Jahon | 10:06 / 03.10.2023
5798
3 daqiqa o‘qiladi

Haitida banditizmga qarshi xalqaro politsiya operatsiyasi o‘tkaziladi

Haiti orol davlatidagi banditizm darajasi BMT Xavfsizlik kengashida haitiliklarga yordam berish uchun ko‘p millatli missiyani joylashtirish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilish zaruratiga olib keldi.

Foto: Richard Pierrin/AFP

BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlangan xalqaro politsiya operatsiyasi banditizm tomonidan qamrab olingan, inqirozga uchragan orol mamlakat - Haitidagi jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan. 2 oktyabr, dushanba kuni BMT Xavfsizlik kengashi 1000 dan ortiq politsiyachini 9 oydan keyin ko‘rib chiqish huquqi bilan bir yil muddatga mamlakatga joylashtirishni ma’qulladi. Rezolyutsiyani Xavfsizlik kengashiga a’zo 13 davlat qo‘llab-quvvatlagan, faqat Rossiya va Xitoy betaraf qolgan. Ta’kidlanishicha, missiya BMTning bevosita operatsiyasi emas, balki Keniya boshchiligidagi qo‘shinlarni joylashtirishdan iboratdir. 

Haiti tashqi ishlar vaziri Jan Viktor Jyeneyus rezolyutsiyani «og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy va humanitar vaziyat oqibatlaridan uzoq vaqt azob chekayotgan xalq uchun umid nuri» deb atadi. AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild fikricha, bu faqat birinchi qadam. Missiya xarajatlari BMT Xavfsizlik kengashiga a’zo davlatlarning ixtiyoriy badallari va ko‘magi hisobidan qoplanadi. Keniya banditizmga qarshi kuchlarni boshqarish uchun 1000 kishini yuborishga rozi bo‘ldi. Yamayka, Baham orollari hamdo‘stligi, Antigua va Barbuda missiyada ishtirok etishga, Qo‘shma Shtatlar esa 100 million dollar moliyaviy yordam berishga va’da bergan. 

Missiya mamlakatdagi vaziyatni to‘liq barqarorlashtirishni rejalashtirmoqda 

Rezolyutsiyaga ko‘ra, kuch Haiti milliy politsiyasiga «operativ yordam» ko‘rsatadi. Bundan tashqari, missiya orol davlatda 2016 yildan beri o‘tkazilmagan saylovlar uchun sharoit yaratishni ko‘zda tutadi. 

Haiti ko‘p yillar davomida to‘dalar urushidan aziyat chekmoqda, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ular poytaxt Port-o-Prensning katta qismini nazorat qiladi va aholini haddan tashqari shafqatsizlik, jumladan jinsiy zo‘ravonlik bilan qo‘rqitadi. 2021 yildan boshlab odam o‘g‘irlashlar soni keskin oshgan. Zo‘ravonliklar Haitidagi ta’minot bilan bog‘liq vaziyatni yanada keskinlashtirmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, kambag‘al orol davlatning o‘n bir million aholisi deyarli yarmi o‘tkir ochlikdan aziyat chekmoqda. Port-o-Prensdagi hukumat bir yildan beri missiyani joylashtirishni talab qilmoqda. 

Haiti ko‘p yillar davomida banditizmdan tashqari siyosiy beqarorlik va iqtisodiy turg‘unlikka hissa qo‘shadigan humanitar inqirozdan aziyat chekmoqda. Birgina so‘nggi besh yil ichida, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, humanitar yordamga muhtoj haitiliklar soni ikki baravar ko‘paygan. 2021 yil iyul oyida prezident Jovenel Moizaning o‘ldirilishi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni keskin yomonlashtirdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid