Tramp yana sudlanmoqda. Bu safar barchasi ancha jiddiymi?
Ayblov xulosasida sobiq prezident boshchiligidagi fitnachilar qanday qilib saylov natijalarini o‘zgartirishga uringani bayon etilgan.
Hukumatga «yopishib olish» bo‘yicha ayblov
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp ustidan sud jarayoni boshlanmoqda. 3 avgust kuni Vashington sudida sobiq prezidentga nisbatan 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini bekor qilishga urinishda rasman ayblov o‘qib eshittirildi. Tramp aybni tan olmadi.
Prokurorlar Tramp sudgacha hibsga olinishini talab qilmayotganini bildirdi. Ammo sobiq prezidentga ish bo‘yicha faktlarni ochiqlamasligi kerakligi va guvohlik berish uchun Kolumbiya okrugi federal sudiga kelishi kerakligi bildirilgan.
Navbatdagi eshituv 28 avgustga belgilangan. O‘sha kuni sud jarayoni boshlanish sanasi ma’lum bo‘ladi.
Tramp bu gal saylovda yutqazganidan keyin davlat boshqaruvini saqlab qolishga intilgani uchun sudlanadi.
Ishni o‘rganayotgan maxsus prokuror Jyek Smit Trampni to‘g‘ridan to‘g‘ri Kapitoliyga bosqin uyushtirishda ayblayotgan bo‘lmasa-da, o‘z tarafdorlari yordamida qanday qilib Jo Baydendan saylovdagi g‘alabani olib qo‘yishga uringanini tushuntirib bergan.
Tramp va tarafdorlarini nimada ayblashdi? Isyonchilarning rejasi qanaqa edi?
Trampga qarshi navbatdagi ayblov Katta federal jyurilar kengashida tasdiqlaganidan keyin e’lon qilindi. Prokuror Smit xulosaga to‘rtta band bo‘yicha ayblovni kiritishga muvaffaq bo‘lgan:
- davlatga qarshi fitna;
- rasmiy jarayonga xalaqit berish maqsadidagi fitna;
- rasmiy jarayonga xalaqit berishga urinish;
- «huquqqa qarshi» fitna.
Birinchi band bo‘yicha Tramp 5 yilga, keyingi ikkita ayblov bo‘yicha esa 20 yilgacha qamalishi mumkin. «Huquqqa qarshi» isyon aybi isbotlansa, Tramp butun umrga qamaladi. Sobiq prezident insonlarda saylovga ishonchsizlik uyg‘otish, jamiyatda keskin vaziyat yuzaga keltirish, yolg‘on va isbotlanmagan ma’lumotlar tarqatishda ayblanmoqda.
Prokuror Smit ayblov xulosasida Tramp va ismi aytilmagan olti sherigining xatti-harakatlarini besh qismga ajratgan.
1) Saylov tugashi bilan prezident va tarafdorlari go‘yoki soxtalashtirish sabab «tebranuvchi» (saylov natijalari o‘zgarib turadigan) shtatlarni saylov natijalarini bekor qilishga chaqirgan.
Prokuror Trampning saylovdagi soxtalashtirish haqida aytgan asossiz gaplarini sanagan, shuningdek, Tramp gapirayotgan gaplari yolg‘on ekanini bilib turganini aytgan. Smitga ko‘ra, vitse-prezident, Adliya vazirligi rahbarlari, shtab xodimlari, advokatlar va maxsus xizmat rahbariyati Trampga saylovlarda soxtalashtirish bo‘lmaganini bildirgandi.
Ayblov Tramp yozgan tvitlar, telefon qo‘ng‘iroqlari, prezident va sheriklarining uchrashuvlarini tahlil qilgan holda beshta shtat – Arizona, Jorjiya, Michigan, Pensilvaniya va Viskonsin haqida alohida yozgan.
