O‘zbekiston | 22:03 / 30.10.2023
21670
7 daqiqa o‘qiladi

Buxoro shahri hokimligi ko‘chirildi. Shahar markazi “snos”ga tayyorlanayotgani aytilmoqda

Buxoro shahri markazidagi 29 gektar hududda joylashgan binolar, shu jumladan stadion ham buzilib, o‘rniga turistik markaz qurilishi loyihasi yil boshida e’tirozlar sabab to‘xtab qolgandi. Kun.uz manbalariga ko‘ra, masala kun tartibiga qaytgan. Shu sabab Buxoro shahar hokimligi boshqa joyga ko‘chirilgan, buziladigan obektlarning mulkdorlari bilan kompensatsiya masalasida muzokaralar olib borilyapti.

Foto: Kun.uz

2023 yil yanvar oyida jamoatchilik Buxoro shahri markazida turistik majmua qurilishidan xabar topgan edi. Loyihaga ko‘ra, buning uchun Ibrohim Mo‘minov, Hamza va Xofiz Tonish ko‘chalari kesishmasida joylashgan 32,6 gektar hududdagi binolar, xususan markaziy stadion ham buzib tashlanishi ko‘zda tutilgandi.

O‘z navbatida, Buxoroning yangi ma’muriy markazi Gulchorbog‘ va Otbozor mahallalari hududida tanlangan 1000 gektar yerda qurilishi, unga davlat tashkilotlari joylashtirilishi kerak edi. Jamoatchilik e’tirozlaridan keyin turistik markaz loyihasi to‘xtatilgandi.

Buxoro turizm shaharchasining dastlabki loyihaviy joylashuvi / Foto: "Podslushano v Buxare" Telegram-kanali

Ma’lum bo‘lishicha, bu masala yana kun tartibiga qaytgan. Bir necha kun ilgari Buxoro shahar hokimligi Cho‘lpon ko‘chasidagi baydarka va kanoeda eshkak eshish sport majmuasiga ko‘chirilgan.

Kun.uz muxbiri hokimlik binosida bo‘lib, bino bo‘shatilgani, faqat yig‘ilishlar uchun majlislar zali ishlab turganiga guvoh bo‘ldi. Ammo bu haqda hokimlikning rasmiy sahifalarida ma’lumot berilmagan. Hokimlik vakilining aytishicha, bino kapital ta’mirlanayotgani sababli hokimiyat vaqtincha boshqa joyga ko‘chgan. U markaz buzilayotgani uchun hokimiyat ko‘chirilganini rad etdi.

Bo‘shatilgan Buxoro shahri hokimligi / Foto: Kun.uz
Bo‘shatilgan Buxoro shahri hokimligi / Foto: Kun.uz

Mahalliy jurnalistlardan biri esa ko‘chish sababi “snos” bilan bog‘liqligini aytmoqda.

“Bu aniq edi. Turizm shaharchasi baribir shu yerdan quriladi. Ammo hozircha jimjitlik. Buzish boshlanmagan, tayyorgarlik ko‘rilyapti”, – deydi buxorolik jurnalist.

Hududdagi Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabi ham tez kunda ko‘chirilishi mumkin. Bu haqda maktab xodimlari ma’lum qildi. Lekin maktab aynan qachon va qayerga ko‘chirilishi aniq emas.

Turistik shaharcha qurilishi ko‘zda tutilgan joylardan biri. Suratda o‘ngda – Buxoro viloyati hokimligi / Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

“Katta kompensatsiya bilan mulk egalarining og‘zi yopilgan”

Kun.uz manbasining so‘zlariga ko‘ra, Buxoro markazini buzish uchun dastlab 80 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi kerak bo‘lgan. Lekin bu masala birinchi marta ko‘tarilganda mulk egalari kompensatsiya miqdorini arzimas deb baholab, “snos”ga qarshi bo‘lgan.

“Bu safar shovqin chiqarmaslik uchun boshqacha yo‘l qilinyapti: hammani bir joyga yig‘ib, binolarni bo‘shatishga majburlashmayapti, balki har bir mulkdorga kattaroq kompensatsiya taklif qilinyapti. Deylik, A binoni mulkdor 10 mlrd so‘mga sota oladi, shu 10 mlrd so‘mdan ko‘proq pul taklif qilinyapti. O‘tgan yil narxni past baholashgani uchun hamma norozi bo‘lgan va shovqin chiqib ketgan. Noroziliklarning sababini tushunib yetishdi va endi bu safar hammani bir joyga yig‘ib, majlis qilishdek xatoni takrorlashmayapti”, – dedi u.

Manbaning ta’kidlashicha, yangi rejada stadionni saqlab qolish ko‘zda tutilgan, shu bilan noroziliklarni pasaytirishga harakat ketyapti.

Aholi noroziligi sababli Buxoro markaziy stadionini saqlab qolishga qaror qilingan / Foto: "Buxoro" FK

“Bu masala birinchi marta ko‘tarilganda stadion buzilishiga qarshi chiqqanlarning ovozi balandroq eshitildi, e’tirozlar kutubxona, maktab, davlat idoralarini buzish atrofida bo‘lmagan. Davlat rahbarining oldiga ham odamlar stadion buzilishidan noroziligi haqidagi argumentni olib kirishgan. Shu sababli bu safar shovqin chiqmasligi uchun stadionni o‘rnida qoldirishyapti, mulk egalarining ham og‘zi yopilyapti. Lekin haqli savol tug‘iladi: o‘zi qiynalib yotgan davlat budjeti buncha katta summadagi “snos” uchun qayerdan pul topib beradi? Men buzish yana soliq to‘lovchilarning zimmasiga, davlat budjetiga tushishini eslatmoqchiman”, – deydi manba.

Shu bilan birga, bu yerdagi 2 ta bankdan biri o‘ziga yangi binoni tayyorlab bo‘lgan. Investor banklar bilan kompensatsiya masalasini kelishgani aytilmoqda.

Dastlabki xabarlarda buzish, demontaj ishlarini baholash, buzilgan obektlar egalariga boshqa davlat obektlari yoki pul kompensatsiyasi taklif etish ishlari davlat budjetidan qoplanishi ma’lum bo‘lgandi. Ammo qurilish vaziri Botir Zokirov “snos” uchun xarajatlarni investor qoplashini aytgandi.

“Loyiha taklifi ishlanadi. Keyin logikasiga qarab lotga bo‘linadi. Qaysi investorga qaysi lot tushadigan bo‘lsa, o‘sha joyni buzishmi, hamma xarajati o‘zidan. Davlat faqat shu tashqi chegaraga injyenerlik kommunikatsiyasini olib kelib berishi shart. Bu davlatning majburiyati”, – degandi vazir.

Buxoro turizm shaharchasining dastlabki loyihasi

Hozircha turistik shaharchaga oid yangi rejalar aniq emas.

YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi turistik majmua qurish loyihasini qo‘llab-quvvatlamagani ham yana bir masala. Buxoro turizm markazini qurish uchun tanlangan joy Buxoro tarixiy markazining bufer zonasida joylashgani sababli, bu hududdagi har qanday yirik loyihalar YuNeSKO bilan va mahalliy qonunchilikka ko‘ra, Madaniy meros agentligi bilan majburiy tartibda oldindan kelishilishi kerak.

Yanvar oyida YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sara Noshadi bu loyihani Buxoro tarixiy markazining muhofaza zonasidan 1,8 km uzoqlikdagi, Gulchorbog‘ mahallasi Qalqon ko‘chasi yoqasidagi yer maydonida qurish maqsadga muvofiqligini taklif etgani ma’lum qilingandi. Lekin mas’ullar masalaning bu tomoniga izoh bermagan.

Yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro viloyatining yangi ma’muriy markazi bo‘yicha buyurtmachi sifatida viloyat hokimligining Yagona buyurtmachi xizmati tanlangan. Turizm markazi buyurtmachisi esa “Enter Engineering” yoki uning tuzilmasidagi tashkilot bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid