O‘zbekiston | 21:06 / 28.09.2023
25621
6 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada Gulnora Karimovaga nisbatan ayblov xulosasi sudga topshirildi

Shveytsariya Bosh prokuraturasi 5 yillik tergovni yakunladi. Gulnora Karimova jinoiy tashkilotda ishtirok etish, jinoiy daromadlarni legallashtirish, xorijiy davlat amaldori sifatida pora olish va hujjatlarni qalbakilashtirish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Foto: Getty Images

Shveytsariya Bosh prokuraturasi jinoiy tergov yakuniga ko‘ra, 2023 yil 28 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Federal sudga O‘zbekiston Respublikasi sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova va Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasi o‘zbek filialining sobiq direktoriga nisbatan ayblov xulosasini topshirdi. Prokuratura axborotida kompaniya nomi va rahbarining ismi-sharifi ochiqlanmagan.

Ikki ayblanuvchi turli mamlakatlarda, jumladan, Shveytsariyada faoliyat yuritgan jinoiy tashkilotga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Ayblovlar 2005 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi va jinoiy tashkilotda ishtirok etish, jinoiy daromadlarni legallashtirish, xorijiy davlat amaldori sifatida pora olish va hujjatlarni qalbakilashtirish kabilarni o‘z ichiga oladi.

Qayd qilinishicha, 2018 va 2021 yillar oralig‘ida tergov natijasida to‘rt kishi sudlangan va pul yuvish va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilgan. Shu bilan birga, 340 million Shveytsariya frankidan (4,5 trln so‘m) ortiq pul O‘zbekistonga qaytarilishi uchun musodara qilingan. Hozirda Gulnora Karimova va ikkinchi ayblanuvchi ishi bo‘yicha 440 million Shveytsariya frankidan (5,8 trln so‘m) ortiq mablag‘lar hibsda qolmoqda.

«Ofis»ning tashkil etilishi va maqsadi

Ayblov xulosasiga ko‘ra, 2001 yildan 2013 yilgacha Gulnora Karimova bir necha o‘nlab odamlar va ko‘plab kompaniyalarni o‘z ichiga olgan «Ofis» deb nomlanuvchi iyerarxik jinoiy tashkilot tuzgan va unga rahbarlik qilgan. Shveytsariyada ushbu tashkilot 2005 yilda, xususan, Shveytsariya banklaridagi hisob raqamlari va seyflarida, shuningdek, ko‘chmas mulk sotib olish yo‘li bilan o‘zining jinoiy operatsiyalaridan olingan kapitalni yashirish maqsadida o‘z faoliyatini boshlagan.

«Ofis» o‘z faoliyatini professional biznes sifatida, majburiy qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshirgan. Unda vazifalar qat’iy taqsimlangan, ammo zo‘ravonlik va qo‘rqitish usullaridan foydalanilgan. Tergov jarayonida butun tuzilmaning shaffof bo‘lmasligini ta’minlash uchun tashkil etilgan yuzlab kompaniyalar aniqlangan. Bu kompaniyalar turli yurisdiksiyalarda, xususan, Shveytsariyada bank hisob-varaqlarini yuritgan.

O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasidagi faoliyat

Ayblov xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasiga kirish va faoliyat yuritish istagida bo‘lgan xorijiy kompaniyalar Gulnora Karimovaga «Ofis» tarkibidagi kompaniyalar orqali pora berishi talab qilingan. Shu tariqa, Gulnora Karimova prezidentning qizi va O‘zbekiston hukumati amaldori sifatidagi ikki tomonlama maqomidan foydalangan, bu esa unga kompaniyalarning telekommunikatsiya sohasiga kirishi va faoliyat yuritishiga ruxsat berish masalasida davlat amaldorlariga cheksiz ta’sir o‘tkazish imkonini bergan.

Shveytsariyadagi jinoiy faoliyat

Qayd qilinishicha, telekommunikatsiya kompaniyalaridan olingan korrupsion mablag‘lar keyinchalik murakkab operatsiyalarda bir qancha davlatlar va turli kompaniyalar orqali turli bank hisob raqamlariga o‘tkazilgan. Xususan, Shveytsariyadagi «Ofis» tarkibiga kiruvchi kompaniyalar nomiga ochilgan bank hisob raqamlariga o‘tkazilgan. Ushbu bank hisobvaraqlarining benefitsiar egalari «soxta shaxslar» bo‘lib, bu bilan Gulnora Karimova o‘zining haqiqiy benefitsiar ekanini yashirgan. Shveytsariyada olib borilgan tekshiruvlar natijasida umumiy qiymati taxminan 780 million Shveytsariya franki (10,3 trln so‘m) ekvivalentidagi aktivlar, jumladan, bank aktivlari va ko‘chmas mulklar, shuningdek, bank seyflarida saqlanayotgan naqd pul va qimmatbaho buyumlar musodara qilingan.

Ayblovlar va ikkala ayblanuvchining roli

Gulnora Karimova jinoiy tashkilot bo‘lgan «Ofis»ni boshqarganlikda ayblanmoqda. Aytilishicha, u tashkilotni yaratishda va uning jinoiy faoliyatini boshlashda, xususan Shveytsariyada «Ofis» a’zolari va kompaniyalari nomidan bank hisob raqamlari ochishda, jinoiy aktivlarni o‘tkazishda va bu o‘tkazmalarni asoslovchi soxta hujjatlarni tayyorlashda ishtirok etgan.

Gulnora Karimovadan tashqari ikkinchi sudlanuvchi (Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi filiali sobiq bosh direktori) «Ofis»ning «muhim a’zosi» bo‘lgan. Xususan, u O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasida korrupsiyaviy sxemalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ayblanmoqda.

Xalqaro miqyosdagi ish

Qayd qilinishicha, Shveytsariya bosh prokuraturasi bergan ma’lumotga asoslanib, Shvetsiya, Fransiya, Norvegiya, Niderlandiya, AQSh va Buyuk Britaniyada bir nechta jinoiy ishlar ochilgan. «Ofis»ning mavjudligi, shuningdek, ushbu jinoiy tashkilot tomonidan sodir etilgan ko‘plab jinoyatlar Shveytsariya va xorijda chiqarilgan bir nechta sud qarorlari bilan tasdiqlangan.

Shveytsariya bosh prokuraturasi Jinoyat ishlari bo‘yicha Federal sudga topshirilgan ayblov xulosasiga bilan bog‘liq holda, shuningdek, umumiy qiymati 440 million Shveytsariya frankidan (5,8 trln so‘m) ortiq bo‘lgan aktivlarni musodara etishni ham talab qilmoqda.

Mavzuga oid