Jahon | 09:04 / 23.09.2023
5953
4 daqiqa o‘qiladi

Yerevanda namoyishchilar Pashinyan iste’fosini talab qilmoqda

Politsiya bir kun davomida 100 ga yaqin namoyishchini qo‘lga oldi. Avvalroq arman muxolifati Nikol Pashinyan va uning hukumatini hokimiyatdan chetlatish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtiruvchi milliy qo‘mita tashkil etilishini e’lon qilgan edi.

Foto: Sputnik / Asatur Yesayans

Armaniston poytaxtida 22 sentabr, juma kuni kechqurun Ozarboyjonning Qorabog‘dagi harbiy amaliyoti fonida navbatdagi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Yerevan markazida Respublika maydonidagi mitingga mingga yaqin odam yig‘ildi, deb xabar beradi DW muxbiri. Namoyishchilar bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qildi.

Kecha kun davomida shahardagi namoyishlarda 98 kishi qo‘lga olindi, deya aniqlik kiritmoqda «Interfaks» Armaniston politsiyasiga tayanib. Kunning birinchi yarmida qo‘lga olinganlar orasida mamlakat ikkinchi prezidenti Robert Kocharyanning o‘g‘li Levon Kocharyan ham bor. Uning advokati aytishicha, politsiya kichik Kocharyanni qo‘lga olish vaqtida kaltaklagan va u kasalxonaga olib ketilgan. Bundan tashqari, namoyish yetakchilaridan biri, sobiq muxolifat deputati Andranik Tevanyan vaqtincha ushlangan. 

Parlamentdagi muxolifat bosh vazirga impichment e’lon qilish jarayonini boshlamoqchi

Avvalroq arman muxolifati Nikol Pashinyan va uning hukumatini hokimiyatdan chetlatish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtiruvchi milliy qo‘mita tashkil etilishini e’lon qilgan edi. «Dashnaksutyun» partiyasi vakili Ishxon Sagatelyan parlament muxolifati vazirlar mahkamasi rahbariga impichment e’lon qilish jarayonini boshlashini aytdi. 

Ozarboyjon Qorabog‘da harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qilganidan keyin, 19 sentabr kuni bosh vazir Pashinyan iste’fosini talab qilgan namoyishlar kuzatildi. Namoyishlar vaqti-vaqti bilan politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Namoyishchilar, jumladan, Yerevanning bir qator markaziy ko‘chalari bo‘ylab transport harakatini to‘sib qo‘ydi. Mitinglarga bir qancha oliy o‘quv yurtlari talabalari qo‘shildi. Bundan tashqari, norozilik namoyishlari Rossiyaning Armanistondagi elchixonasi oldida bo‘lib o‘tdi. 

Ozarboyjonning Qorabog‘dagi operatsiyasi 

19 sentabr kuni ertalab Ozarboyjon Qorabog‘da «aksilterror tadbirlari»ni e’lon qildi va tan olinmagan respublika hududini, jumladan, uning poytaxti Stepanakertni o‘rab ola boshladi. Boku arman qo‘shinlarini olib chiqib ketishni va mintaqadagi «rejim o‘zgarishini» talab qilishini bildirdi. 

Ertasi kuni tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Kelishuv doirasida arman harbiylari Rossiya tinchlikparvar kontingentini joylashtirish zonasidan olib chiqiladi, «Qorabog‘ mudofaa armiyasi» qo‘shinlari tarqatib yuboriladi va to‘liq qurolsizlantiriladi, og‘ir harbiy texnika va qurol-yarog‘lar Qorabog‘ hududidan olib ketiladi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Bokuning mintaqadagi maqsadlariga erishganini ma’lum qildi. 

Armaniston tomoniga ko‘ra, otishma davomida kamida 200 kishi halok bo‘lgan, yana 400 kishi yaralangan. Bundan tashqari, bir necha rossiyalik tinchlikparvarlar halok bo‘ldi. 

Qorabog‘ aholisi Armanistonga ketishi mumkin 

22 sentabr kuni Armaniston bosh vaziri Qorabog‘ga yirik humanitar yuklar partiyasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar imzolanganini e’lon qildi. Armaniston hukumati mintaqadan qochqinlarni qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda. Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, Qorabog‘ni tark etadigan odamlar uchun respublikada 40 mingdan ortiq o‘rin tayyorlangan. 

Mavzuga oid