Jahon | 21:12 / 05.11.2023
19637
3 daqiqa o‘qiladi

Qodirovning 15 yoshli o‘g‘li uning xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i bo‘ldi

Checheniston axborot vaziri Ahmed Dudayev o‘smirni «muhim» va «mas’uliyatli» ish – Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi.

Foto: Telegram / akhmeddudaev

2023 yil sentabr oyida Checheniston tergov izolyatorida Qur’onni yoqib yuborgan talaba Nikita Juravelni kaltaklagan 15 yoshli Adam Qodirov otasi Ramzan Qodirovning xavfsizlik xizmatida «muhim» va «mas’uliyatli» lavozimga tayinlandi. Bu haqda 4 noyabr kuni respublika milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot bo‘yicha vaziri Ahmed Dudayev Telegram'da ma’lum qildi. Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligining Ahmad Qodirov nomidagi Checheniston bo‘yicha maxsus polki komandiri Zamid Chalayev Instagram blogida gap Checheniston rahbarining xavfsizlik xizmati bo‘limi boshlig‘i lavozimi haqida ketayotganiga aniqlik kiritdi. 

«Adam o‘zini jasur, haqiqiy vatanparvar va kurashishga tayyor inson ekanligini isbotladi! Hamma uning kuchli xarakteri haqida biladi»,  - deyiladi Dudayevning postida.

Oktyabr oyining boshida Adam Qodirov Checheniston Respublikasi Qahramoni unvonini oldi, unvon qahramonlik ko‘rsatgan shaxslarga mintaqa va chechen xalqi oldidagi ulkan xizmatlari uchun beriladi.

Oktyabr oyi oxirida o‘smir millatlararo va konfessiyalararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Tataristonning ikkinchi muhim ordeni – «Duslik» bilan ham taqdirlandi.

Qodirovning o‘g‘li tomonidan talaba Nikita Juravelning kaltaklanishi

Adam Qodirov Chechenistondagi tergov izolyatorida Qur’onni yoqib yuborishda ayblangan volgogradlik talaba Nikita Juravelni kaltaklagani aks etgan videoni Ramzan Qodirovning o‘zi internetda e’lon qildi. Checheniston rahbari videoga bergan izohida Adamning harakatidan faxrlanishini yozgan.

Ushbu yozuv jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi, ammo Checheniston Ichki ishlar vazirligi tergov izolyatorida hibsga olingan shaxsning kaltaklanishi bo‘yicha «tergov o‘tkazdi» va jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortdi, chunki Checheniston rahbarining o‘g‘li 15 yoshda, bu kabi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortiladigan eng kam yosh esa - 16. Bu haqda 4 oktyabr kuni Baza Telegram-kanalida xabar berilgan.

Rossiyaning huquq-tartibot va nazorat organlari vaziyatga hech qanday munosabat bildirmadi. Na tergov izolyatoriga begona shaxs qanday kirib qolgani, na kichik Qodirovning qilmishiga yo‘l qo‘yib bo‘linmasligi haqida izoh berilmagan.

Mavzuga oid