O‘zbekiston | 22:01 / 31.08.2023
43500
2 daqiqa o‘qiladi

«Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» - prezident

O‘zbekistonning har bir farzandi xalq birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayoti ma’nosi deb bilishi kerakligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev mustaqilikning o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ayollar huquqini ta’minlash mavzusiga ham to‘xtaldi.

«Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, «xotin-qizlar – bu millat onalaridir». Ular millatning yangi nasli – farzandlarini tarbiyalash uchun o‘zlari ham yuksak bilimli bo‘lishlari zarur.

Shunday ekan, oldimizda turgan yana bir muhim vazifa – jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratishdir. Hurmatli xotin-qizlarimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini, kasb sohasi bo‘yicha o‘sishini ta’minlash borasida o‘tgan davrda ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Shu bilan birga, bu yo‘nalishda qiladigan ishlarimiz ham oz emas.

Ma’lumki, muhtarama ayollarimiz zimmasida xizmat sohasidagi vazifasidan tashqari, farzandlar tarbiyasi, oilada sog‘lom muhitni mustahkamlash, axloqiy-ma’naviy an’analarni davom ettirishdek murakkab vazifalar ham bor. Shunday ekan, mehribon opa-singillarimizni har qancha qo‘llab-quvvatlasak, arziydi.

Mana, bu yil oiladagi zo‘ravonlikka qarshi qonunni qabul qildik. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning baxti va himoyasini ta’minlashdir. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz.

O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak!

Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid