Jahon | 09:15 / 03.11.2023
10423
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil armiyasi G‘azo shahrini to‘liq qurshab oldi

«Askarlarimiz HAMASning markazi bo‘lgan G‘azo shahrini qurshab olishni yakunladi», dedi TsAXAL vakili Daniel Xagari. Falastinliklar Isroil janubiga yana raketa zarbalari berdi.

Foto: Picture Alliance

G‘azo sektorida keng ko‘lamli quruqlikdagi operatsiya o‘tkazayotgan Isroil mudofaa kuchlari 2 noyabr, payshanba kuni G‘azo shahrini qurshab oldi. «Askarlarimiz HAMASning markazi bo‘lgan G‘azo shahrini qurshab olishni yakunladi», dedi TsAXAL vakili Daniel Xagari. Avvalroq TsAXAL Bosh shtabi boshlig‘i general-leytenant Gersi Xalevi Isroil qo‘shinlari G‘azo shahrini turli yo‘nalishlardan o‘rab olgani haqida ma’lum qilgandi.

HAMAS shtab-kvartirasi G‘azo shahrida joylashgan. Uning infratuzilmasi yerosti tunnellarining keng tizimiga aloqador. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS jangchilari doimiy ravishda tunnellardan chiqib, Isroil askarlariga qarata o‘t ochadi va keyin yana yerostiga qaytadi. Mutaxassislarga ko‘ra, partizan taktikasi - Isroil armiyasiga HAMAS qarshi turishi mumkin bo‘lgan yagona narsa.

G‘azo sektoridagi obektlarga 12 mingdan ortiq zarba berilgan

TsAXAL quruqlikdagi amaliyoti 2,3 million falastinlik istiqomat qiluvchi G‘azo sektorining shimolida jamlangan. Isroil tinch aholini hududni tark etishga chaqirdi. TsAXAL vakilining 2 noyabr kuni ma’lum qilishicha, Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridagi 12 mingdan ortiq obektga, jumladan, o‘q-dorilar omborlari, HAMAS yetakchilarining uylari va raketa arsenallariga zarba bergan. Bir kun avval Isroil G‘azoga 11 mingta zarba bergani xabar qilingan edi.

Isroil armiyasi faqat HAMAS nishonlarini o‘qqa tutayotganini iddao etmoqda. Shu bilan birga, aholi zich joylashgan hududlarda tinch aholi orasida qurbonlar sonining ko‘pligi va G‘azo sektorida tinch aholining falokatli ahvoli xalqaro hamjamiyatning tobora keskin tanqidiga uchramoqda.

Yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan Jabaliya qochqinlar lagerining Isroil tomonidan o‘qqa tutilishi ayniqsa qattiq reaksiya ko‘tardi. Bir kun avval BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Jabaliyaning o‘qqa tutilishi urush jinoyati bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Ayni paytda, falastinliklar 2 noyabr kuni Isroil janubiga yana raketa zarbalari berdi. Beer-Sheva shahrida, shuningdek, kibutsilardan birida havo hujumi haqida trevoga e’lon qilindi. Signal Isroilning shimoliy qismida bir necha bor e’lon qilingan. Qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 8,7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid