O‘zbekiston | 17:04 / 07.08.2023
19749
3 daqiqa o‘qiladi

Bekobod tumaniga yangi hokim tayinlandi

Yig‘ilishda tumandagi og‘riqli muammolar sanab o‘tildi.

Bugun, 7 avgust kuni Xalq deputatlari Bekobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rildi. Kun tartibidagi masala yuzasidan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev nutq so‘zladi.

Zoyir Mirzayev. Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Viloyat hokimi Bekobod tumanini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalariga to‘xtaldi.

Xususan, tumandagi eng og‘riqli muammo bu – toza ichimlik suvi bilan bog‘liq ekani ta’kidlandi. Joriy yili tuman aholisini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlarga qariyb 3 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Qamrov qisqa fursatlarda 37 foizdan 75 foizga o‘zgarishi kutilmoqda.

«Bekobodda 10 mingdan ziyod yigit-qiz chet elda, mehnat migranti. Ularni qaytarish, ish taklif qilish, prezidentning 373-sonli qarori bo‘yicha yer berish paysalga solinmoqda. Bu boradagi ishlarni qat’iy nazorat qilish zarur. Bugun 85 gektar auksionga qo‘yilgan. Lekin sotilmayapti. Sababi, suvsiz, qarovsiz yer sotuvga qo‘yilgan», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Tuman hokimi o‘tgan olti oyda atigi 6 marta sayyor qabul o‘tkazgani, unda 47 nafar fuqaro bilan gaplashgani, natijada, viloyat, respublika idora va tashkilotlariga tuman aholisidan yuborilgan murojaatlar ikki karra ortgani tanqid qilingan. Tumanda kadrlar qo‘nimsizligi ham muammoga aylangan.

Tumanda yangi ish o‘rinlarini yaratish, investitsiya masalariga yetarlicha e’tibor qaratmagani uchun Bekobod tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Furqat Xudoyberdiyev lavozimidan ozod qilingani ma’lum qilindi. Zoyir Mirzayev tomonidan tuman hokimi lavozimiga Shuhrat Shahobutdinovich Mirzayev nomzodi tavsiya qilindi va nomzod deputatlar tomonidan ma’qullanib, u tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuhrat Mirzayev. Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Shuhrat Mirzayev 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy.

2004 yil Toshkent moliya instituti, 2007 yil G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasining Toshkent shahridagi filiali, 2009 yil prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyalarini tamomlagan.

Lavozimga tayinlangunga qadar «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat banki Buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.

  • Furqat Xudoyberdiyev Bekobod tumaniga 2020 yil fevralidan buyon hokimlik qilib kelgandi. U 2 avgust kuni prezidentning Toshkent viloyatiga tashrifi vaqtida bo‘lib o‘tgan videoselektor vaqtida tanqidga uchragan, ko‘p o‘tmay ishdan bo‘shash bo‘yicha ariza yozgandi.

Mavzuga oid