Jahon | 09:44 / 11.10.2023
9639
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil bir kun ichida G‘azo sektoriga yuzlab raketa zarbalari berdi

Isroil armiyasi bir kun davomida G‘azoning al-Furqon va at-Tuffa tumanlarida kamida 450 nishon tor-mor etilganini e’lon qilib, ularni «terror uyalari» deb atadi. HAMASning Isroilga hujumi qurbonlari soni 1000 kishidan oshdi.

Foto: Mahmud Hams/AFP

11 oktyabr, chorshanbaga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari G‘azo shahridagi al-Furqon hududiga kun davomida uchta havo hujumi uyushtirib, 450 nishonga zarba berganini ma’lum qildi. TsAXALning X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq Twitter) postida bu hudud «HAMAS harakati Isroilga qarshi hujumlarini rejalashtiradigan va amalga oshiradigan terrorchilar uyasi» sifatida tavsiflanadi.

Boshqa postda Isroil armiyasi G‘azoning yana bir hududi - at-Tuffaga yana 70 ta zarba bergani haqida xabar qilgan. Bundan tashqari, TsAXAL ma’lum qilishicha, ular Falastin yana bir guruhining G‘azo sektoridagi obektiga zarba bergan.

Isroil armiyasi 7 oktyabrdan beri G‘azo sektoriga havo va dengiz orqali zarba berib kelmoqda. Shu kuni ertalab HAMAS harakati jangchilari avvaliga Isroilni G‘azo sektoridan raketalar bilan nishonga oldi, so‘ngra Isroil hududiga kirdi. Isroil bunga javoban HAMAS salohiyatini yo‘q qilish uchun harbiy operatsiya boshladi va G‘azo sektorini to‘liq blokadaga olganini e’lon qildi. 

Falastin va Isroilda hujum qurbonlari soni ortib bormoqda 

Isroilda, KAN telekanaliga ko‘ra, to‘rt kun ichida HAMAS hujumlari oqibatida kamida 1200 kishi halok bo‘lgan, yana 3000 ga yaqin odam jarohatlangan. TsAXAL ushbu mavzu bo‘yicha o‘zining so‘nggi xabarida nisbatan ehtiyotkorroq raqamlarni taqdim etdi: «1000 dan ortiq» kishi halok bo‘lgan va «2800 dan ortiq» odam yaralangan. 

Falastin tomoni 10 oktyabr oqshomida 7 oktyabrdan buyon kamida 900 kishi halok bo‘lgani, 4500 ga yaqin kishi jarohatlangani haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid