Jahon | 08:14 / 14.08.2023
8595
2 daqiqa o‘qiladi

Havayidagi o‘rmon yong‘inlari qurbonlari soni 90 kishidan oshdi

AQShning Havayi shtati Maui orolidagi Laxayna shahrini vayron qilgan yong‘in AQSh tarixida so‘nggi yuz yildagi eng halokatli yong‘in sifatida baholanyapti.

Foto: Reuters

AQShning Havayi shtatidagi Maui orolida sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari qurbonlari soni 93 kishiga yetdi. Bu haqda 13 avgust, yakshanba kuni davlat organlariga tayanib, jahon axborot agentliklari xabar berdi.

Ayni paytda, gubernator Josh Grin, yong‘in natijasida vayron bo‘lgan tarixiy Laxayna shahri xarobalarini o‘rganish hali yakunlanmaganligi sababli qurbonlar soniga hali aniqlik kiritilishini taxmin qilmoqda. Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida shahardagi 2200 ta bino vayron bo‘lgan yoki zarar ko‘rgan, ularning 86 foizi turar joy binolari, 850 gektar yer yonib ketgan. Favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha federal agentlik (FEMA) Laxaynani tiklash 5,5 milliard dollarga tushishini taxmin qilmoqda.

Yong‘in haqida aholini o‘z vaqtida ogohlantirish tizimini tekshirish 

Shu bilan birga, Josh Grin va Havayi bosh prokurori Anne Lopes aholi yong‘in xavfi haqida o‘z vaqtida ogohlantirilganmi yoki yo‘qligini tekshirishini e’lon qildi. Yong‘in holatida trevoga signalini beruvchi maxsus sirenalar ishlamagan, deb eslatadi Reuters. Uyali aloqa tarmog‘idagi nosozliklar va elektr energiyasidagi uzilishlar esa odamlarni xavf haqida boshqa yo‘l bilan ogohlantirishga imkon bermagan.

Ayni paytda, AQSh rasmiylari Maui orolidagi o‘rmon yong‘inining halokatli oqibatlari bir qator omillar bilan bog‘liq deb hisoblamoqda: bu nafaqat aloqa tizimidagi uzilishlar, balki soatiga 130 km tezlikda esgan bo‘ronli shamollar, shuningdek, Laxaynadan o‘nlab kilometr uzoqlikda joylashgan hududda kelib chiqqan o‘rmon yong‘inlari tufayli ham yuz bergan  bo‘lishi mumkin. 

AP ta’kidlashicha, Havayidagi yong‘in allaqachon Qo‘shma Shtatlarda so‘nggi yuz yildagi eng halokatli o‘rmon yong‘iniga aylandi. 

Mavzuga oid