Irpinda tiklash ishlari, Kiyevda rus dronlari ko‘rgazmasi. Urush suratlari
Ukrainada urushning 607-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- «Vajniye istoriya»ning aniqlashicha, RF mudofaa vazirligi ayollarni merganlar va dron operatorlari otryadlari uchun urushga yollay boshladi. Ularga 220 ming rubldan boshlanuvchi maosh bilan yarim yillik shartnomalar taklif etilmoqda. Agar nomzodlarda qurol bilan muomila qilish ko‘nikmasi bo‘lmasa, ularga bir oy Donetskda harbiy tayyorgarlikdan o‘tish taklif etiladi.
- Vengriya yana Ukrainaga 500 million yevro miqdorida harbiy yordam o‘tkazishga qarshi chiqdi. 2022 yilda Budapesht Ukrainaga 18 milliard yevrolik yordam ko‘rsatish dasturini bloklagandi.
- The Washington Post ukrainalik mulozimlarga asoslangan holda Darya Duginaning o‘ldirilishi Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan uyushtirilganini xabar qildi. UXX bu ma’lumot yuzasidan izoh bermagan.
- Davlat dumasining sobiq deputati Dmitriy Gudkovga qarshi armiya haqida «feyk» tarqatish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Siyosatchining ta’qib qilinishiga 2022 yil aprelida uning YouTube kanalida e’lon qilingan rolikdan iqtiboslar sabab bo‘lgan. Ularda Bucha, Irpin va Borodyankada tinch aholi yoppasiga o‘ldirilgani haqida yolg‘on ma’lumotlar borligi aytilgan.
- Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi yo‘qotishlarini kuzatib boruvchi Oryx loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina harbiylarining 17 oktyabrga o‘tar kechasi Berdyansk va Luhanskdagi aerodromlarga yo‘llagan zarbalari oqibatida rossiyaliklarning 9 ta vertolyoti yo‘q qilinib, yana 15 tasi shikastlangan.
Kun kadri. Rossiyalik muddatli harbiy xizmatchilar Pulkovo aeroportida
Peterburgda kuzgi chaqiruv doirasida ilk chaqirilganlar o‘quv qismlariga yuborildi. Navbatchilik joyida ular nizomni o‘rganadi, qasamyod qabul qiladi va yosh jangchilar kursidan o‘tadi, shundan keyin xizmat qilish uchun armiya bo‘linmalariga yuboriladi. Yil oxiriga qadar Peterburgda ikki yarim ming kishini xizmatga chaqirish rejalashtirilgan. Harbiy xizmat vaqti 12 oyni tashkil etadi.
29 sentabr kuni, kuzgi chaqiruv arafasida, RF bosh shtabi qo‘shimcha safarbarlik o‘tkazilmasligi, shuningdek chaqiriluvchilar Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan hududlariga yuborilmasligini ma’lum qilgandi.
2024 yil 1 yanvardan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan rossiyaliklar armiyada xizmat qilishga chaqiriladi.
Kiyevda Rossiya dronlari ko‘rgazmasi
Kiyevdagi Milliy harbiy muzeyida «Xavf yuqorida» nomli ko‘rgazma tashkillashtirildi — ekspozitsiyada RF armiyasining uchuvchisiz uchar qurilmalari taqdim etilgan. Bular urib tushirilgan yoki shikastlangan dronlar emas, balki ukrain harbiylari radioelektron kurash komplekslari (REB) orqali qo‘lga kiritgan modellardir. Bunday komplekslar dronlarning aloqa va boshqaruv tizimlari faoliyatini ishdan chiqaradigan radioshovqinlar yuboradi.
Kiyevda ko‘nggillilar Ukraina QK merganlari uchun maskirovka to‘rlari to‘qimoqda
Irpinning tiklanishi
2022 yil bahorida Bucha qatori Irpin shahri haqida ham butun dunyo bilib olgandi. Rossiya qo‘shini Irpinni keng ko‘lamli bosqin boshidayoq, 28 fevral kuni egallab olgandi, mart oyi oxirida RF armiyasi Kiyev oblastidan chekinganida, shahar Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga qaytadi. Ozod etilganidan keyin Irpinda Rossiya okkupatsiyasi vaqtida halok bo‘lgan tinch aholi vakillaridan 269 kishining jasadi topilgan.
Ukraina milliy politsiyasi okkupatsiyani boshdan kechirgan mahalliy aholi vakillariga asoslanib, Irpin uchun janglar vaqtida Rossiya harbiylari bu yerni har kuni o‘qqa tutgani haqida xabar bergan. Shu bilan birga, ukrain politsiyasiga ko‘ra, harbiy harakatlar olib borilgan kvartallarda Ukraina QK harbiylari ham, hududiy mudofaa jangchilari ham bo‘lmagan.
Bir oy ichida Irpindagi infratuzilmalarning taxminan 30 foizi, binolarning 70 foizi to‘liq yakson etilgan. Ukraina shaharlaridagi vayrongarchiliklarni qayd etib boruvchi Rebuildua ko‘ngillilar loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Irpinda yetkazilgan zarar miqdori 23,5 milliard grivnani (616 million dollardan ortiq) tashkil etadi. Quyida vayrona shaharni tiklash jarayoni aks etgan suratlar.
Mavzuga oid
17:32
Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari: u qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin?
16:11
Frontdagi vaziyat: RF qurolli kuchlari kutilmaganda Ukrainaning yana bir «qal’asi» shturmini boshladi
22:59 / 26.11.2024
Ukraina – Janubiy Koreya: kutilmaganda paydo bo‘lgan ittifoq
19:07 / 26.11.2024