O‘zbekiston | 15:57 / 03.10.2023
6603
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqand ekoforumi: mintaqa yoshlari hukumatlar bilan yaqinroq muloqot tarafdori

Samarqandda Markaziy Osiyoning 5 davlatidan tashrif buyurgan 60 nafar ekofaollar ishtirokida ekoforum o‘tkazilmoqda. Ishtirokchilar tomonidan mintaqa ekohayotini yaxshilashi mumkin bo‘lgan takliflar bildirildi.

Ekologik xabardorlikni oshirish

Barcha guruhlar bildirgan takliflar orasida aynan mana shu bandni ko‘rish mumkin. Ya’ni ekofaollar tabiatdagi muammolarning oldini olish uchun avvalo yoshlar ekologik muammolardan yaxshiroq xabardor bo‘lishi kerak deb hisoblamoqda. Ularning ba’zilari aynan ekologik muammolarga bag‘ishlangan fan maktab darsliklariga ham kiritilishini taklif qildi.

Elektrokarlar va kamroq chiqindi chiqaradigan oddiy mashinalar

Forum ishtirokchilari ichki yonuv dvigatelida ishlovchi mashinalar o‘rnini elektrokarlar egallashi tabiat kamroq ifloslanishiga olib kelishi haqida to‘xtalib, bir qator takliflarni ilgari surdi. Masalan, elektromashinalarda yuradiganlarni rag‘batlantirish.

Shuningdek, hamma ham nisbatan qimmat narxdagi elektrda yuruvchi mashinalarga o‘ta olmasligi uchun yonilg‘ida yuradigan mashinalarning katalizatorini yaxshilash orqali havoga chiqadigan zararli gazlar miqdorini kamaytirish taklif qilindi.

Sun’iy o‘rmonlar va ekoloyihalarni rag‘batlantirish

Foto: Eco-Schools

Forumning qirg‘izistonlik ishtirokchisi mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun sun’iy o‘rmonlar yaratishni taklif qildi. Uning fikricha, ekofojialarni shu tariqa kompensatsiya qilish mumkin. Xuddi shu ishtirokchi har bir odam egnidagi paxtadan to‘qilgan ko‘ylakni ko‘rganda hech bo‘lmasa uni tikish uchun ketgan paxtani yetishtirishga qancha suv sarflanganini o‘ylab ko‘rishi kerak ekanini aytdi. U Markaziy Osiyodagi suvlarning 80 foizi sug‘orish uchun ishlatilishini ta’kidladi.

O‘zbekistonlik ishtirokchi esa ekoloyihalar moliyalashtirishi va rag‘batlantirish muhim ekanini aytib, o‘z maktabidan misol keltirdi: «Bizning maktabda chetdan ovqat olib kirish taqiqlangan. Bir safar bu cheklovni «chetlash imkonini beradigan» ajoyib taklif ilgari surildi. Sinflar o‘rtasida kim ko‘p chiqindiga tashlangan makulatura yig‘ilsa, o‘sha sinfga pitssa buyurtma qilishga ruxsat beriladigan bo‘ldi. Bilasizmi, 150 kg atrofida makulatura yig‘ildi. Aytmoqchi bo‘lganim, har qanday ishda rag‘batlantirish juda muhim», deydi o‘zbekistonlik ekofaol.

Foto: Eco-Schools

Boshqa bir ishtirokchi esa o‘z o‘quv muassasasida darsliklar kam bo‘lgani bois juda ko‘p materiallar printerdan chiqarilgan qog‘ozlarda bo‘lgani tufayli juda ko‘p makulatura to‘planganini aytdi.

Forum ishtirokchilari ekologik loyihalar moliyalashtirilmasligi, ularga shunchaki nomigagina qarashlariga e’tibor qaratdi. Shuningdek, ekologik startaplarni moliyalashtirish muhim ekani ham ta’kidlandi. Eng qiziqarli takliflardan biri esa hukumatlarni ekofaollar bilan ochiq muloqot qilishga chaqiruv bo‘ldi. Forum ishtirokchilari bu borada Ekologiya vazirliklari va yosh ekofaollar o‘rtasida norasmiy uchrashuvlar o‘tkazishni taklif qildi.

Ekologik hodisalarni yoritish va piar

Yoshlar ekologik voqealarga oid xabarlar OAVda bolalar tushunmaydigan tilda tarqatilishini ular uchun murakkablik deb atadi. Ularning fikricha, yirik ommaviy axborot vositalari bilan ekologik muammolar haqida yosh bolalar ham tushunadigan xabarlar tarqatish kerak. Shuningdek, ekologik muammolarga yanada ko‘proq yoshlarni jalb qilish uchun bunday masalalarni ular kuzatadigan mashhur odamlar orqali yoritish kerakligi aytildi.

Eko-Zakovat: faqat ekologik savollardan iborat intellektual o‘yin o‘tkazildi

Foto: Eco-Schools

Zakovat o‘yini turli xil tematikalar bo‘yicha o‘tkazilgan, lekin faqat ekologik mavzudagi intellektual bahsni bu o‘yin muxlislari ko‘rmagandi. Bunday «ilm jangi»ning birinchisida Markaziy Osiyo ekofaollari ishtirok etishdi. Ekoforum ishtirokchilari 11 ta jamoaga bo‘linishdi.

Umumiy hisobga ikkita davradan iborat Eko-Zakovatda 36 ta savol o‘ynaldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra uch jamoa bir xil – 16 tadan ochko to‘pladi. G‘olib esa hal qiluvchi «Otishma» shartida aniqlandi. Bu shartda jamoalardan biri to‘g‘ri javob topgunga qadar savollar berildi. Oxir-oqibat o‘zbekistonlik yoshlardan iborat M&Ms jamoasi g‘olib bo‘lib, maxsus kubokni qo‘lga kiritdi.

O‘yin davomida ishtirokchilarga faqat ekologik mavzularda quyidagi savollar berildi:

Savol: Koreyalik fermerlar restoranlardan chiqayotgan chiqindilarni yegan cho‘chqalar o‘lib qolayotganidan e’tiroz bildirgani uchun koreys restoranlarida uni taqiqlashadi. Nimani?

Javob: Tish kovlagichni.

Savol: Nyu-Yorkda olinishi kerak bo‘lgan ba’zi kinolar Manchesterda ham suratga olingan. Bunday holatda Manchesterdagi suratga olish jamoasidagi maxsus xodimlar suratga olish maydonchasida qo‘liga paket olib o‘sha ishni qilgan. Qanday ishni?

Javob: Chiqindi to‘kib chiqqan. Chunki Manchester juda toza shahar bo‘lgani sababli kadrlar Nyu-Yorkni eslatib turishi uchun ko‘chalarga chiqindi to‘kib chiqishgan.

Savol: 1960 yil Boykanurdagi kosmik stansiyada portlash bo‘lib ko‘pchilik halok bo‘ladi. Ammo bosh konstruktor omon qoladi. Chunki u taqiqlangan bir ishni qilgandi. Qanday ishni?

Javob: Sigaret chekish uchun tashqariga chiqqandi. Buni chekish odamni o‘ldirmaydigan istisno holat deb atash mumkin.

Shu va shunga o‘xshash qiziqarli ekosavollar orqali forum ishtirokchilari o‘z bilimlarini yana bir bor charxlab olishdi. Ekologiya vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, «Zamın» fondi, YUNISEF, YuNeSKO, BMTTD va FAO ko‘magida tashkil etilayotgan ekoforum 5 oktyabrgacha davom etadi.

Mavzuga oid