O‘zbekiston | 19:13 / 08.09.2023
13216
2 daqiqa o‘qiladi

«Zarafshon» milliy bog‘ida noqonuniy dam olish maskanlari qurilgani aniqlandi 

Bog‘ hududidan 39,8 gektar yer maydoni dam olish maskani qurish uchun qonunga zid ravishda ajratib berilgan. 

Foto: Bosh prokuratura

Bosh prokuror o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi Qonun va «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi Samarqand viloyatidagi «Zarafshon» milliy tabiat bog‘ida o‘rganildi. 

O‘rganishda bir qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Xususan, qonunga ko‘ra, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari faqat xususiy buyurtma qo‘riqxonalar hamda tabiiy pitomniklar tashkil etish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berilishi mumkinligi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, milliy tabiat bog‘i mansabdor shaxslari tomonidan 2021-2022 yillarda bog‘ hududidan 39,8 gektar yer maydoni 57 nafar jismoniy shaxs va yuridik shaxslarga ijara bitimi va shartnomalarga asosan dam olish maskani qurish uchun ajratib berilgan. 

Oqibatda, ijarachilar tomonidan 8015 kv.m. yer uchastkasidagi butalar va o‘simlik dunyosi nobud qilinib, noqonuniy ravishda qurilish ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, fuqarolarga 115,6 gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun noqonuniy berib yuborilgan.  

Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid