Jahon | 14:56 / 18.10.2023
36108
11 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda shifoxonaga raketa zarbasi. So‘nggi ma’lumotlar

HAMAS hodisada Isroilni ayblagan. TsAHAL shifoxona hududiga tushgan raketa «Islom jihodi» tomonidan uchirilganini aytmoqda.

Foto: Videodan kadr

17 oktyabr kuni kechqurun G‘azodagi Al-Ahli baptistlar shifoxonasida ro‘y bergan portlash oqibatida yuzlab falastinliklar halok bo‘ldi va yaralandi. Shifoxona hududidagi cherkovda G‘azo isroillik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida o‘z uylarini tark etgan falastinliklar uchun boshpana ham joylashgandi.

G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS harakati shifoxonaga zarba uchun aybni Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL) zimmasiga yuklagan. G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligi dastlab 300 ga yaqin kishi halok bo‘lganini xabar qilgandi. Keyinroq qurbonlar soni 500 dan ortiqligi haqida xabar paydo bo‘ldi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yana yuzlab kishilar xarobalar ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Qurbonlar soni bo‘yicha aniq rasmiy raqam yo‘q. Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos Al-Ahlidagi fojia tufayli uch kunlik motam e’lon qilgan.

Harbiy tahlilchilar va ekspertlar G‘azodagi kasalxonaga Amerikada ishlab chiqarilgan JDAM raketasi bilan zarba berilganini aniqlashgan. Bu haqda turli davlatlardan o‘nlab yirik ekspertlar bayonot bergan. Amerikaning JDAM raketasining o‘ziga xos sifati uning tovushi hisoblanadi. Raketa juda katta tezlikda uchgani va ma’lum bir shaklga ega bo‘lgani uchun uning tovushini boshqa raketalardan oson farqlash mumkin.

TsAHAL esa G‘azo sektoridagi shifoxonalar bo‘ylab zarbalar bermayotganini ma’lum qilgan. Isroil harbiylariga ko‘ra, portlash «Islom jihodi» guruhining Al-Ahli shifoxonasi yaqinida muvaffaqiyatsiz raketa uchirishi oqibatida sodir bo‘lgan.

TsAHAL matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida falastinliklar Isroil tomon raketa uchirishi aks etgan videoni namoyish etgan. Unda raketa, hozircha noma’lum sababga ko‘ra, 17 oktyabr kuni soat 18:59 da portlab ketgani — xuddi shu vaqtda shifoxonaga zarba kelib tushgani aytilgan.  

Shuningdek, Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azo sektoridagi shifoxona hududining zarbadan oldingi va keyingi holati aks etgan videoni namoyish etgan.

Videoga ko‘ra, raketa zarbasi shifoxona binosining o‘ziga emas, uning yonidagi avtoturargohga kelib tushgan.

G‘azodagi Al-Ahli shifoxonasidagi portlash oqibatlari, 2023 yil 17 oktyabr
Mohammed Saber / EPA / Scanpix / LETA
G‘azodagi Al-Ahli shifoxonasi raketa zarbasi kelib tushganidan keyingi tongda, 2023 yil 18 oktyabr
Mohammed Al-Masri / Reuters / Scanpix / LETA

Biroz o‘tib Times of Israel nashri muxbiri Isroil armiyasining shifoxonaga G‘azodan uchirilgan raketasi tushgani haqidagi bayonotini dalillash maqsadida kuzatuv kamerasiga muhrlangan videoni namoyish etdi.

G‘azo sektori shimolidagi Netiv Xa-Asara aholi yashash manzilida olingani aytilgan videoda o‘ng tomondan (ya’ni G‘azoning dengiz tomonga yaqin qismidan) chap tomonga, Isroilning janubiy hududlari yo‘nalishida ko‘plab raketalar birdaniga uchirilgani aks etgan. Raketalarning olovli dumlari qorong‘ilikda g‘oyib bo‘lganidan bir necha soniya o‘tib, pastda, taxminan raketalar trayektoriyasi ostida kuchli portlash ro‘y beradi.

Bundan tashqari, Isroil mudofaa armiyasi shu kuni G‘azo hududidan uchirilgan raketalarning radar tomonidan qayd etilgan trayektoriyasi tasvirlangan sxemani namoyish etgan. Unga ko‘ra, Al-Ahli shifoxonasi trayektoriya ostida joylashgan.

«Falastin islom jihodi» ayblovni rad etgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham shifoxonaga zarba «falastinlik jangarilar tomonidan yo‘llangani»ni aytgan. «Butun dunyo bilishi kerak: G‘azo sektoridagi shifoxonaga TsAHAL emas, vahshiy terrorchilar hujum qildi. Bizning bolalarimizni shafqatsizlarcha o‘ldirganlar o‘z bolalarini ham o‘ldirishdi», — deya yozgan u tvitter sahifasida.

Isroil bosh vaziri maslahatchisi Mark Regev BBC bilan suhbatda odatda falastinliklar Isroil hududiga otadigan raketalarning 33 foizga yaqini nishonga yetmasdan, G‘azo hududiga qulashini ta’kidlagan.

Al-Ahli shifoxonasi raketa zarbasidan keyin, 2023 yil 17 oktyabr
Mohammed Saber / EPA / Scanpix / LETA
Falastinlik o‘smir yarador bolani G‘azodagi Al-Shifo shifoxonasi bo‘ylab olib ketmoqda. 2023 yil 17 oktyabr
Mohammad Abu Elsebah / dpa / Scanpix / LETA
Al-Ahlidagi portlashda jabrlanganlar qo‘shni Al-Shifo shifoxonasiga olib borildi. Yaradorlar qabul bo‘limidagi yo‘lakka joylashtirilgan. 2023 yil 17 oktyabr
Abed Khaled / AP / Scanpix / LETA
Al-Ahlidagi portlashdan keyin Al-Shifo shifoxonasiga olib borilgan falastinliklarning jasadlari. 2023 yil 17 oktyabr
Dawood Nemer / AFP / Scanpix / LETA
Falastinlik shifokorlar Al-Ahli shifoxonasi hovlisida yarador va halok bo‘lganlarni qidirmoqda, 2023 yil 17 oktyabr
Mohammed Saber / EPA / Scanpix / LETA
Al-Ahlidagi portlashdan keyin G‘azodagi Al-Shifo shifoxonasiga olib borilgan yaradorlar. 2023 yil 17 oktyabr
Abed Khaled / AP Photo / Scanpix / LETA

Xalqaro reaksiya

Misr G‘azo sektoridagi shifoxonaga zarbani «eng qat’iy tarzda» qoralagan. Mamlakat TIV xalqaro hamjamiyatni zudlik bilan aralashishga chaqirgan.

Kanada bosh vaziri Janstin Tryudo hodisani «dahshatli va mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» holat deb atadi.

Qatar TIV isroilliklarning «shifoxonalar, maktablar va boshqa aholi yashash manzillari hujumlari» mojaroni keskinlashtirish hisoblanishini ma’lum qilgan.

Al-Ahli shifoxonasiga zarbani Turkiya, Arab davlatlari ligasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Yevroittifoq raisi Sharl Mishel qoraladi. Misr, Iordaniya, Saudiya Arabistoni va Bahrayn ham ro‘y bergan hodisada Isroilni ayblagan. Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklari 18 oktyabr kuni G‘azodagi shifoxonada ro‘y bergan hodisa munosabati bilan BMT Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirdi. RF TIV rasmiysi Mariya Zaxarova G‘azodagi shifoxonaga zarbani «noinsoniy harakat» deb atadi va Isroilni o‘zining zarbaga aloqadormasligini isbotlashga chaqirdi. RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev G‘azodagi shifoxonaga zarba uchun aybni AQSh zimmasiga yukladi.

18 oktyabrga o‘tar kechasi Yaqin Sharqning bir qator mamlakatlarida G‘azodagi shifoxonaga zarba tufayli ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi. Xususan, Turkiya, Iordaniya, Misr, Tunis, Suriya, Livan, Yaman va Eronda aksiyalar uyushtirildi. Namoyishchilar Isroil va AQSh elchixonalari atroflarida yig‘ilgan. Shuningdek, Iordan daryosining G‘arbiy sohilida ham ommaviy namoyishlar boshlangan.

Iordaniyada Bayden ishtirokidagi sammit bekor qilindi

Iordaniya AQSh prezidenti Jo Bayden ishtirokida 18 oktyabr kuniga rejalashtirilgan to‘rt tomonlama sammit bekor qilinganini ma’lum qildi. Bundan oldinroq Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos sammitda ishtirok etishdan bosh tortgandi.

«Endi o‘t ochishni to‘xtatishdan boshqa masala haqida gaplashishdan ma’no yo‘q», — degan Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Safadiy sammit bekor qilinishi haqida e’lon qilarkan.

Bayden va Abbosdan tashqari, payshanba kungi sammitda Misr prezidenti Abdul-Fattoh as-Sisi hamda Iordaniya qiroli Abdulloh II ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgandi.

BBC’ning AQSh Davlat departamentidagi muxbiri Barbara Plett-Asherga ko‘ra, shifoxonada ro‘y bergan hodisa - Isroilga tashrif bilan yo‘l olgan Bayden uchun barcha ehtimoliy ssenariylardan eng yomoni bo‘ldi. Chunki portlash ro‘y bergan shifoxona - shubhasiz fuqarolik obekti. Bu yerda nafaqat kasal va yaradorlar, balki urushdan «xavfsiz hudud»ga qochib kelganlar ham to‘plangandi.

Maktabga zarba

Seshanba kuni kunduzi G‘azodagi Al-Magazi qochqilar lageri hududidagi maktabga ham aviazarba berilgani ma’lum bo‘lgan, uning oqibatida, BMT ma’lumotiga ko‘ra, kamida olti kishi halok bo‘lgan.

Shuningdek, o‘nlab kishilar yaralangani, ularning soni oshishi mumkinligi aytilgan.

«Bu g‘azabni keltiradi va tinch aholi hayotiga ochiqdan ochiq e’tiborsizlikni yana bir bor namoyish etadi, — deyiladi bayonotda. — G‘azoda xavfsiz joy qolmadi, hatto UNRWA obektlari ham xavfsiz emas».

Falastinlik qochqinlarga ko‘mak berish agentligi (UNRWA) zarba Isroil G‘azo sektorini bombardimon qilishi chog‘ida kelib tushganini ta’kidlagan.

«Bu maktab kamida 4000 kishi uchun boshpanaga aylangan. Ularning boradigan boshqa joyi yo‘q va ular hozir ham hech qayerga ketmayapti», — deya xabar bergan tashkilot.

7 oktyabrdan buyon Isroil HAMASning G‘azo sektoridagi 5 mingdan ortiq obektiga zarba yo‘llagan va Falastin tinch aholisi orasida «ko‘p sonli qurbonlardan qochish» uchun boshqa ko‘plab zarbalarni bekor qilgan, degan seshanba kuni Reuters agentligi bilan anonim tarzda suhbatlashgan isroillik mulozim.

U ko‘p kunlik bombardimonlar davomida aynan qancha zarba bekor qilinganiga aniqlik kiritmagan. Falastin sog‘liqni saqlash organlari ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha qurbonlar soni 3 ming kishidan oshgan.

Agentlik suhbatdoshi bunday amaliyotlarning har biri Isroilning «eng oliy darajadagi» rahbariyati tomonidan ma’qullanishini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid