O‘zbekiston | 09:59 / 04.10.2023
7693
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mayning faoliyati uchun ruxsatnoma berish tartibi belgilandi 

Mayning faoliyati quyosh energiyasi bilan amalga oshiriladi.

Foto: manas.news

“Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

O‘zbekiston hududida mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish hamda faoliyatni tashkil etish tartibi belgilandi.

Mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Maynerlar iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uskunasini o‘rnatib, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yagona elektr energetika tizimiga ulanishi mumkin.

Maynerlar o‘z faoliyatini faqat ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilda, yong‘in xavfsizligi hamda sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirish huquqiga ega.

O‘zbekiston hududida quyidagilarni amalga oshirish taqiqlanadi:

  • yashirin mayningni;
  • anonim kripto-aktivlar mayningini;
  • ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilga mos kelmaydigan manzilda mayningni;
  • ruxsatnomasiz mayningni.

Maynerlar mayningni amalga oshirish natijasida olingan kripto-aktivlarni O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan kripto-birjalar orqali sotishga haqli. 

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbari tomonidan tasdiqlangan ekspert komissiyasi taqdim etilgan arizani 15 kunda ko‘rib chiqadi hamda ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida xulosa tayyorlaydi. Vakolatli organ ekspert komissiyasining xulosasi asosida 5 kun ichida ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ruxsatnoma vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda elektron hujjat tarzida rasmiylashtiriladi. Arizani ko‘rib chiqish hamda ruxsatnoma rasmiylashtirish uchun yig‘im undirilmaydi. Ruxsatnoma 5 yil muddatga beriladi.

Mavzuga oid