Masalan, prokuror Smit Tramp Michigandagi saylov natijalarini o‘zgartirishga uringani haqida mana bunday yozgan:
- saylovdan ikki kun o‘tib, 5 noyabr kuni Tramp «Detroytda noma’lum sabablarga ko‘ra natijalar e’lon qilinishi kechikkani, oxirgi bo‘lak tonggi soat to‘rtda olib borilgani» haqida aytgan;
- 20 noyabr kuni Tramp Oq uyda Michigan parlamentining har ikki palatasi rahbari bo‘lgan respublikachilar bilan uchrashib, ularga Detroytda ovozlar qo‘shib yozilganini aytgan. Partiyadoshlari esa Trampga uning shtatdagi mag‘lubiyatiga bu emas, chindan qo‘llov yetishmagani sabab bo‘lganini aytishgan;
- 1 dekabr kuni bosh prokuror bilan uchrashuvda Tramp yana Michiganda ovozlar soxtalashtirilgani haqida gapirgan. Mulozimlar esa bunday bo‘lmaganini ta’kidlashgan;
- keyingi kuni Tramp Michiganda ovozlar soxtalashtirilgani haqida e’lon qiladi. «149 772 ta ovoz qo‘shib qo‘yilgan. Mening Detroytda do‘stlarim ko‘p va ular buni biladi. Detroyt yoppasiga korrupsiyalashgan», degan Tramp;
- 4 dekabr kuni «1-sherik» Michigan parlamenti quyi palatasi spikeriga sms yuborib, ovozlar qo‘shib yozilgani haqidagi gaplarni takrorlab, saylov natijalarini bekor qildirishga urinadi. 7 dekabr kuni «1-sherik» shtat senati rahbariga ham yozgan;
- 14 dekabr kuni Michigan parlamenti har ikki palatasi rahbari shtatda ovozlar soxtalashtirilmagani bo‘yicha pozitsiyasini takrorlaydi;
- 6 yanvar kuni Tramp Detroyt haqida yolg‘onni ommaviy chiqishida yana takrorlaydi.
2) Yettita shtatda isyonchilar Bayden o‘rniga Trampga ovoz bergan bo‘lishini aytgan soxta saylovchilar bo‘lganini tasdiqlagan.
2020 yil dekabr oyida prezident va sheriklari Kongressga Trampga ovoz berilgan byulletenlarni olib borishi kerak bo‘lgan guruhlar tuza boshlaydi. Prezident o‘z rejasi haqida respublikachilar partiyasi apparat boshlig‘ini ham ogohlantiradi. Prokuror ayblov xulosasida isyonchilar o‘z rejasini muhokama qilgan elektron pochta yozishmalari, telefon qo‘ng‘iroqlari va xatlarni sanab o‘tgan. Ularning o‘zi ham g‘oyani «ahmoqona» deb atagan. Ular Arizonadagi mulozimlar bu davlat to‘ntarishi ekani haqida aytganini muhokama qilgan.
O‘z navbatida, respublikachilar yettita shtatda muqobil saylovchilar guruhini tuzadi. Ammo ularning aksari qonun-qoidalarga rioya qilmaydi: masalan, Michiganda saylovchilar kelishilgan kunda shtat Kapitoliysida yig‘ilishi kerak edi. Soxta saylovchilar esa mahalliy respublikachilar ofisi yerto‘lasida o‘tirishadi. Ular senatga yuborilgan hujjatlarda boshqa shtatlardagi soxta saylovchilar kabi barcha talablar bajarilganini aytishadi.
3) Isyonchilar soxtalashtirish haqida iddaolar ustidan rasmiy tekshiruv boshlanishi talabi bilan Adliya vazirligiga bosim o‘tkazishadi.
Prokuror Smit xulosada Trampning «4-sherik» bilan dekabrda o‘tkazgan uchrashuvini ham kiritadi. Bu uchrashuv maxfiy o‘tgan, mulozim buni rahbariyatidan sir tutgan. Ichki tartibga ko‘ra bu mumkin emas. Adliya vazirligida siyosiy ta’sirning oldini olish maqsadida amal qiladigan jiddiy protokollar mavjud.
Bu uchrashuvdan keyin «4-sherik» vazirlik rahbariyatini, hatto bosh prokurorni saylovda soxtalashtirish bo‘lgani, soxta saylovchilar legitimligi haqida rasmiy xat imzolashga unday boshlaydi. Trampning o‘zi ham telefon suhbatlari davomida bir necha marta mulozimlardan yordam berishni so‘ragan, aks holda ularni bo‘shatib o‘z sherigini qo‘yishiga ham ishora qilgan.
4) Tramp vitse-prezidentdan obro‘sidan foydalanib saylov natijalarini o‘zgartirishda yordam berishni so‘raydi.
Respublikachi vitse-prezident Mayk Pens 2021 yil 6 yanvardagi Kongress qo‘shma sessiyasida saylov natijalarini tasdiqlashi kerak edi. Isyonchilar esa Pens soxta saylovchilar byulletenlari legitimligini tan olishiga umid qilishadi.
Tramp dekabr oyi o‘rtalaridayoq Pensga bosim o‘tkazishni boshlab, o‘zaro uchrashuvlarda unga ovozlarni soxtalashtirishgani haqida gapirib bergan va shu tariqa «tebranuvchi» shtatlardagi Baydenga berilgan ovozlarni tasdiqlamaslikni so‘ragan. Prezident hatto Adliya vazirligidagilar uning qoidabuzarlik haqida aytganlariga qo‘shilishini aytib yolg‘on gapiradi. 1 yanvar kuni Tramp Pensga qo‘ng‘iroq qilib saylov natijalariga aralashishdan bosh tortgani uchun koyigan. Smit bu yerda katta ehtimol Pensning o‘zi aytgan gaplariga ishora qilgan. Sobiq vitse-prezidentning eslashicha, Tramp uni «keragidan ortiq to‘g‘ri odam» deb atagan.
Pens isyonchilar rejasiga qo‘shilmagach, Tramp unga ommaviy tarzda bosim qila boshlaydi. U tvitlari orqali Pensni «yaxshilab o‘ylab olish»ga chaqiradi. Hatto Pens uning haqligini tan olganini iddao qiladi. Trampning tarafdorlari Oq uy oldida yig‘ilganida prezident ularga qarata shunday deydi: «Mayk to‘g‘ri tanlov qilishiga umid bildiraman».
5) Prezident va boshqa isyonchilar Kapitoliyga bosqindan foydalanib kongressmenlarni o‘z rejalarini qo‘llashga chaqiradi.
Prokuror Smit Trampni to‘o‘g‘ridan to‘g‘ri Kapitoliyga hujumda ayblamaydi, ammo sobiq prezident bunga sharoit yaratib bergani, keyinchalik yuzaga kelgan xaosdan foydalanib qolmoqchi bo‘lganini aytadi. Prokurorga ko‘ra, Trampning maslahatchilari uni tarafdorlarini tinchlantirishga chaqirgan. Ammo Tramp odamlar aynan «saylov natijalari soxtalashtirilgani»dan norozi ekanini ta’kidlagan.
Trampni yolg‘iz qoldirishgach, u tvitterdagi sahifasida «Pensda qat’iyat yetishmadi» deb yozdi. Bir daqiqa o‘tib esa vitse-prezidentni Kapitoliydan evakuatsiya qilishadi. Chunki olomon uni osishni talab qilayotgandi.
Kongress yig‘ilishi to‘xtatib qo‘yiladi. Bu vaqtda Tramp va «1-sherik» Vakillar palatasi a’zolari va senatorlarga qo‘ng‘iroq qilib, jarayonni sekinlashtirishni so‘raydi. Shunday bo‘lsa-da, 7 yanvar kuni soat 03:41 da saylov natijalari rasman tasdiqlanadi.
Iyul oyi holatiga ko‘ra 1100 kishi Kapitoliyga bosqinda ayblangan. Tartibsizliklar vaqtida isyonchilardan biri o‘qqa uchib halok bo‘lgan, yana 4 kishi turli sabablar bilan vafot etgan.
Tramp o‘z ustidan ochilgan ishni sovet ittifoqidagi dissidentlarga qarshi ishga o‘xshatdi. Uning fikricha, bu narsalar qayta saylanishiga xalaqit bera olmaydi. Trampning advokatlari bu jarayonni so‘z erkinligiga hujum deb atagan.
Sud ishi Trampning saylov kampaniyasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Tramp hozirda respublikachilar partiyasining yagona nomzodi bo‘lish uchun asosiy da’vogar. 11 nafar respublikachi qatnashayotgan so‘rovlarda Tramp 50 foizdan ko‘p ovoz olib kelmoqda. Uning yagona kuchli raqibi Florida gubernatori Ron Desantis. Ammo bu gubernatorning reytingi oydan oyga tushib bormoqda. Uning saylov kampaniyasida budjet yaxshi emas, Desantisning o‘zi ham ommaviy chiqishlarida notabiiy ko‘rinmoqda.
Tramp ustidan ochilgan sud ishlari hozircha uning reytingiga qandaydir ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Aprel oyidagi sud ishidan keyin Trampning respublikachi vakillari uni himoya qilishga majbur bo‘lishdi ham. Maxfiy hujjatlarni o‘z uyida saqlagani bo‘yicha ish esa reytingga deyarli ta’sir qilmadi.
Ammo hozir holat boshqacha. Nyu-York sudida ko‘rilgan ishda Trampga ayblovni 50 foiz odam jiddiy qabul qilgan bo‘lsa, saylov natijalarini o‘zgartirishga urinish bo‘yicha ayblovni 71 foiz respondent jiddiy deb hisoblagan. Tramp davrida vitse-prezident bo‘lgan Mayk Pensning o‘zi ham saylovda ishtirok etmoqchi. Pens «o‘zini konstitutsiyadan baland qo‘ygan odam prezident bo‘lmasligi kerak» dedi Trampni nazarda tutib. Bu bayonot jiddiy qabul qilinmoqda.
Har qancha g‘alati eshitilmasin, Tramp uchun saylov kampaniyasini olib borishda pul yetishmovchiligi ham muammo bo‘lishi mumkin. Yil boshida saylov kampaniyasi uchun to‘lov qiladigan tashkilot hisobida 18 million dollar bo‘lgan. Advokatlarga to‘lov qilinganidan keyin esa o‘sha puldan 4 million dollar qolgan. Yetmaganiga Tramp saylov kampaniyasi uchun tushgan pullarning 10 foizini huquqiy xizmatlarga sarflashga majbur bo‘lmoqda.
Trampga qarshi yangi ayblovdan keyin uning shtabi o‘quvchilariga so‘rov yubordi. Oldingi ishlardan keyin Trampning fondiga bir necha million dollar pul tushgandi.
Ustidan ochilgan bir nechta sud esa Tramp uchun yangi muammolar keltirib chiqaradi. Avgust oyida Jorjiyada unga qarshi yangi ish ochiladi. Nyu-Yorkda ochilgan sud ishi 2024 yil 25 martda ko‘rilishi belgilangan. Bu vaqtda ayni praymeriz qizigan bo‘ladi. Yashirilgan maxfiy hujjatlar bo‘yicha sud ishi Floridada 2024 yil 20 mayga belgilangan. Bu vaqtda katta ehtimol oraliq saylovlar o‘tib bo‘lgan, lekin Trampning nomzodi partiya s’yezdida tasdiqlanmagan bo‘ladi.
Ammo Trampga qarshi ayblovlarning birortasi isbotlanib, u qamalsa ham, bu uni saylanish huquqidan mahrum qila olmaydi. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, qamoqxonadagi odam ham prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkin.
Sara Smit, BBC muxbiri
AQSh Adliya vazirligi maxsus prokurori Jyeyk Smitning aytishicha, 2021 yil 6 yanvardagi Kapitoliyga hujum yolg‘on orqali «alanga oldirilgan». Prokuror matbuot anjumanida 45-prezident Donald Tramp tilidan chiqqan yolg‘onlar haqida gapirdi.
AQSh sobiq prezidentiga qarshi bu galgi 45 sahifadan iborat ayblov xulosasida uning noxolis odam ekani, juda ko‘p yolg‘on gapirgani aytilgan. Xulosada aytilishicha, Tramp aytayotganlari yolg‘on ekanini bilgan holda gapirgan. Shuningdek, saylov kampaniyasi davomida ko‘p marta firibgarlik qilgan.
Xo‘sh, Trampga ayblov e’lon qilinadimi? Ish sudgacha borgan ekan bu savol tabiiyki o‘rtaga chiqadi. Ammo hozircha Trampning aybi isbotlanib, unga qarshi hukm chiqarilishi aniq emas. Ba’zi huquqshunoslar prokuror keltirgan faktlar yetarli emas deb hisoblamoqda. Ammo mening fikrimcha, bu Trampga qo‘yilgan eng jiddiy ayblov va uning oqibati sobiq prezident uchun yetarlicha salbiy bo‘lishi mumkin.
Eng ahamiyatlisi, bu ayblovlar Tramp hali prezident bo‘lgan vaqtidagi faoliyati bilan bog‘liq. Masalan, mart oyida unga qarshi ilgari surilgan ayblovga ko‘ra, Tramp saylov oldidan pornoaktrissa Stormi Deniyelsga jim yurishi uchun pul bergan. Ammo bu ayblov Tramp prezidentlikka kelguniga qadar bo‘lgan muddat bilan bog‘liq. Tramp Mar-a-Lagodagi qarorgohida maxfiy hujjatlarni yashirgani bilan bog‘liq ayblov esa uning prezidentlikdan ketgan vaqtiga to‘g‘ri keladi.
Bu galgi ayblov esa juda jiddiy, chunki u Trampning bevosita prezidentlik vaqtidagi faoliyati bilan bog‘liq. Tramp 2020 yildagi saylov natijasini bekor qilishga urinishda ayblanmoqda. Ayblov xulosasida Tramp prezidentlik davrida amerikaliklarni doimiy aldab kelgani ham aytilgan.
Bu galgi ayblov xulosasida Trampga qarshi ilgari surilgan avvalgi ishlarda ko‘rinmagan bandlar ham mavjud. 2021 yil yanvardagi Kapitoliyga bosqinni hamma ko‘rgandi. Maxsus prokuror Smit bu bosqinda to‘g‘ridan to‘g‘ri Trampni ayblashini aytmagan bo‘lsa-da, uning chiqishlari va bosqinchilarning harakatlarida bog‘liqlik ko‘rayotganini yashirmadi.
Ba’zi huquqshunoslar Trampga nisbatan ilgari surilayotgan bu galgi ayblov juda jiddiy ekanini yana bir sabab bilan izohlashgan. Ularning fikricha, saylovda yengilgan Trampning harakatlari AQSh davlatchiligi asosi bo‘lgan g‘oyalarga tahdid sifatida qaralishi mumkin.
«Saylovchilar tomonidan «iste’foga chiqarilgan» hech bir AQSh prezidenti shakllangan kampaniya va yolg‘on orqali odamlarni qo‘rqitish bilan hukumatda qolishga intilishda ayblanmagan. Buning oqibatida esa Kongress hollga hujum sodir bo‘ldi.
Jim yurish uchun pul berish va maxfiy hujjatlarni yashirish, albatta jiddiy narsalar, ammo to‘rt oy ichida Trampga qarshi qo‘zg‘atilgan mana bu uchinchi ish eng jiddiysi va u Amerika demokratiyasining kelajagini belgilab beradi», deb yozadi siyosiy tahlilchi Piter Beyker New York Times'dagi maqolasida.
Maxsus prokuror Smit ham ayblov xulosasida shunga o‘xshash gap yozgan: «Tramp jamiyatda chuqur ishonchsizlik uyg‘otdi, odamlarning saylovlarga ishonchini so‘ndirishga harakat qildi».
Saylovchilar nima deyapti?
Ammo bu narsalar saylovchilar uchun qanchalik ahamiyatli bo‘ladi? Men saylovlarda Tramp chindan ko‘p ovoz olgani, Bayden faqat firibgarlik sabab g‘olib bo‘lganiga ishonadigan ko‘plab amerikaliklar bilan gaplashdim. Tramp tarafdorlari «yopishib oladigan» asosiy dogma mana shu. Ammo bu odamlarga Tramp saylovlarda nohaqlik bo‘lgani haqida hech qanday faktga asoslanmay gapirgani tushuntirib berilsa, nima bo‘ladi? Uning eng yaqin odamlari yutqazganini aytib turishganini bilsa, bu saylovchilar nima qiladi? Prokuror sudda ilgari suradigan ayblovlardan keyin ham ularning Trampga ishonchi saqlanib qoladimi?
Prokuror Smit sud jarayonini tezroq o‘tkazishga harakat qilmoqda. Bu sud aynan keyingi prezidentlik saylovlari vaqtida o‘tishi mumkinligini bildiradi. Tramp esa ayni damda respublikachilar orasida prezidentlikka asosiy nomzod bo‘lish uchun katta imkoniyatga ega. Bir so‘z bilan aytganda amerikalik saylovchilar (faqat Tramp tarafdorlari emas, ikkilanayotgan respublikachilar, partiyasizlar, kimga ovoz berishni bilmay turganlar) Trampning «firibgarligi, yolg‘onchiligi, noxolis ekani» haqida trampchilar uni Oq uy rahbarligiga qaytarish kerakligi haqida gapirib yurgan vaqtida eshitishadi.
Tramp haqida yozayotganda «misli ko‘rilmagan» degan so‘zni ishlatish jurnalistlar uchun odatga aylanib bo‘ldi. Axir o‘tgan saylov natijalarini bekor qilishga urinishda ayblanayotgan nomzod bu borada sud ishi ketayotgan bir vaqtda navbatdagi prezidentlik saylovida qatnashayotganini yana qanday so‘z bilan ta’riflash mumkin, deb so‘zini yakunlagan BBC muxbiri Sara Smit.
Mavzuga oid
10:37 / 23.11.2024
Sud Trampning Stormi Denielsga to‘lovlari bo‘yicha ish yuzasidan qarorni kechiktirdi
09:56 / 23.11.2024
Tramp Soros fondi sobiq menejerini moliya vaziri etib tanladi
17:48 / 22.11.2024
Tramp Pem Bondini bosh prokuror lavozimiga yangi nomzod sifatida ko‘rsatdi
21:00 / 21.11.2024