Jahon | 08:43 / 04.09.2023
6157
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada VPN-yo‘riqnomaga ega saytlar bloklanishi mumkin

Raqamli rivojlanish vazirligi Roskomnadzorga bloklashni chetlab o‘tish va VPN’dan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar bo‘lgan resurslarni bloklash huquqini berishni taklif qildi. 

Foto: Yevgeniy Razumnyy/Vedomosti/TASS

Rossiya Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi Roskomnadzorga Rossiyada bloklashni chetlab o‘tish usullari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan veb-saytlarni bloklash vakolatini berishni taklif qildi. Bu haqda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida e’lon qilingan Rossiya hukumati qarori loyihasida aytilgan. Unga 3 sentabr, yakshanba kuni «Kod Durova» Telegram-kanali e’tibor qaratdi. 

O‘zgartirishlarga ko‘ra, «Rossiya hududida kirish cheklangan axborot resurslari va (yoki) axborot-telekommunikatsiya tarmoqlariga kirishni ta’minlash usullari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan resurslarni bloklashga ruxsat berish» taklif qilinmoqda. Ushbu ta’rif VPN-servislari va ular uchun yo‘riqnomalarni o‘z ichiga oladi, ular hujjatda alohida qayd etilmagan. Hozir qonun loyihasi umumxalq muhokamasi bosqichida bo‘lib, u 15 sentabrgacha yakunlanishi kerak. 

Roskomnadzor reyestrining tarixi 

Taqiqlangan saytlar reyestri Rossiyada 2012 yilda ishga tushirilgan. O‘shanda Roskomnadzor, idoraga ko‘ra, bolalar pornografiyasi, o‘z joniga qasd qilish yoki giyohvand moddalar tashviqoti joylashtirilgan sahifalarni sudsiz bloklash huquqini oldi. O‘shandan beri ushbu vosita mustaqil OAV va bloglarni bloklash uchun faol foydalanilmoqda. Roskomnadzor 2021 yilda VPN-servislarini ommaviy bloklashni boshladi. 

Ukraina urushi boshlanganidan keyin Rossiyada bloklash bo‘yicha ishlar kuchaydi. 2022 yilda Roskomnadzor Taqiqlangan ma’lumotlarning yagona reyestriga 384 mingdan ortiq havola va veb-saytlarni kiritdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid