Jahon | 19:28 / 05.11.2023
23230
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Kerchdagi zavodga zarba berdi. Rossiya kemalaridan biri shikastlangan

Shanba kuni kechqurun ukrain armiyasi Kerchdagi B.Ye.Butoma nomidagi «Zaliv» kemasozlik zavodiga raketa zarbasi yo‘lladi. Natijada u yerda turgan Rossiya kemasi shikastlangan, bu ma’lumot Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

Foto: Videodan kadr

Anneksiya qilingan Qrimning Moskva tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksenov 4 noyabr kuni havo hujumidan mudofaa kuchlari Kerch hududida bir necha raketani urib tushirganini ma’lum qildi. Uning telegramdagi postida «urib tushirilgan raketa parchalari quruqlikdagi kemalar turuvchi doklardan biriga tushgani» aytilgan, lekin shikastlanishlar haqida ma’lumot berilmagandi.

Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda zavod yo‘nalishida harakatlanayotgan raketa va kuchli yong‘in aks etgan video tarqala boshladi.

5 noyabrga o‘tar kechasi RF mudofaa vazirligi zavod tomon 15 ta raketa uchirilgani, shundan 13 tasi urib tushirilganini ma’lum qildi.

Ukrainadagi ayrim manbalar esa raketalar soni ancha kamroq bo‘lganini xabar qilishgan. Ukrainalik harbiy reportyorlar Yuriy Butusov va Andrey Tsapliyenkoga ko‘ra, ikki raketa urib tushirilgan, yana ikkitasi esa nishonga borib tekkan.

«Qanotli raketa tegishi oqibatida raqibning zavod hududida turgan kemasi shikastlandi», — deya iqtibos keltirilgan «Interfaks» xabarida.

Aynan qanday kemaga zarba berilganiga aniqlik keltirilmagan.

Ukraina tomoni nimalar demoqda?

Ukraina QK havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk «Zaliv» zavodiga zarba Ukrainaning taktik aviatsiyasi tomonidan yo‘llanganini tasdiqladi.

Kerchdagi kemasozlik zavodi (arxiv foto). 2021 yilda olingan suratda dokda RF Qora dengiz flotining «Askold» kichik raketa kemasi turgani aks etgan

Uning ma’lumotiga ko‘ra, bu vaqtda zavod hududida «RF Qora dengiz flotining „Kalibr“ qanotli raketalari tashuvchisi sanalgan eng zamonaviy kemalaridan biri bo‘lgan».

Oleshchuk Ukraina qurolli kuchlari zarba berish uchun SCALP (britanlarning Storm Shadow raketasining fransuzcha varianti) raketalaridan foydalanganiga ishora qilgan, u ukrain harbiy samolyotlaridan uchiriladi.

«Barakalla, SCALRini oldik!» — deya yozgan Oleshchuk o‘z telegramida.

«Umid qilamanki, yana bir suzish vositasi „Moskva“ ortidan yo‘l oladi», — deya yozgan u — va ukrain harbiylari zarbaning «tasdiqlangan rasmiy natijalarini kutayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.

Bungacha Ukraina QK Strategik kommunikatsiyalar markazi telegram-kanali «Ukraina qurolli kuchlari vaqtincha okkupatsiya qilingan Qrim hududidagi „Zaliv“ kemasozlik zavodining dengiz va port infratuzilmalari bo‘ylab muvaffaqiyatli zarbalar yo‘llagani» haqida xabar bergandi.

Ukraina Milliy qarshilik harakati markazi Kerch kemasozlik zavodidagi yong‘in aks etgani aytilgan videoni e’lon qilgan.

Ukrainadagi «Sxema» proyekti «Zaliv» zavodining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarini e’lon qildi. 

Tasvirlar Planet Labs kompaniyasi tomonidan 31 oktyabr va 5 noyabr kunlari olingan.

Ukraina harbiy dengiz kuchlarining zaxiradagi 1-rangli kapitani Ondriy Rijyenko proyektga bergan izohida hujum oqibatida katta ehtimol bilan «Askold» kichik raketa kemasi shikastlanganini ma’lum qilgan.

«Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, 4 noyabr kuni Kerchda „Kalibr“ sinfidagi raketalarni olib yurishi mumkin bo‘lgan faqat bitta kema bo‘lgan, bu „Askold“. Uni sayqallashayotgandi, chunki dekabr oyida foydalanishga topshirilishi kerak edi. Aftidan, u hali suza olish holatida, ammo kemaning yuqori qismi sezilarli darajada shikastlangan», — deya qayd etgan Rijyenko.

«Zaliv» — Sharqiy Yevropadagi eng yirik kemasozlik korxonalaridan biri bo‘lib, u yerda 2020 yildan buyon Rossiya harbiy-dengiz floti uchun kemalar yasab kelinadi.

Ukraina qurolli kuchlari bungacha ham Rossiyaning Qrimdagi harbiy obektlari bo‘ylab zarbalar bergandi, shu tufayli, OAV ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘mondonligi Qora dengiz flotining ko‘plab kemalarini Sevastopoldan Qora dengizning sharqiy qismidagi boshqa portlarga olib o‘tishga qaror qilgan.

Sentyabr oyida Ukraina QK Qora dengiz flotining Sevastopoldagi shtabiga, shuningdek, Sevastopol kemasozlik zavodiga muvaffaqiyatli zarbalar yo‘llagan, natijada Rossiyaning ikki kemasi shikastlangandi.

Mavzuga oid