Jahon | 21:12 / 16.09.2023
25683
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Tojikistonga bahsli yerlar bo‘yicha ultimatum qo‘ydi

Qirg‘iziston elchisi Tojikistonda tushuntirish berish uchun Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.

Foto: kyrgyztoday.org

Agar Tojikiston Qirg‘iziston yerlariga da’vogarlik qilishdan voz kechmasa, Qirg‘iziston ham Tojikistonga nisbatan hududiy da’volar bilan chiqishi mumkin. Bu haqda Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev gapirdi.

«Yaqinda biz yangi hujjatlarni topdik. Ularga ko‘ra, ko‘plab qirg‘iz yerlari Tojikistonga o‘tganini bilamiz. Buni tarixiy-huquqiy hujjatlar bilan isbotlashimiz mumkin. Agar qo‘shni mamlakat o‘z hududiy da’volaridan voz kechmasa, biz ham hududiy da’volar bilan chiqamiz», dedi Tashiyev.

Uning ta’kidlashicha, hududiy da’volar bilan chiqish uchun Bishkek «yetarli kuch va imkoniyatga ega». U gap qaysi hududlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi.

Qirg‘iziston elchisi Erlan Abdildayev ushbu bayonotlar tufayli Dushanbeda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.

Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara qariyb 980 km uzunlikka ega. Davlatlar o‘rtasida 460 km chegara bo‘yicha kelishuv yo‘q. Delimitatsiya bo‘yicha muzokaralar 2002 yildan beri davom etmoqda.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi hududiy mojaroning so‘nggi jiddiy keskinlashuvi, 2022 yil sentabrida yuz berdi. Tomonlar bir-birini o‘qqa tutishda, jumladan, fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilishda, tinch aholi va harbiylardan o‘nlab odamlarni o‘ldirishda ayblagan edi.

Mavzuga oid