O‘zbekiston | 10:00 / 22.10.2023
19380
13 daqiqa o‘qiladi

Tarqalib ketgan parollar, poyezddagi pora va qullikdan qutqarilganlar - hafta dayjesti

Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

200 ming o‘zbekistonlikning login-parollari tarqatildi

O‘tgan hafta internetda dunyo bo‘ylab 180 milliondan ortiq kishining turli platformalardagi login va parollari tarqalib ketgan edi. Mas’ul idoralar kiberhujumga uchraganlardan 200 mingdan ortig‘i o‘zbekistonliklar ekanini aniqladi. DXX huzuridagi Kiberxavfsizlik markaziga ko‘ra, fuqarolarning tarqalib ketgan login-parollaridan aksariyati ishchi holatida, ya’ni ular yordamida foydalanuvchilarning akkauntlariga kirish mumkin. Bu esa davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari xavfsizligiga kibertahdidlarni keltirib chiqaryapti.

Kun.uz bilan gaplashgan soha mutaxassislariga ko‘ra, hakerlar tarqatgan login-parollar qatorida hukumatning yagona identifikatsiya tizimi – OneID, banklar va to‘lov tizimlari, Davlat test markazi va oliygohlarning o‘quv tizimlari, onlayn do‘konlar va ko‘ngilochar portallar, shuningdek, turli saytlarning boshqaruv panellariga kirish kodlari ham bor.

Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mavjud vaziyat bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilyapti, lekin OneID tizimiga kiberhujum bo‘lmagan, shuningdek, tizimning ishida nosozliklar ham kuzatilmagan. Vazirlikka ko‘ra, tizimning o‘ziga emas, tizimdan foydalanuvchi fuqarolarning elektron qurilmalariga hujum qilingan. Biz suhbatlashgan ekspertlar ham shunday fikrni ilgari surdi. Ularga ko‘ra, dunyo bo‘ylab millionlab foydalanuvchilarning internetga kiradigan qurilmalariga viruslar tushgan bo‘lib, bu viruslar brauzerdagi login-parollarni yig‘ib, hakerlarga uzatgan.

Kiberxavfsizlik markazi maxsus Telegram-botni ishga tushirib, fuqarolarga ularning shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketgani yoki yo‘qligini tekshirish imkoniyatini yaratdi. Agar siz ham login-parollari o‘g‘irlangan 200 ming kishidan biri bo‘lsangiz, birinchi navbatda parolni o‘zgartirishingiz, keyin kompyuter yoki smartfondan virusli dasturni o‘chirib tashlashingiz, shundan so‘ng parolni yana bir marta o‘zgartirishingiz kerak.

Bunday viruslardan saqlanish uchun esa internetdan jo‘natilgan turli shubhali havolalar va fayllarni ochmaslik, ishonchsiz manbalardan olingan dasturlarni o‘rnatmaslik tavsiya etiladi. Shuningdek, murakkab parollardan foydalanish, bitta parolni bir nechta resurs uchun ishlatmaslik, ikki bosqichli autentifikatsiya funksiyalarini yoqib qo‘yish, lisenzion dasturiy mahsulotlardan foydalanish kerak. Shu bilan birga, bepul VPN servislar ham sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni o‘g‘irlashi mumkinligini yodda tutish lozim.

Sergelidagi portlash sababi ma’lum qilindi

Sergelidagi portlagan omborda katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish mahsulotlari va boshqa tovarlar belgilangan talablarga rioya qilmasdan aralash holda saqlangan. Bu haqda hodisa yuzasidan tuzilgan hukumat komissiyasi ma’lum qildi.

Komissiyaning birlamchi xulosasiga ko‘ra, omborda vodorod peroksidiga yaqin joyda gulqog‘ozlar va boshqa yonuvchi materiallar ham saqlangan. Kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi natijasida kimyoviy o‘z-o‘zidan yonish yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgan, deyiladi rasmiy ma’lumotda. Tergov departamenti yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish moddasi bilan 4 kishini qamoqqa qolgan, yana 1 kishiga garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. Gumondorlarning shaxsi va qaysi lavozimda ishlashi ma’lum emas.

Voqea natijasida omborga yaqin uyda bo‘lgan o‘smir yigit halok bo‘lgan edi. Rasmiylarga ko‘ra, 150 kishi yengil, 13 kishi og‘ir tan jarohati olgan, ularning barchasi sog‘aygan. Hodisadan ziyon ko‘rgan xonadonlar soni avvalroq aytilgan 600 ta emas, 1370 ta ekani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, 246 ta yakka tartibdagi uyga ham zarar yetgan. Jami zarar miqdori 14,5 mlrd so‘m yoki taqriban 1,2 mln dollarga baholangan. Bu miqdor sudda aybdor deb topilgan shaxslardan undiriladi.

Muborakda baxtsiz hodisa

Qashqadaryo viloyatida avtobusning gaz balloni portlashi oqibatida 24 kishi jabrlandi. Voqea o‘tgan yakshanba kuni Muborak tumanida ro‘y berdi. Isuzu avtobusi yo‘lovchilar bilan harakatlanib ketayotgan vaqtda avtobusning gaz balloni portlab ketgan.

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ko‘ra, voqeadan keyin 24 kishi kasalxonaga olib kelingan. Ulardan 16 nafariga ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. 4 bemor turli jarohatlar bilan jarrohlik bo‘limida qoldirilgan, 4 nafari reanimatsiya bo‘limiga yotqizilib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Vafot etganlar yo‘q. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Isuzu avtobuslariga o‘rnatilgan gazballonlarning portlashi birinchi marta ro‘y bermayapti. O‘tgan yili Sirdaryo viloyatidagi shunday hodisa oqibatida 6 kishi halok bo‘lib, 15 kishi jarohatlangan, 2018 yilda esa Buxoroda “Isuzu”ning gazballoni portlashi 5 kishining o‘limiga va 21 kishining jarohatlanishiga sabab bo‘lgandi.

Temiryo‘l: Chipta narxlari hozircha oshmadi, biznes klassga qonuniy o‘tish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda temiryo‘l chiptalari narxi 20 oktyabrdan oshmaydigan bo‘ldi. “O‘zbekiston temiryo‘llari” bu sanadan boshlab tezyurar va yuqori tezlikdagi poyezdlarning chiptalari mos ravishda 50-100 foizga qimmatlashishini e’lon qilgan edi. Kompaniya 20 oktyabr kuni narxlar oshmagani va qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, yakunda “Afrosiyob” poyezdlari narxi avval belgilanganidek 2 barobarga oshirilmasligi mumkin.

Niderlandiyalik blogerdan keyin, shu hafta o‘rtalarida endi turkiyalik sayyohlar Toshkent–Andijon yo‘nalishidagi poyezdda ekonom klassdan VIP klassga o‘tish uchun 100 ming so‘m bergani aytilgan video tarqaldi. “Hayotimizda birinchi marta pora berdik, o‘zimni biroz yomon his qildim”, degan videoda turk sayyohi. Mas’ullar bu safargi videoning qaysi kun, qaysi poyezd va vagonda olinganini bilmagani uchun holatni isbotlay olmagani va aybdorni topa olmaganini bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu kabi videolar ortidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” apgreyd tizimini ishga tushirishga qaror qilgan. Kompaniya raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatilla Rahmetovning aytishicha, bu tizim ishga tushgach, ekonom klassda ketayotgan yo‘lovchi biznes klassda joy borligini ko‘rsa, o‘sha yerning o‘zida biznes klassning pulini to‘lab, qonun doirasida shu joyga o‘tishi mumkin bo‘ladi. “U to‘lagan pul esa budjetga, soliqqa tushaveradi, endi shu narsani rasman joriy etamiz”, – dedi “O‘zbekiston temiryo‘llari” raisi o‘rinbosari.

Isroilda O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgani tasdiqlanmadi

Isroilda HAMASning hujumlaridan halok bo‘lgan 1400 dan ortiq qurbonlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham borligi haqida Tel-Avivdagi elchixonamizga hozircha rasmiy ma’lumot kelib tushmagan. Elchixona Isroilda O‘zbekistonning 3 nafar fuqarosi halok bo‘lib, 4 nafari bedarak yo‘qolgani haqida tarqalgan xabarni tasdiqlamadi.

Ma’lum qilinishicha, Isroil janubiga qilingan hujum oqibatida O‘zbekistonda tug‘ilgan 5 kishi halok bo‘lgan. Diplomatlarga ko‘ra, ular 90-yillardagi repatriatsiya dasturi asosida Isroilga ko‘chib ketgan bo‘lib, amaldagi O‘zbekiston fuqarolik pasportiga ega emas.

O‘zbekiston elchixonasi, shuningdek, Isroilning Xolon texnologiya institutida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalarni vatanga qaytardi. Ular o‘qishini onlayn davom ettirishiga kelishilgan.

Ayni paytda, to‘xtovsiz bombardimon qilinayotgan G‘azo hududidagi o‘zbekistonliklar borasida ma’lumotlar yo‘q. Hafta davomida sektordagi shifoxonalardan biriga tushgan raketa yuzlab qurbonlarga olib kelgani aytilmoqda. Jahon hamjamiyati, xususan O‘zbekiston bu dahshatli zo‘ravonlikni keskin qoraladi. Tashqi ishlar vazirligi mojaro tomonlarini zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga va o‘t ochishdan tiyilishga chaqirdi. Ma’lumot uchun, HAMAS harakati 7 oktyabrdan buyon G‘azoda halok bo‘lganlar soni 4 mingga yaqinlashganini xabar qilgan.

Qozog‘istonda qullikka tushib qolgan oltmishdan ortiq o‘zbekistonlik qutqarildi

Xorijdagi vatandoshlar haqida haftaning asosiy yangiligi Qozog‘istonda yangradi. Mahalliy matbuotga ko‘ra, Chimkentda qullikka tushib qolgan 60 dan ortiq o‘zbekistonlik ozod qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, ular g‘isht zavodida majburan ushlab turilgan va ishlatilgan.

Qozog‘iston politsiyasi qullikka tushib qolgan xorijliklar haqida Aqto‘beda yashovchi 23 yoshli o‘zbekistonlik yigitning singlisidan bilib olgan. 14 oktyabr kuni u huquq-tartibot organlari bilan bog‘lanib, akasi Olmaotada o‘g‘irlab ketilganini aytgan. Organ xodimlarining aniqlashicha, bu fuqaro Chimkentdagi g‘isht zavodida ishlab yurgan, ishdan bo‘shamoqchi bo‘lganida boshliqlari pasportini qaytarib bermagan, ish haqini ham to‘lamagan.

Jinoyat fosh etilgach, uch nafar “ish beruvchi” qo‘lga olingan. Fabrika hududi tintuv qilinganida, u yerda 60 dan ortiq xorijlik ishchi borligi ma’lum bo‘lgan, ularning hammasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib chiqqan. Aniqlanishicha, zavod egalari xorijliklarni ishga taklif qilgan va yetib kelishi bilan ularning hujjatlarini olib qo‘ygan. Jinoyatchilar ularni maosh bermasdan ishlatib, vaqti-vaqti bilan kaltaklab, o‘lim bilan qo‘rqitib turishgani aytilmoqda.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

UzAuto Motors sotuvda yo‘q modellarining narxini oshirdi. Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillari 4,7 mln so‘mdan 9 mln so‘mgacha qimmatlashdi. Avtomat uzatmali Cobalt narxi 141 mln so‘mdan, avtomat uzatmali Lacetti narxi 169 mln so‘mdan oshdi, Damas'ning qiymati qariyb 97 mln so‘mga yetdi. Bu modellarning hech biri erkin sotuvda yo‘q va qachon bo‘lishi ham ma’lum emas.

Toshkentdagi ayrim shoxobchalarda benzinga navbatlar yuzaga keldi. Xususiy shoxobchalarda AI-80 benzini sezilarli qimmatlashgan yoki umuman yo‘q. Bu esa 6050 so‘mlik narxni saqlab qolgan “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida tirbandliklarni yuzaga keltirmoqda. Ayni paytda, Raqobat qo‘mitasi benzin taqchilligiga olib keladigan omillar borligini inkor qilyapti.

Andijon viloyatining Baliqchi tumanida paxta xirmoniga o‘t ketdi. Internetda tarqalgan videolarda bir nechta paxta uyumi yonayotgani, uyumlardan birini butunlay olov qoplab olganini ko‘rish mumkin. Qishloq xo‘jaligi vazirligi esa atigi 12 kg paxta yonganini ma’lum qildi. Yong‘inni o‘chirgan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi esa holat bo‘yicha ma’lumot bermadi.

AQSh hukumati Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza nazoratini kuchaytirishni so‘ramoqda. Xabarlarga ko‘ra, Yevropa aeroportlari orqali tranzit o‘tayotgan yo‘lovchilarning Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy yo‘llar bilan kirishga urinishlari Amerika rasmiylarini xavotirga solmoqda. Shu sababli ular Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun aeroportlarda tranzit vizasi talab qilishni so‘rayapti. Yevropa tomonining bu so‘rovga javobi hozircha ma’lum emas.

Toshkent tumani prokurori yordamchisi pora bilan qo‘lga olindi. U fuqaroni Milliy gvardiyaga ishga kiritib qo‘yish uchun 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, Yangiyo‘l tumanida soliq inspektori 4500 dollar pora bilan qo‘lga tushdi. U inspeksiyaning shu’ba boshlig‘i bilan til biriktirib, tadbirkorga soliq qarzdorligini hal qilib berishni va’da qilgani aytilyapti.

Mavzuga oid