O‘zbekiston | 16:53 / 07.09.2023
34338
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida 8,5 tonna giyohvandlik moddasi to‘xtatildi

Aeroport orqali 8,5 tonna ko‘knori somoni olib o‘tilayotgani aniqlandi. Ular hujjatda qandolat ko‘knorisi deb ko‘rsatilgan 25 tonna urug‘ va somonlar tarkibida bo‘lgan. Bitta holatda shuncha giyohvandlik vositasi aniqlanishi bojxona tizimining 30 yillik tarixida ilk bor qayd etilgan.

Foto: Bojxona

Toshkent xalqaro aeroportida bojxona organlari tomonidan yirik miqdorda giyohvandlik vositasi fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona komleksining “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida havo yo‘llari orqali respublikaga xorijdan olib kelinib, so‘ngra yuk avtotransport vositasi orqali tranzit tarzida olib o‘tilishi rejalashtirilgan 25 tonna og‘irlikdagi 1000 qop qandolat ko‘knorisi urug‘lari oziq-ovqat mahsuloti belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Odatda turli pishiriqlarga qo‘shiladigan yoki yuzasiga sepiladigan qandolat ko‘knorisi garchi o‘xshash bo‘lsa-da, an’anaviy ko‘knori giyohvandlik vositasidan tubdan farq qiladi. Ya’ni ushbu mahsulot ko‘knori oilasiga mansub o‘t o‘simliklarning maxsus tayyorlangan va qayta ishlangan urug‘lari hisoblanadi.

Ammo bojxona ko‘rigi davomida hujjatlarda qandolat ko‘knorisi deb ko‘rsatilgan 25 tonna urug‘ va somonlar tarkibida haqiqiy giyohvandlik vositasi hisoblangan 8,5 tonna ko‘knori somoni borligi aniqlangan. Ko‘knor somoni mamlakat hududida muomalasi taqiqlangan giyohvandlik moddasi hisoblanadi.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid