O‘zbekiston | 19:09 / 29.09.2023
5585
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya xorijga pul o‘tkazish bo‘yicha cheklovlarni uzaytirdi 

Rossiya Markaziy banki chet elga mablag‘ o‘tkazish bo‘yicha cheklovlarni yana olti oyga uzaytirdi. 

Foto: Getty Images

«Cheklovlar 2023 yil 1 oktyabrdan 2024 yil 31 martgacha amal qiladi», deyiladi Rossiya Markaziy banki xabarida. 

Rossiya fuqarolari va do‘stona davlatlarning norezident jismoniy shaxslari bir oy ichida xorijiy banklardagi istalgan hisob raqamlariga 1 million dollardan ko‘p bo‘lmagan yoki boshqa xorijiy valutadagi ekvivalentini o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. 

Pul o‘tkazmalari tizimlariga aloqador cheklovlar ham saqlanib qolmoqda - oyiga 10 ming dollardan ko‘p bo‘lmagan yoki boshqa xorijiy valutadagi ekvivalenti. 

Rossiyada ishlayotgan norezident shaxslar ish haqi miqdorida chet elga pul o‘tkazishi mumkin. 

Rossiyada ishlamaydigan, do‘stona mamlakatlardan kelgan norezident jismoniy shaxslar, shuningdek, bunday mamlakatlarning yuridik shaxslari uchun chet elga pul o‘tkazishni taqiqlash cheklovi saqlanib qolmoqda. Ushbu cheklov Rossiya yuridik yoki jismoniy shaxslari nazorati ostida bo‘lgan xorijiy kompaniyalarga taalluqli emas. 

Do‘stona davlatlarning banklari, agar to‘lovchi va oluvchining xorijiy banklarda ochilgan hisob raqamlari bo‘lsa, Rossiya kredit muassasalarida ochilgan vakillik hisobvaraqlari yordamida rublda pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya rasmiylari O‘zbekistonni do‘stona davlat sifatida tasniflaydi. 

 

Mavzuga oid