Jahon | 09:35 / 12.10.2023
8460
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda uchta vokzalni DXSh doirasida rivojlantirish rejalashtirilmoqda

Davlat-xususiy sheriklik doirasida Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temiryo‘l vokzallarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. 

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari doirasida uchta temiryo‘l vokzalini rivojlantirish taklif qilinmoqda. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.

Gap Toshkent, Samarqand va Qo‘qon vokzallari haqida bormoqda. Transport vazirligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda stansiyalarni DXSh asosida rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.

Transport vazirligi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan birgalikda «Navoiy-Uchquduq» temiryo‘l uchastkasini elektrlashtirish loyihalari samaradorligini ham o‘rganadi.

Bundan tashqari, «Toshkent-Angren» uchastkasida ikkinchi elektrlashtirilgan liniyani qurish, mavjud uchastkani modernizatsiya qilish, ushbu yo‘nalishda joylashgan sanoat korxonalari yuklarini eksport qilishda logistika xizmatlari ko‘rsatish uchun terminal va Toshkent viloyati Ohangaron tumanida multimodal transport logistika markazini yaratish bo‘yicha loyihani o‘rganish topshirildi.

Shuningdek, uch oy muddatda tegishli infratuzilmani yaratgan holda shahar ichida joylashgan stansiyalarni Toshkentdan tashqariga ko‘chirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish ham topshirilgan. Bo‘shaydigan yer uchastkalari onlayn auksionda sotiladi. Sotishdan tushgan mablag‘lar temiryo‘l tarmog‘i infratuzilmasini rivojlantirishga hamda respublika budjetiga teng ulushlarda yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid