Jahon | 01:02 / 04.10.2023
9138
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden G‘arb yetakchilarini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi

AQSh prezidenti Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan videokonferensiya orqali suhbat qildi.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jozef Bayden hamkorlar va ittifoqchilar bilan muloqot qilib, Ukrainani yanada qo‘llab-quvvatlash borasida kelishib oldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Oq uy rasmiylariga ko‘ra, Bayden Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen, Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel, Germaniya kansleri Olaf Shols, Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni, Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg, Polsha prezidenti Anjyey Duda, Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis, Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak, Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna bilan suhbatlashdi.

Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladilar.

«Biz yakdilmiz va Ukrainaga qo‘shimcha harbiy texnika, moliyaviy va siyosiy yordam berishga tayyormiz. Ukrainadagi tinchlik va xavfsizlik Yevropadagi tinchlik va xavfsizlikka tengdir», dedi Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel.

Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi «shubhasiz» ekanini aytdi. Xususan, u taklif etilayotgan yangi 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam, 2024 yil martigacha bir million artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berish majburiyatlari va Rossiyani ukrainaliklarga qarshi urush jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish niyatini eslatib o‘tdi.

Bayden o‘z suhbatdoshlarini Ukrainaga, xususan, harbiy texnika bilan qo‘llab-quvvatlash davom etishiga «ishontirdi». U bu yordamni Kongress tomonidan qo‘llab-quvvatlashini ta’minlashini aytdi.

O‘tgan haftada Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini o‘z ichiga olmagan vaqtinchalik budjetni qabul qildi. Bu G‘arbda va Ukrainada AQSh Rossiya bosqinidan keyin Ukrainaning ishonchli ittifoqchisi bo‘lishini to‘xtatgani haqidagi shubhalarni uyg‘otgan edi. 

Mavzuga oid