Jamiyat | 09:04 / 04.11.2023
85611
8 daqiqa o‘qiladi

Bir qabrdagi ikki murda – Qo‘qondagi mudhish jinoyat tarixi

Bu jinoyat tafsilotlarini eshitgan odam borki, hayratdan yoqa ushlab qolgan o‘shanda. Yo‘qolib qolgan ayolning bir necha yil davomida na o‘ligi, na tirigi topilgan: yaqinlari tirigini izlab yurgan bir paytda uning murdasi rus qabristonidagi qabrlarning birida boshqa murda bilan yonma-yon yotardi. Qotillar – aka-uka IIB xodimlari esa oddiygina sellofan paket yillar o‘tib ishning ochilishiga sabab bo‘lishini bilishmagan edi.

Foto: Kun.uz

Bir qishloqda oddiygina mushtlashuv sodir etilsa, odamlar uni kunlar davomida muhokama qilib yuradi. Bu jinoyat tafsilotlari qishloq emas, tildan-tilga ko‘chib, butun vodiy viloyatlarida shov-shuv bo‘lgan, eshitgan odamni yoqa ushlashga majbur qilgan.

G‘oyib bo‘lgan ayol

2014 yilning aprel oyi oxirlarida Qo‘qon shahrida yashovchi Mashhura Qodirova (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) yo‘qolib qoladi. Yaqinlarining uni topishga bo‘lgan urinishlari samarasiz yakunlanadi: ayol yarim tunda izsiz, xat-xabarsiz g‘oyib bo‘lgandi.

Holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIBga xabar beriladi. Qidiruv ko‘lami kengaytirilib, barcha imkoniyatlar ishga solinadi. Biroq urinishlarning bari bekor ketadi: Mashhura Qodirovaning daragi chiqmaydi.

Ayol uy-joyini, hatto hali 1 yoshga to‘lmagan chaqalog‘ini ham tashlab, qayergadir ketib qolishi ehtimoldan yiroq edi. Shu sababli, IIB xodimlarida u qotillik qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan gumon paydo bo‘ladi. Ammo qotillikka ishora beruvchi dalillar topilmaydi, faqat gumonning o‘zi bilan esa jinoyat ishi ochib bo‘lmasdi.

Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib boriladi: shaharda “o‘tirib” chiqqan hamda jinoyat sodir qilishga moyil bo‘lgan shaxslar kuzatuvga olinadi. Ammo izlanishlar baribir ish bermaydi: go‘yoki yer yutganday ayolning na tirigi, na o‘ligi topiladi.

Aslida ayolni chindan ham “yer yutgan” edi: yaqinlari umid bilan tirigini izlayotgan bir paytda uning murdasi Qo‘qon shahri Turkiston ko‘chasidagi rus qabristonida Anna Sverskaya ismli ayolning qabrida yotardi.

Puxta qilingan ish

Zargarning xatosini zargar yaxshiroq biladi: IIB xodimlari izlayotgan ayolni iz qoldirmasdan IIB xodimigina yashira olishi o‘shanda hech kimning xayoliga kelmaydi.

Mashhura Qodirova aslida aka-uka IIB xodimlari tomonidan o‘ldirilib, rus qabristonidagi qabrlarning biriga ko‘mib yuborilgandi. Ish puxta qilinganidan uning murdasi yillar davomida topilmaydi.

Inspektorning oshig‘i

O‘qishni tamomlab, Qo‘qon shahar IIB HOOB profilaktika noziri vazifasida ishlay boshlagan Nodir Jo‘rayev Mashhura Qodirova bilan tanishib qoladi hamda shar’iy nikoh asosida uning xonadonida yashay boshlaydi. Juftlik 2013 yilda qiz farzandlik bo‘lishadi.

Biroq Nodirning onasi Mashhurani kelin qilmasligini aytib, 2014 yilning yanvar oyida uni boshqa qizga uylantirib qo‘yadi. Bo‘lib o‘tgan to‘ydan Mashhura xabarsiz edi. 2014 yilning aprel oyiga kelib, Mashhura Nodirning boshqa qizga uylanganligini bilib qoladi.

Shu tariqa o‘rtada janjal va nizolar kelib chiqa boshlaydi.

Qotillikka yetaklagan qo‘rquv

Birga yashagan emasmi, Mashhura Nodirning ko‘plab sirlaridan voqif edi. Jumladan, 2013 yilning 6 mart kuni Nodir jinoiy sheriklari Bobur va Hamdam bilan Qo‘qon shahrida joylashgan “Snayper” nomli pnevmatik tirdan yashirin ravishda miltiq, to‘pponcha va ularning o‘q-dorilarini o‘g‘irlab, yashirib qo‘yishadi. Mashhura o‘sha vaqtda olib qolgan 2 quti o‘qlarni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga taqdim etishini aytib, Nodirni qo‘rqita boshlaydi.

U ushbu sirni oshkor qilmaslik evaziga 4 ming AQSh dollari talab qiladi. Sir ochilishidan qo‘rqqan Nodir Boburga qo‘ng‘iroq qilib, yoki Mashhura so‘rayotgan pulni berish, yoki uning o‘zini “gumdon qilish” kerakligini aytadi. Yigitlar uchun shuncha pulni berishdan ko‘ra ikkinchi yo‘l ma’qulroq ko‘rinadi...

Matiz ichidagi qotillik

2014 yilning 25 aprel kuni yarim tunda Nodir, Uchko‘prik tuman IIB profilaktika noziri lavozimida ishlovchi ukasi Qodir hamda Bobur Matiz mashinasida Mashhuraning uyi oldiga kelishadi. Uyga kirib ketgan Nodir ko‘p o‘tmay Mashhura bilan birga qaytib chiqadi.

Ayol mashinaga o‘tirishi bilan Nodir uning boshiga sellofan paket kiydirib, bo‘g‘a boshlaydi. Qodir esa yonidagi pichoq bilan Mashhuraning bo‘yin va ko‘krak qismiga uch marta uradi. Jarayonga Bobur ham qo‘shiladi: u qonga botib, jon taslim qilgan ayolning boshini sellofan paket bilan o‘rab tashlaydi.

Shu tariqa Matiz ichida Mashhuraning hayotiga nuqta qo‘yiladi.

Endigi navbat murdani hech kim topa olmaydigan joyga yashirish, izsiz yo‘q qilish edi. Buning ham chorasi o‘ylab qo‘yilgandi.

Murdani murdalar orasidan izlash kimning ham xayoliga kelardi? Buni bilgan qotillar Mashhuraning murdasini Qo‘qon shahri Turkiston ko‘chasidagi rus qabristoniga olib borishadi. So‘ngra Anna Sverskaya ismli ayolning qabrini 1 metrcha qazib, murdani yarim o‘tirgan holatda ko‘mib tashlashadi.

Shu tariqa qo‘rquv ham, dalillar ham qabrga ko‘milgandi go‘yo. Ammo murdaning boshiga o‘ralgan sellofan paket yillar o‘tsa-da chirimasligini qotillar e’tibordan chetda qoldirgandi.

Ishning ochilishi

Ushbu jinoyatga qo‘l urgan vaqtda – 2014 yilda IIB organlarida ishlovchi aka-ukalarning biri 26, ikkinchisi 28 yoshda edi. Ularning har ikkisi 2018 yilning 11 avgust kuni qamoqqa olinadi.

Keyinchalik aka-uka himoyachilari bilan keltirgan apellyatsiya shikoyatlarida birinchi instansiya sudi ayblov hukmi chiqarish uchun dastlabki tergovda guvoh tariqasida so‘roq qilingan Boburning ko‘rsatuvini asos qilib olganligi, jinoyat ishidagi dalillar Mashhurani o‘ldirishganligini tasdiqlamasligi, qabristondan topilgan murdaning suyaklari Mashhuraga tegishli ekanligi ekspertiza xulosasi bilan aniqlanmaganligini keltirib, oqlov hukmi chiqarishni so‘rashadi.

Biroq tergov jarayonida ularning jinoyati guvoh va gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilingan Boburning ko‘rsatmalari, ashyoviy dalillar, sud-tibbiy ekspertizasi bilan to‘liq o‘z isbotini topgan edi. Qolaversa, Bobur Mashhura ko‘mib yuborilgan joyni ko‘rsatib beradi. Qabristonda o‘tkazilgan murda skeletini ko‘zdan kechirishda uning bosh qismi Bobur ko‘rsatmalarida aytgani kabi sellofan bilan o‘ralganligi aniqlanadi.

Jinoyat jazosiz qolmadi

2018 yil 2 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqiladi. Nodir va Qodir Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan deb topiladi.

Sud hukmi bilan Nodirga 20 yil, Qodirga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilanadi.

Keyinchalik keltirilgan apellyatsiya shikoyatlari esa qanoatlantirilmaydi, hukmning aka-ukaga tegishli qismi o‘z kuchida, o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Sud materiallari asosida Ruslan Saburov tayyorladi.

Mavzuga oid