Jahon | 10:33 / 21.08.2023
14891
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Ramzon Qodirovning tanqidchisi ushlandi

Mansur Movlayev aeroportda qo‘lga olingan, u nimada ayblanayotgani ma’lum emas.

Foto: AKIpress

«Manas» xalqaro aeroportida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari chechenistonlik faol Mansur Movlayevni qo‘lga oldi.

Mansur Movlayev vaqtinchalik tergov izolyatoriga joylashtirilgan, u nimada ayblanayotgani ma’lum emas.

«Bir dunyo Qirg‘izston» inson huquqlari harakati rahbari To‘lekan Ismoilova so‘zlariga ko‘ra, u Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning keskin tanqidchilaridan biri bo‘lgan.

«U Chechenistondagi inson huquqlari buzilishi va siyosiy repressiyalarga qarshi chiqdi. Faol o‘z bayonotlari va nashrlarida so‘z erkinligi poymol etilishi, huquq-tartibot idoralarining o‘zboshimchaliklari va mintaqadagi boshqa muammolarni ko‘tardi. Rossiyada u qiynoqqa solingan», dedi huquq himoyachisi.

Movlayev 2020 yilda 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Rossiya muxolifati vakillari bu ish uydirma ekanini ta’kidlamoqda.

2022 yilda u shartli ravishda ozod qilindi, ammo Chechenistonning Shali tumani politsiyasi xodimlari tomonidan yana hibsga olindi. So‘ngra, Rossiyadan qochishga muvaffaq bo‘ldi va federal qidiruvga berilgan edi.

Mansur Movlayev 2022 yildan beri Qirg‘izistonda yashab kelayotgandi.

Mavzuga oid