Jahon | 08:19 / 30.08.2023
12273
4 daqiqa o‘qiladi

Pskovdagi harbiy-fuqarolik aeroporti dronlar hujumiga uchradi

Pskov aeroportiga dronlar hujumi natijasida to‘rtta Il-76 harbiy samolyotiga zarar yetgan, deb xabar beryapti TASS. Havo bandargohida 30 avgust kuni barcha reyslar bekor qilindi.

Foto: Videodan kadr

Pskov xalqaro aeroporti 30 avgust, chorshanbaga o‘tar kechasi uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) tomonidan hujumga uchradi. Bu haqda mahalliy OAV guvohlarning havo bandargohi hududidagi yong‘in, shuningdek, otishma va portlashlar aks etgan videolarga tayanib xabar berdi. Keyinroq hujum haqidagi ma’lumotni Pskov viloyati gubernatori Mixail Vedernikov ham tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 avgust kuni Pskov aeroportidagi barcha reyslar «uchish-qo‘nish yo‘lagiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning mohiyati aniqlanmaguncha» bekor qilinadi. «Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jiddiy narsa yo‘q, ammo buni tunda tekshirish qiyin», dedi Vedernikov.

Aeroport qo‘shma aerodrom bo‘lib, unda harbiy va fuqarolik samolyotlari joylashgan. TASS mahalliy favqulodda xizmatlarga tayanib xabar berishicha, hujum natijasida kamida to‘rtta Il-76 harbiy-transport samolyoti shikastlangan. Agentlikning ta’kidlashicha, Pskov va mintaqa ustidagi havo hududi parvozlar uchun vaqtincha cheklangan.

Rossiya Mudofaa vazirligi boshqa hududlarda dronlar yo‘q qilingani haqida xabar berdi

Rossiya Mudofaa vazirligi xabar e’lon qilingan paytda voqeaga izoh bermadi. Buning o‘rniga, Pskovdagi voqeadan so‘ng, idoraning Telegram-kanali Bryansk, Oryol va Kaluga viloyatlari ustidan «to‘xtatilgan» UUA hujumlari, shuningdek, Qora dengizda to‘rtta qayiqning «yo‘q qilingani» haqida xabar berdi. Pskov aeroporti Ukraina chegarasidan 700 km uzoqlikda joylashgan.

64044-sonli harbiy qism yaqinidagi aeroportga hujum uyushtirilgani haqidagi xabarlardan ko‘p o‘tmay, viloyat markazida yong‘in sodir bo‘ldi, deb yozadi ASTRA internet nashri. Unga ko‘ra, bu qism Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishida qatnashgan RF Qurolli kuchlari Bosh shtabi Promejitsidagi Bosh boshqarmasining 2-maxsus bo‘linmalari brigadasi hududiga tegishli. Bundan tashqari, Pskovda «Edelveys» rejasi joriy etilgan bo‘lib, u Ichki ishlar vazirligi xodimlarini yig‘ishni nazarda tutadi, deya xabar beradi nashr. 

Rossiyadagi obektlarga dronlar hujumi 

Yoz boshidan beri Rossiya hududidagi obektlarga dronlar hujumlari tez-tez sodir bo‘lyapti. Shu tariqa, may oyida Moskvaga ikkita shunday hujum uyushtirildi, iyul va avgust oylarida esa dronlar bir oy ichida besh martadan ortiq poytaxt obektlariga zarba berishga harakat qildi. Alohida holatlarda «Moskva-siti» biznes markazining bitta binosi uchuvchisiz uchoq hujumlari nishoniga aylandi.

Kiyev hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmayapti 

Rossiya rasmiylari bir necha bor bunday hodisalarni Ukraina tomonidan «terrorchilik hujumlariga urinish» deb atagan. Shu bilan birga, Kiyev UUA hujumlarining birortasiga aloqadorligini tasdiqlamadi, Ukraina prezidenti devonining maslahatchisi Mixaylo Podolyak hatto hujumlar Rossiyada ishlab chiqarilgan dronlar yordamida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid