O‘zbekiston | 18:26 / 06.11.2023
19310
6 daqiqa o‘qiladi

Kooperativlarga qarshi kurashga agroinspeksiya va sudlar ham qo‘shildi

Mingbuloq tumanida 17 ta fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil qilingan kooperativning paxta xomashyosini qabul qilish va qayta ishlash faoliyati agroinspeksiyaning arizasi asosida sud qarori bilan tugatildi. Apellyatsiya sudi qarorni o‘zgarishsiz qoldirdi. Prezident imzolagan hujjatdagi jumla “klaster tashkil etilgan hududlarda kooperatsiyaga ruxsat berilmaydi” qabilida noqonuniy talqin qilinmoqda.

Foto: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligida ham raqobat kerakligi haqida ko‘p gapirildi. Ammo paxta klasterlari uchun sog‘lom raqobatchi o‘laroq kurtak ochishga urinayotgan, ko‘ngilli birlashuv orqali yuzaga kelayotgan kooperativchilik harakatiga qarshi joylarda ko‘r-ko‘rona kurash ketmoqda.

Sentyabr oyida Kun.uz'ga Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida faoliyat yurituvchi bir guruh fermerlardan murojaat kelib tushgandi. Fermerlar o‘z murojaatida joriy yilda ishlab-chiqarish kooperativiga birlashib, o‘z mablag‘lari hisobidan paxta yetishtirishgani, lekin uning faoliyatiga mahalliy agroinspeksiya to‘siqlar qo‘yganidan shikoyat qilgandi.

17 ta fermer xo‘jaligi birlashib, Mingbuloq tumanida kooperativ tuzganmiz. 2023 yil 10 yanvarda davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat boshladik. Maqsadimiz – bir kishi eplolmagan ishlarni ko‘pchilik bo‘lib amalga oshirish edi”, deya yozadi murojaatda “Bahrombek Abdurasulovich” fermer xo‘jaligi rahbari Abdurasul Hamdamov.

“Zadaryo Shuhrati” fermer xo‘jaligi rahbari Qosimjon Mamasoliyev esa quyidagilarni ma’lum qilgan:

Biz kooperativda faqat o‘zimizning resurslarga tayangan holda ish olib borishga kelishib olganmiz. Shu prinsip bilan bu yil barcha xarajatlarni o‘z hisobimizdan qilib, paxta yetishtirdik. Qonunchilik me’yorlariga ham to‘liq amal qilyapmiz. Tashkiliy jihatdan barcha ishlarimiz qonuniy. Qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishni ham reja qilganmiz. Eski, ishlamay qolgan zavodni ta’mirlab, paxtani qayta ishlashga tayyorladik. Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda Agroplatforma, Agro-online tizimlariga to‘liq ulandik. Mahsulotimiz vazirlik platformasida hisobga kiryapti, statistikasi yuritilyapti.

Viloyat va tuman hokimliklariga ish boshlaganimizni ma’lum qilib, bir necha bor xat yubordik. Hozirda 70 ta ish o‘rni yaratganmiz, turli soliq va to‘lovlarni hisoblaganda, davlat budjetiga 6 mlrd so‘m atrofida pul to‘lar ekanmiz. 800 gektar maydonda paxta ekdik. 3,3 tonnaga yaqin hosil paxta topshirishimiz kerak.

Ammo o‘zimiz yetishtirgan paxtani o‘zimiz ishga tushirgan zavodga olib borishimizga to‘sqinliklar bo‘lyapti. Agroinspeksiya viloyat bo‘limi orqali paxta zavodimiz faoliyatiga bo‘lmag‘ur vajlar bilan taqiq qo‘yildi. Bu sun’iy to‘siqlar paxta hosilimizni majburiy ravishda klaster zavodiga topshirishimiz uchun bo‘lyapti. Bizning esa klaster bilan shartnomamiz ham, majburiyatimiz ham yo‘q. Qonun bo‘yicha istalgan klasterga topshirish huquqiga egamiz. Lekin bu narsalar faqat qog‘ozda qolyapti. Tuman hokimligi va boshqa tashkilotlar tomonidan faoliyatimizga qarshiliklar ko‘p bo‘lyapti”.

Agroinspeksiya va kooperativ o‘rtasidagi holat sudgacha borgani sababli tahririyat tomonidan vaziyat nima bilan tugashini kutishga qaror qilingandi.

Ish 2023 yil 27 sentabr kuni Namangan tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqildi. Sud qarori bilan “Eko zamin oltin tolasi” ishlab chiqarish kooperativining fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan paxta yetishtirish bo‘yicha ikkilamchi shartnomalar tuzish orqali paxta xomashyosini qabul qilish, qayta ishlash faoliyati tugatilgan.

2023 yil 2 noyabr kuni mazkur ish kiritilgan apellyatsiya shikoyatiga muvofiq apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqildi. Sud majlisida Kun.uz muxbiri ham qatnashdi.

Kooperativga birlashgan fermerlar sud majlisi davomida o‘z faoliyatlari “Tadbirkorlar to‘g‘risidagi”, “Fermerlar to‘g‘risidagi”, “Kooperativlar to‘g‘risidagi” qonunlarga mos ekanini, buning ustiga boshlagan faoliyatlari hududda paxtachilik sohasida raqobat muhiti shakllanishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Sud hay’ati tomonlarning fikr va e’tirozlarini tinglab, birinchi instansiya sudi qarorini o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirdi.

Sudlar agroinspeksiyaning da’vosini qanoatlantirarkan, buni 2020 yil 7 martdagi 4633-sonli prezident qarorining 2-bandi b) qismi bilan asoslamoqda. Unda shunday deyiladi:

b) paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari negizida fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyalari tashkil etiladi.

Sudlar farmonning yuqoridagi qismi va javobgar fermerlar joylashgan hududda “Art Soft Holding” MChJ klaster korxonasi tashkil etilganiga e’tibor qaratmoqda.

Vaholanki, qarorning 2-bandi b) qismini “klaster tashkil etilgan hududlarda kooperatsiyalarga ruxsat berilmasin” deb talqin qilish – xato.

Qolaversa, qonunosti hujjatlaridan ustun turadigan “Kooperatsiya to‘g‘risida”gi va “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonunlarda yuqoridagi kabi cheklovlar mavjud emas.

Kun.uz avvalroq kooperativlar Xorazm, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida hokimliklar va IIV organlari qarshiligiga uchragani haqida yozgandi. Endilikda fermerlarning ixtiyoriy birlashmalariga qarshi kurashga agroinspeksiya va sudlar ham qo‘shilgani taassufli.

Mavzuga oid