Yaqin Sharqda yana urush. Asosiy ma’lumotlar
HAMASning 7 oktyabr tongida boshlangan raketa zarbalari va ko‘cha janglari oqibatida kamida 100 nafar isroillik halok bo‘lib, 900 dan ortiq kishi yaralangan. Avvaliga kichik diversiyaga o‘xshab ko‘ringan hujum yoppasiga raketa zarbalari bilan kechdi.
Isroil hukumati urush holatida ekanini e’lon qilib, favqulodda safarbarlik e’lon qildi. Mamlakat armiyasi qaqshatqich qarshi hujumga tayyorlanmoqda.
Isroil politsiyasi mamlakat chegarasini HAMASning 200-300 nafar atrofidagi a’zosi kesib o‘tganini ma’lum qilgan. Ular 14 ta aholi yashash manzillariga hujum qilgan, o‘nlab isroilliklar asir olingan.
Isroil janubidagi yashovchilar hududga armiyaning qo‘shimcha bo‘linmalarini yuborishni so‘ragan. «Bizni so‘yishadi, 6 soat o‘tdi, armiyadan darak yo‘q», degan ulardan biri.
Isroilning turli shaharlarida yuzlab odamlar kasalxonalarga borib donor sifatida qon topshirmoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat urush holatida ekanini ma’lum qildi.
«Biz harbiy operatsiya o‘tkazmayapmiz, urush holatidamiz. HAMAS Isroil davlati va fuqarolariga qarshi kutilmaganda ajalvor hujum boshladi. Isroil sarhadlarini terrorchilardan tozalashga, zaxiradagilarni safarbar qilishga buyruq berdim. Dushman hamma qilgani uchun nasibasini oladi», degan Netanyahu.
Isroil prezidenti Itsxak Gersog HAMAS hujumlari ortida Eron turganini aytgan.
Hozirgacha 100 nafar isroillik halok bo‘lgani, 908 nafar isroillik turli darajadagi tan jarohatlar bilan kasalxonaga tushgani ma’lum qilingan. Yahudiylarda shanba kuni dam olish kuni bo‘lgani uchun faqat navbatchi shifokorlar ishlaydi. Lekin hujum boshlangach, shifokorlar ko‘ngilli tarzda ishga chiqqan.
Isroil tomoni HAMAS a’zolari qaysi aholi yashash punktlariga kirganini aniqlagan. Mamlakat armiyasi harbiylari politsiya va maxsus kuchlar bilan birlashgan holda shu hududlarga yuborilmoqda. Tinch aholi vakillaridan uyda eshiklarni yopib o‘tirish so‘ralmoqda.
Isroil harbiylari «Temir qilich» operatsiyasini boshlagan
Isroil mudofaa vaziri Yoava Galant zaxiradagi harbiylar uchun favqulodda chaqiruv e’lon qilgan. «Bugun ertalab HAMAS jiddiy xato qilib, Isroil davlatiga qarshi urush ochdi», degan vazir.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilingani, huquq-tartibot organlari saflariga ko‘ngillilar saralanishini ma’lum qilgan. Bosh vazir Binyamin Netanyahuning sud islohotiga norozilik ramzi o‘laroq avvalgi chaqiruv mashg‘ulotlarida qatnashmagan zaxiradagi harbiylar ham bu gal o‘z ixtiyori bilan armiya safiga yozilgan. Mamlakat sobiq bosh vaziri Naftali Benet ham ko‘ngillilar guruhiga qo‘shilgan.
Isroil harbiy-havo kuchlari HAMASning G‘azodagi 21 obektiga aviazarbalar yo‘llagan: 17 harbiy obekt va to‘rtta qo‘mondonlik punktiga. Isroil mudofaa armiyasi rasmiy vakili Richard Xext CNN uchun bergan intervyusida 7 oktyabr kuni oxiriga qadar «Isroil hududida birorta tirik terrorchi qolmasligi»ga umid bildirgan. Isroil janubi politsiyachilar tomonidan o‘rab olingan, 20 dan ortiq aholi yashash manzillarida maxsus bo‘linmalar harakatlanmoqda. G‘azoga yaqin joylashgan Nirim shahrida HAMASning to‘qqiz a’zosi o‘ldirilgani xabar qilingan.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil armiyasi HAMAS jangchilari kirgan barcha hududlarga yetib borgan. Tarmoqda o‘nlab falastinliklar qo‘lga olingani tasvirlangan suratlar paydo bo‘ldi. Isroil milliy xavfsizlik kengashi G‘azo bo‘lgasida quruqlik operatsiyasi o‘tkazishga ruxsat bergan. Isroil aviatsiyasi javob zarbalari berishga tayyorgarlik jarayonidan video e’lon qildi.
O‘z navbatida, Falastin muxtoriyati sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, G‘azo bo‘ylab aviazarbalar oqibatida 198 kishi halok bo‘lgan va 1610 kishi jarohatlangan. Vazirlikning qayd etishicha, G‘azo bo‘lgasi shimolidagi shifoxonaga ham zarba berilgan.
Isroil maxsus xizmatlari «qovun tushirdi»mi?
Isroil armiyasi xabarida aytilishicha, HAMAS mamlakat chegaralarini quruqlikdan, havodan va dengizdan kesib o‘tgan. Falastinliklar Isroilning Sderot shahri ko‘chalarida ko‘rinish bergan. Bu Isroilning G‘azo bilan chegarasiga yaqin joylashgan shahar.
Harbiy ekspertlar HAMAS hujumga juda jiddiy tayyorlangan deb hisoblamoqda.
«Bu Isroil uchun juda jiddiy muvaffaqiyatsizlik. Ayniqsa razvedka ma’lumotlari olish masalasida. Axir bu davlat Yaqin Sharqdagi razvedka ma’lumotlari to‘plash bo‘yicha tengsiz», deydi BBC eksperti Frenk Gardner.
Hozircha yuqori professionalikka ega bo‘lmagan HAMAS jangchilari qanday qilib dunyoning eng zo‘r razvedkalaridan birini dog‘da qoldirganiga ekspertlar ham, Isroil hukumatidagilar ham javob topa olmayapti.
Isroil bo‘ylab «minglab» raketalar
Isroil ertalabdan G‘azo sektoridan amalga oshirilgan yopirilma raketa zarbasi ostida qolib ketdi. Mamlakat janubi va g‘arbida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar ishlagan. Ashkelonda raketa zarbasidan keyin yong‘inlar chiqqan.
HAMAS qo‘mondonlari hujumning dastlabki 20 daqiqasi ichida Isroil tomonga 5 mingta raketa va snaryad otilganini aytgan. HAMASning yuqori martabali komandiri Muhammad Dayf falastinliklarni jang qilishga chaqirib, raketa zarbalari davom etishini ma’lum qilgan.
Isroil janubi va markazida yashovchilardan bombapanalar yaqinida bo‘lish so‘ralgan. Mahalliy gazetalardan biriga qo‘ng‘iroq qilgan isroillik singlisining uyiga HAMAS jangchilari kirganini aytgan. Falastinliklar Isroil armiyasining bir qancha zirhli texnikalarini ham egallagan. Ular katta ehtimol bilan harbiy baza avtoturargohida turgan mashinalarni o‘lja qilishgan. Tarmoqda HAMAS jangchilari isroillik harbiyni tankdan tushirib, otayotgani aks etgan videolar ham tarqaldi.
Bu galgi eskalatsiya o‘zgacha ekanini HAMAS Quddusga ham raketa otganidan bilish mumkin. Odatda harakat musulmon olamining muqaddas masjidi Al-Aqso joylashgan va falastinliklar ham yashaydigan bu shaharga zarba berishda juda ehtiyot bo‘ladi.
Xalqaro reaksiya
Xalqaro yetakchilar Falastin va Isroil chegarasidagi voqealarga munosabat bildirmoqda. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an har ikki tomonni bosiqlik bilan ish ko‘rishga chaqirgan. Misr eskalatsiya kuchayishining salbiy oqibatlaridan ogohlantirdi. Misr tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri Yevropa Kengashi tashqi siyosat bo‘yicha yetakchisi Jozep Borrel bilan telefon suhbati o‘tkazgan.
AQSh va Buyuk Britaniya Isroilga hujumni keskin qoralagan. Pentagon rahbari Lloyd Ostin Isroilga o‘zini himoya qilish uchun barcha kerakli vositalar berilishini aytdi. Germaniya kansleri Olaf Shols Isroil bilan birdamligini bildirgan.
Falasinni esa kutilganidek birinchi bo‘lib Eron qo‘llab-quvvatlagan. «Biz «Aqso to‘foni» operatsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz. Falastin va Quddus ozod qilunganga qadar falastinlik mujohidlar bilan birgamiz», deya eronlik genaral Rahim Safavining so‘zlarini keltirgan Mehr nashri.
Keyinroq OAVda «Tolibon» harakati ham Falastinni qo‘llashi haqida xabarlar tarqaldi. «Agar Isroilga chegaradagi arab davlatlari imkon berishsa, biz Quddusni egallashga tayyormiz», deya harakat bayonotini keltirgan qator nashrlar.
Mavzuga oid
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
17:40 / 08.11.2024
«Makkabi» muxlislari Amsterdamda Falastin bayrog‘ini yoqib, tartibsizlik keltirib chiqarishdi va so‘ng taksichilar taqibiga uchrashdi
17:32 / 08.11.2024
Netanyahu mudofaa vazirini bo‘shatdi: bu g‘alayonlarga sabab bo‘lmoqda
14:13 / 08.11.2024