Jahon | 11:23 / 06.11.2023
7540
1 daqiqa o‘qiladi

Falastin G‘azoda dala kasalxonalarini joylashtirish zarurligini e’lon qildi

Sog‘liqni saqlash vaziri G‘azoda jarrohlik operatsiyalari kasalxona yo‘laklarida va telefon nuri ostida steril bo‘lmagan muhitda amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Foto: Belal Khaled/Anadolu Agency

Falastin sog‘liqni saqlash vaziri Mey Kayle G‘azo sektorida dala kasalxonalarini joylashtirish zarurligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi shifoxonalar ishini davom ettirish uchun yonilg‘i, elektr energiyasi va dori-darmon zarur. «Isroil hujumlari va yonilg‘i taqchilligi sababli 16 kasalxona va 51 tibbiy markaz ishlamay qoldi», dedi u.

Mey Kayle G‘azo sektorida 24 mingdan ortiq yarador bilan kurashishga yordam beradigan dala kasalxonalarini joylashtirish zarurligiga ishora qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, jarrohlik operatsiyalari shifoxona yo‘laklarida va telefon nuri ostida steril bo‘lmagan sharoitda amalga oshirilyapti.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari jahon hamjamiyati va xalqaro tuzilmalarni yaradorlarni Misrdagi shifoxonalarga evakuatsiya qilish hamda G‘azoga yonilg‘i va tibbiy buyumlar yetkazib berish choralarini ko‘rishga chaqirdi.

Mavzuga oid