Jahon | 00:03 / 26.10.2023
10456
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azodagi quruqlik operatsiyasini AQSh iltimosiga ko‘ra kechiktirdi – OAV

AQSh Yaqin Sharqdagi harbiy bazalarini mustahkamlab olishni rejalashtirmoqda.

Foto: Getty Images

Isroil Qo‘shma Shtatlar iltimosiga ko‘ra G‘azodagi quruqlik harbiy operatsiyasini kechiktirishga rozi bo‘ldi. AQSh Yaqin Sharqdagi harbiy bazalarida havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini mustahkamlab olish maqsadida Isroilga shunday iltimos bilan murojaat qilgan, deb yozdi The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib.

Qayd qilinishicha, AQSh Isroilning G‘azo sektorida quruqlik operatsiyasi boshlanganidan keyin amerikalik harbiylar turli qurolli guruhlar hujumiga uchrashi mumkinligidan xavotirda.

Shu sababli Pentagon Iroq, Suriya, Kuvayt, Iordaniya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklaridagi o‘z qo‘shinlarini raketalardan himoya qilish uchun hafta oxirigacha 10 ga yaqin havo mudofaa tizimini joylashtirishni rejalashtirmoqda.

Nashrning yozishicha, Isroil HAMAS harakatiga qarshi urush boshlaganidan beri AQSh harbiylariga kamida 13 marta hujum qilingan. Ushbu zarbalar oqibatida Qo‘shma Shtatlarning Suriyadagi 20 nafarga yaqin askari, Iroqda esa yana 10 nafari yengil jarohatlangan.

Avvalroq The New York Times ham AQSh Isroildan G‘azo sektoridagi quruqlik operatsiyasini kechiktirishni so‘ragani haqida yozgan edi. Buning sababi sifatida Amerika rasmiylari garovga olinganlar bo‘yicha muzokara o‘tkazish, sektorga gumanitar yordam yetkazish, shuningdek, Yaqin Sharqdagi Amerika muassasalari himoyasini kuchaytirish uchun vaqtdan yutishga uringani aytildi.

Bungacha Bloomberg va The Wall Street Journal AQSh garovga olinganlar bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun Isroilni G‘azo sektoridagi quruqlik operatsiyasini kechiktirishga chaqirganini yozgan edi. Shunda Isroil kechiktirishga qarshi chiqqani, ammo AQSh bosimi ostida kutishga rozi bo‘lgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid