O‘zbekiston | 16:05 / 01.11.2023
18786
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘lovchi poyezd chiptalari avval e’lon qilinganidan arzon narxda sotilmoqda

1 noyabrdan temiryo‘l kassalarida mahalliy yo‘nalishlar uchun tezyurar poyezdlar va yuqori tezlikda yuruvchi «Afrosiyob» poyezdlari uchun chiptalar narxlari yangilandi. Lekin narxlar o‘zgarishi oldin e’lon qilinganidan ancha kamroq bo‘lgan.

Foto: O‘zbekiston temiryo‘llari

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ vokzal ma’lumotxonasi xodimining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bunda “Sharq”, “Nasaf” tezyurar poyezdlari uchun chiptalar 30-35 foizga, “Afrosiyob”niki esa 60 foizga oshgan. “Noyabrdan boshlab kassalarda shu narxlar asosida chiptalar sotilishi aytilgan”,– deydi tahririyat muxbiri bilan gaplashgan xodim.

Onlayn kassalarda ham summalar o‘zgarganini ko‘rish mumkin. Misol uchun, 2023 yil 19 iyun sanasida Toshkent Shimoliy vokzalidan Buxoro yo‘nalishida harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdining chipta narxi 173 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, uning hozirgi qiymati 280 ming so‘m.

Tezyurar poyezdi bilan ham holat xuddi shunday. Toshkent Shimoliy vokzalidan Navoiyga boradigan “Sharq” yo‘lovchi poyezdi uchun yo‘l haqi 132 ming 180 so‘m bo‘lgan, ilgari uning narxi 92 ming so‘m edi.

 

To‘ldirish: chipta narxlari o‘zgargani bo‘yicha yuqoridagi xabar berilgach, "O‘zbekiston temir yo‘llari" yangi tariflarni e’lon qildi. Unga ko‘ra:

- mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 44% ga;
- yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlari chiptalari: 

Toshkent — Buxoro — Toshkent

  • VIP 530 000 so‘m
  • Biznes 385 000 so‘m
  • Ekonom 280 000 so‘m

Toshkent — Qarshi — Toshkent 

  • VIP 455 000 so‘m
  • Biznes 325 000 so‘m
  • Ekonom 235 000 so‘m

Toshkent — Samarqand — Toshkent 

  • VIP 330 000 so‘m
  • Biznes 230 000 so‘m
  • Ekonom 170 000 so‘m etib belgilandi.

Avvallroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ narxlar 20 oktyabrdan mos ravishda 50 va 100 foizga oshirilishini ma’lum qilgandi.

Keyinroq tashkilot matbuot kotibi Alisher Baltabayev bu sanadan chipta narxlari oshirilmasligini, stavkalar qayta ko‘rib chiqilayotgani va narxlar o‘zgarishi bosqichma-bosqich amalga oshirilishini aytgandi.

Mavzuga oid