O‘zbekiston | 18:41 / 08.11.2023
8305
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Turkmaniston «gaz ittifoqi»ga qo‘shilishi mumkinligiga ishora qildi

Rossiya prezidenti Turkmanistonni «gaz ittifoqi»ga qo‘shilishi mumkin, deb hisoblamoqda. 

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkmanistonni Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokidagi «gaz ittifoqi»ga qo‘shilishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu haqda u «Kazaxstanskaya pravda» gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

«7 oktyabr kuni Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari bilan birgalikda Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni boshlash marosimida ishtirok etgan edik. Bu yo‘nalish mavjud gaz transporti tarmoqlaridan eng samarali foydalanish imkonini beradi va nafaqat uch davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi rivojiga xizmat qiladi. Kelgusida turkmanistonlik hamkasblarimiz bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Ular an’anaviy ravishda ushbu bozorlarda qatnashadilar. Va ularning bunday hamkorlikdagi ishtiroki umumiy manfaatlarga mos keladi», dedi u. 

O‘zbekiston, Qozog‘iston va «Gazprom» o‘rtasida 2023 yil yanvarida uch tomonlama hamkorlik shartnomasi tuzilgan. Turkmaniston Markaziy Osiyoda eng katta gaz zaxirasiga ega bo‘lsa-da, «ittifoqqa» taklif etilmadi. Kuzatuvchilar xulosasiga ko‘ra, G‘arb sanksiyalari tufayli yangi bozorlarni o‘zlashtirishga muhtoj bo‘lgan Rossiya Turkmanistonni ittifoqchi emas, balki raqobatchi sifatida ko‘radi. Yanvar-fevral oylarida Rossiya Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab, Turkmanistonni yetakchilik pozitsiyasidan siqib chiqardi.

 

Mavzuga oid