O‘zbekiston | 09:56 / 29.08.2023
7210
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada qonuniy vakillari bo‘lmagan 10 yoshli qiz O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulligi ko‘magida Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugi hududida qonuniy vakillari bo‘lmagan 10 yoshli qiz vatanga qaytarildi.

Foto: Dunyo AA

«Dunyo» xabariga ko‘ra, joriy yil 20 iyul kuni Bosh konsulxonaga Samarqand viloyatida tug‘ilgan fuqaro B.M. murojaat qilib, 2013 yil 17 mayda Xabarovsk shahrida tug‘ilgan qizi J.M.ni O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘ragan.

Diplomatlar tomonidan tegishli tashkilotlar bilan olib borilgan o‘rganishlar chog‘ida ma’lum bo‘lishicha, B.M. bir necha yil davomida Rossiyaning Xabarovsk shahrida vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Ushbu davrda u Rossiya fuqarosi Ya.G. bilan tanishib turmush qurgan. Ushbu turmushdan qizi J.M. dunyoga kelgan. Qizning onasi Ya.G. esa 2021 yilning 27 iyun kuni uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etgan. 

2023 yilning iyun oyida B.M. Rossiya hududida migratsiya qonunchiligiga zid ravishda bo‘lib turgani sababli, u sud qarori asosida O‘zbekistonga majburiy tarzda chiqarib yuborilgan. 10 yoshli J.M. esa Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan Xabarovsk o‘lkasi «Tsentr sotsialnoy pomoshchi seme i detyam» nomli maxsus markazga joylashtirilgan.

Bosh konsulxona xodimlarining maxsus markaz rahbariyati bilan o‘tkazgan muzokaralari natijasida 10 yoshli qizni O‘zbekistonga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shundan so‘ng, J.M.ga Bosh konsulxona tomonidan tegishli tartibda «vatanga qaytish» guvohnomasi rasmiylashtirildi.

Natijada O‘zbekiston fuqarosi 27 avgust kuni Xabarovsk-Novosibirsk-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha havo qatnovida O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.  Ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetmagan qiz sog‘-salomat otasi bag‘riga qaytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid