DXX 9 kg narkotik moddalarni musodara qildi
Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qator hududlarda 9 kg narkotik moddalar musodara qilindi.
DXXning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Hazorasp tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, uning salonida jami 6 bo‘lakda 3 kg 982 gr “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxs Tojikistondan keltirilgan ushbu ajal og‘usini Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi 2 nafar fuqarodan olgani ma’lum bo‘lib, Hazorasp tumanidagi mehmonxonaning ular joylashgan xonasidan sotish uchun mo‘ljallangan 1 kg 952 “opiy” moddasi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu giyohvandlik vositasini sotib olgan vaqtida yana 2 nafar narkosavdogarlar ushlandi.
Buxoro viloyatida qayd etilgan holatda esa G‘ijduvon tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 2 nafar fuqaro Buxoro shahrida 1 kg 224 gr “opiy” moddasini 50 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Bo‘ka tumani hududida harakatlanayotgan “Nexia” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, tekshirildi.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yashovchi fuqaro yonida 1 kg 913 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ushbu ajal og‘usi tojikistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyatiga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
19:57
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ mutaxassisi 1,6 ming dollar bilan ushlandi
16:53
Namanganda 4 kishini Britaniyaga ishga yuborish evaziga 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi
11:34 / 20.11.2024
Toshkentda o‘quvchilar orasida sintetik narkotik iste’mol qilish ko‘payayotgani aytildi
14:55 / 15.11.2024