Jahon | 21:25 / 02.10.2023
14459
11 daqiqa o‘qiladi

Toshqinda qolgan Nyu-Yorkda vaziyat qanday? AQShdagi vatandosh bilan suhbat

Nyu-York hozirgidek iqlimiy vaziyatlarni inobatga olgan holda qurilgan. Maxsus xizmat mashinalari o‘z vaqtida va o‘z o‘rnida ishlashadi. Bu yerdagi qoidaga ko‘ra, agar tez yordam 7 daqiqa ichida yetib kelmasa, o‘sha hududda yana bir kasalxona qurish kerak bo‘ladi, deydi Manhettanda yashayotgan o‘zbekistonlik doktorant Sarvar Tolipov.

“Ofeliya” to‘foni olib kelgan yomg‘irlar sabab bir hafta bo‘lyaptiki, AQShning Nyu-York shahrida yirik suv toshqinlari kuzatilmoqda. Shahar merining buyrug‘i bilan hududda favqulodda holat e’lon qilingan, bu suv toshqini inson hayoti uchun xavfli ekani sabab fuqarolar ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirilmoqda.

Kun.uz bunday favqulodda vaziyat dunyoning eng mashhur shaharlaridan biri qanday yashayotganini maqsadida Nyu-York shahar universiteti (City University of New York)da doktoranturada o‘qiyotgan hamyurtimiz Sarvar Tolipov bilan suhbatlashdi.

— Sarvar aka, sinoptiklarning hisoblashicha, AQSh tarixida 1882 yildan buyon sentabr oyida bu qadar ko‘p yomg‘ir yog‘magan. Oy boshidan buyon shaharga 350 mm yog‘ingarchilik tushgan. Ba’zi joylarda bir kunning o‘zida oylik normadan ikki baravar ko‘proq yog‘ingarchilik kuzatilgan. O‘zi aslida Nyu-Yorkda yog‘ingarchilik tez-tez bo‘lib turadimi? Bu galgisi rostdan ham rekord darajada bo‘ldimi?

— Nyu-York o‘ziga xos jo‘g‘rofiy hududda joylashgan. Uning 5 ta tumanidan 4 tasi Atlantika okeanidagi orollarga to‘g‘ri keladi. Bular – Bruklin, Kuins, Manhettan, Staten-Aylend. Shu jihatdan ham suv toshqinlari shahar uchun odatiy hol.

Suv toshqinlari asosan mavsumiy kuchli yomg‘irlar, qor erishi, tropik to‘fonlar sabab yuzaga keladi. Oxirgi marta kuchli bo‘lgan to‘fonni eslasak, bu holat 2021 yilning sentabr oylarida sodir bo‘lgan. Uning nomini “Ayda” deb nomlashgan. Amerikada shunday bir odat bor, kuchli to‘fonlarni ayol kishining ismlari bilan atashadi. O‘sha “Ayda” to‘fonida 13 kishi halok bo‘lgan, 13 mingdan ortiq binolarga shikast yetgan. Nyu-York shahar hokimligining o‘sha vaqtda aytishi bo‘yicha, shikastlangan jami binolar shahardagi obektlarning 3 foizini tashkil qilgan. Shunaqangi fojia yuzaga kelgan.

Shaharning jo‘g‘rofiy xususiyatlari, orollarda joylashgani sabab Atlantika okeanidan kelib turadigan katta to‘lqinlarga yuz tutadi. Bilamiz, suv toshqinlari faqat bulutlardan tushadigan yomg‘ir ortidan kelib chiqmaydi, bunga okean to‘lqinlari ham sabab bo‘lishi mumkin. Bu suvlar esa shaharning drenaj tizimlarini to‘ldirib, “flash flooding”, ya’ni favqulodda suv toshqini yuzaga keladi. Mana shunaqangi “flash flooding”lar Bruklin va Manhettanning pastki hududlarida bo‘ldi.

Bu safargi holatda ayrim raqamlarga qarab “eng katta suv toshqini” deb atashyapti, lekin bu vaziyat 2021 yilgi bo‘ronga bir foizda ham yaqin kelmaydi. To‘g‘ri, jarayonda shahar infratuzilmasiga shikast yetdi, jamoat transportlarida to‘xtash bo‘ldi, lekin u darajada katta talafot yoki qurbonlar bo‘lgani yo‘q. Bunaqangi holatlar mavsumiy bo‘lib turadi, onda-sonda drenaj tizimining ishdan chiqishi, samarali ishlamasligi ortidan suv toshqinlari yuzaga keladi va mediada ko‘rganimizdek, “flash flooding”lar yuzaga keladi.

Nyu-Yorkliklar uchun buni o‘ta normal deb atay olmaymiz. Lekin 2-3 yilda bir marta shunday vaziyat bo‘lishini kutishadi. Bundan hayron bo‘lishmaydi. Hech bo‘lmasa, bir yilda bir marta katta yomg‘ir yog‘masa, shahar Nyu-York bo‘lmay qoladi.

— Suv toshqinlari boshlanayotgan vaqtda odamlar va hukumat bu holatni qanday qabul qildi?

— Mana shu mavzu haqida gaplashar ekanmiz, bir narsani esda tutish kerak. AQSh o‘ta boy va rivojlangan davlatlar qatorida turadi. Raqamli texnologiyalar borasida ham oldi qatorlarda turadi. Bilasizlar, NASA va shunga o‘xshagan kosmik agentliklari bor. Bunaqangi agentliklarning barchasi meteorologik xizmatlar bilan birga ishlashadi, ularning faoliyati bir-biriga chambarchas bog‘liq. Fazoda bulutlar to‘plami paydo bo‘lishi bilan yoki Amerikaning shimoliy qismlariga siklonlar, tropik bo‘ronlar yaqinlashishi bilan vaziyatni oldindan prognoz qila olishadi. Matematik modellar orqali yong‘ingarchilik bo‘lishini 100 km atrofida taxmin qilish mumkin. Ularda shularning hammasi ishlaydi.

Hozirgi kun bilan bog‘laydigan bo‘lsak, 3 kun oldin odamlar yashaydigan ko‘p qavatli turar joylarni boshqaruvchi shirkatlarga haftaning qaysi kunida katta yomg‘ir bo‘lishi, suv toshqini yuzaga kelishi haqida ogohlantirish xabarini jo‘natishadi. Suv toshqini bo‘lib turgan yoki toshqin bo‘lishidan oldin internetga ulanmagan bo‘lsa-da, hudud aholisining elektron qurilmalariga ogohlantirish xabarlari yuboriladi, ulardan xavfsizroq joyga ko‘chish so‘raladi. Amerika hukumatiga minnatdorlik bildirish kerak, bunday vaziyatlarda ular operativ ravishda ishlashadi, uni nazoratga olishadi.

— Falokatda ma’muriyat xodimlari odamlarga yordam bergani haqida gapirib berolasizmi?

— Aytganimdek, bu holatga hukumat, shahar ma’muriyatlari oldindan tayyorgarlik ko‘rishadi. Albatta, har bir shahar hokimiyatining budjetida hududda yuzaga keladigan kutilmagan talafotlar uchun ajratilgan jamg‘arma bo‘ladi, kimningdir shaxsiy mulkiga zarar yetsa, shu jamg‘armadan pul ajratishadi. Bu moddiy tomoni.

Amaliy jihatdan kimdir suv tagida qolsa, kimningdir avtomobili yurmay qolsa, 911 qisqa raqamiga telefon qilish orqali yordam so‘rashi mumkin, maxsus xizmatlar, o‘t o‘chiruvchilar, tez yordam o‘z vaqtida ishlaydi.

Men Manhettanda, 9-avenyuda yashayman. Yomg‘ir boshlanib, suv toshqinlari bo‘lgandan beri tez yordam mashinalarining sirenalar ovozini ko‘p eshityapmiz. Umuman olganda, shunday... Maxsus xizmat mashinalari o‘z vaqtida va o‘z o‘rnida ishlashadi.

Nyu-Yorkda shunday qoida bor, agar tez yordam 7 daqiqa ichida yetib kelmasa, o‘sha hududda yana bir kasalxona qurish kerak bo‘ladi. Butun shahar xizmati mana shu reglamentda faoliyat yuritadi.

— Suv toshqini bo‘lishini eshitgan odam qanday tayyorgarlik ko‘radi?

— Bu savolga javob berish qiyin bo‘lsa kerak. Shaharda ijara narxi qimmatligi sabab odamlar ko‘p qavatli uylarning pastki qismi, yerto‘lalarini ham turar joy qilib ijaraga berishadi. Bu Nyu-York uchun juda ham oddiy holat. O‘sha joylarda ijara haqi 10 foiz arzonroq bo‘lishi mumkin, lekin shu 10 foiz ham katta farq bo‘lgani uchun o‘sha joylarda qo‘nim topadiganlar talaygina. Afsuski, “Ayda” to‘foni bo‘lganida 13 kishi halok bo‘lgandi, mana shu 13 kishi pastki yerto‘lalarda yashashgan edi. Suv toshqinidagi bosim sabab eshiklari ochilmay, suv ostida qolib ketishgandi.

Suv toshqini bo‘lishi va bunday vaziyatda pastlikda qolish xavfli ekanini ko‘p insonlar bilishadi yoki ularga bu narsa xabar qilinadi. Menimcha, bu jarayonda xavfsizlik choralarini ko‘rish har bir shaxsning o‘ziga bog‘liq. Agar falokat yoqasida qolsangiz, maxsus xizmatlar doim yordam berishadi. Lekin bu baribir shaxsning o‘ziga bog‘liq.

Aytaylik, Jonatan Manhettanning quyi, suv toshqini bo‘ladigan qismida yashaydi. Ogohlantirish kelganidan keyin u yashayotgan uyni katta ehtimol bilan suv bosishini biladi. Bunday vaziyatda u shaharning yuqori qismiga chiqishi mumkin yoki kafeda o‘tirishi mumkin. Ya’ni bu jarayonda u hayotini saqlab qolishi uchun vaqti bo‘ladi. Qanday xavf yuzaga kelishini biladigan odam shunday choralar ko‘rishi mumkin. Lekin o‘tgan safargi “Ayda” to‘fonidagi qurbonlar bunday bo‘lishini bilishmagandi. U vaqtda ogohlantirish tizimi hozirgidek yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan edi.

— Yog‘ingarchilik insonlar hayoti va shahar infratuzilmasiga qanday ta’sir qilmoqda? Hozirda vaziyat qanday?

— Nyu-York qadimiy shahar emas, lekin avvaldan rivojlanib borayotgan hudud sanaladi. Shahar iqlimiy vaziyatlar hisobga olingan holda qurilgan. Masalan, bizning o‘qishimiz, Nyu-York yoki Kolumbiya universiteti ham tepaliklarda qurilgan. Shu sababli bu binolar suv ostida qolmaydi. Maktablar ham xuddi shunday, ammo shaharning quyi qismlarida ham odamlar zich yashashni boshlagandan so‘ng, ilojsiz ravishda Nyu-Yorkda prefektura tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shunga muvofiq har bir hududda maktab bo‘lishi lozim. Bu safar ham suv toshqinda mana shu maktablarga zarar yetgan. Bruklin, Kuins, Manhettanning ayrim joylaridagi maktablarga – umumiy hisobda 150 ta maktabga zarar yetgan. Bunda ham maktablarning suv chiqarish tizimlariga zarar yetgan. Ya’ni bu maktablarda suv toshqini bo‘lishi inson hayoti uchun xavfli hisoblanadi. Joylar tozalanib, suv chiqarish tizimlariga to‘g‘rilanmaguncha, binolarda o‘quv ishlarini olib borish mumkin emas, chunki xavfsizlik talablariga javob bermaydi. Shuningdek, xuddi shu sabab bilan Bruklindagi bir mahallada joylashgan klinika ham yopildi.

Yog‘ingarchilik boshlangandan beri jamoat transporti vaziyatni inobatga olgan holda ishlab turgandi, ammo favqulodda toshqinlar bo‘lgan vaqtda 3-4 ta metro liniyalari faoliyati to‘xtatildi, chunki metro yo‘llari drenaj tizimi bilan ulanib ketgan. Lekin avtobuslar shu holatda ham basseynda yurgandek bo‘lsa ham ishlab turdi. Ularga ham farqi yo‘q ekan, ancha odamlarga xizmat qilib turdi. Ammo keyin suv ancha ko‘tarilganidan keyin vaqtinchalik to‘xtab turdi. Umuman olganda, shaharda transport kollapsi yuzaga kelmasligi uchun yerusti transporti ishlab turdi.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid