Jahon | 08:34 / 06.11.2023
7375
3 daqiqa o‘qiladi

TsAHAL G‘azo sektori shimol va janubga bo‘linganini e’lon qildi

Isroil mudofaa kuchlari G‘azo shahrini janubiy qirg‘oqdan o‘rab oldi, HAMASga qarshi hujumlar davom etmoqda, dedi TsAHAL vakili.

Foto: Abed Khaled/AP Photo/picture alliance

Isroil mudofaa kuchlarining G‘azo sektoridagi quruqlikdagi operatsiyasi falastinliklar yashovchi qirg‘oq chizig‘ini ikki qismga bo‘ldi. Isroil kuchlari G‘azo shahrini janubiy qirg‘oqdan o‘rab oldi hamda «hozir G‘azo sektorining janubi va G‘azo sektorining shimoli bor», dedi 5 noyabr, yakshanba kuni TsAHAL matbuot kotibi Daniel Xagari. Shu bilan birga, G‘azoni nazorat qilayotgan HAMAS guruhiga qarshi harbiy amaliyotlar chog‘ida «hal qiluvchi» hujumlar davom etmoqda, dedi u.

Isroil qurolli kuchlarining Telegram-kanalida G‘azo sektori qirg‘oqlari bo‘ylab pozitsiyalar egallab olingani haqida xabar berilgan. Isroilning 36-armiya diviziyasi quruqlikdagi operatsiyalarni kengaytirish doirasida chiziqning shimoliy hududlariga hujum qildi, uning vazifasi G‘azo shahridagi HAMAS kuchlarini o‘rab olish va guruhning alohida nishonlarini yo‘q qilishdir. Bayonotda aytilishicha, diviziya HAMASga qarashli 1600 dan ortiq nishonlarga, jumladan, infratuzilma, qurol-yarog‘ omborlari, tankka qarshi raketa otish moslamalari va kuzatuv postlari hamda jangchilarga zarba berdi.

Avvalroq TsAHAL qator mamlakatlarda ommaviy norozilik namoyishlari va o‘t ochishni to‘xtatish talabiga qaramay, HAMASga qarshi harbiy amaliyotlar davom etishini ma’lum qilgan edi. G‘azo sektorida 27 oktyabrda boshlangan quruqlikdagi operatsiya davomida 2500 dan ortiq nishonlarga zarba berildi, 5 noyabrga o‘tar kechasi esa guruhning «harbiy bazasi» yo‘q qilindi, dedi TsAHAL vakili. Xagarining so‘zlariga ko‘ra, HAMAS va uning rahbari Yahyo as-Sinvar vayron bo‘lgan G‘azoni ko‘rsatishga harakat qilib, u yerdagi odamlarning azob-uqubatlari uchun Isroilni javobgarlikka tortishga erishmoqchi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 9 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid