agrobank» boshqaruv raisi bo‘lib ishlagan Tamiqayev 2017 yil iyulida ushbu tumanga rahbar etib tayinlangandi.
Furqat Xudoyberdiyev esa 2020 yil fevralidan buyon Bekobod tumani hokim edi. Ungacha Toshkent viloyati hokimligi Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan.
2 avgust kuni Toshkent viloyatiga safar doirasida o‘tkazilgan videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati hokimining kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Muzaffar Fayziyev, Qibray tumani hokimi Miragzam Qosimov va Yangiyo‘l tumani hokimi Ulug‘bek Yalgashevni ishdan olgandi.
Yig‘ilishda Yangiyo‘l tumani, Bekobod va Chirchiq shaharlarida to‘qimachilik mahsulotlari, Zangiota va Yuqori Chirchiqda elektrotexnika mahsulotlari, Olmaliq shahrida qurilish materiallari eksporti o‘tgan yilga nisbatan kamaygani qayd etilgandi.
Shuningdek, so‘nggi uch yilda sanoat mahsulotlari Bekobod tumanida 3,6 foizga kamaygani, shu davrda Zangiotaning viloyat sanoatidagi ulushi 8,3 foizdan 3,5 foizga kamaygani tanqid ostiga olingandi.
Mavzuga oid
19:57 / 22.11.2024
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ mutaxassisi 1,6 ming dollar bilan ushlandi
21:23 / 21.11.2024
Toshkent viloyatida hojatxona uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan fuqaro qutqarildi
14:12 / 15.11.2024
Dilshod Sultonov shahar hokimligidan ham ketdi
08:14 / 14.11.2024