Jahon | 09:32 / 08.11.2023
5752
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Haaga sudining yana bir sudyasini qidiruvga berdi

Bu haqdagi ma’lumotlar Rossiya Ichki ishlar vazirligining qidiruv ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi. Vladimir Putinni hibsga olishga order berganlardan biri sudya Serxio Xerardo Ugalde Godines edi.

Foto: VoxUkraine

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Haagadagi Xalqaro jinoiy sudning (XJS) yana bir sudyasi - Serxio Xerardo Ugalde Godinesni qidiruvga berdi. Bu haqda 8 noyabr, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiya mahkamasi qidiruv bazasida tegishli kartochka paydo bo‘lganidan keyin ma’lum bo‘ldi. XJS sudyasi aniq qaysi modda bo‘yicha qidiruvga berilgani aytilmagan. 

Kosta-rikalik Serxio Xerardo Ugalde Godines, Rozario Salvatore Aytala (Italiya) va Tomoko Akane (Yaponiya) bilan birga 2023 yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order bergan XJSning uch a’zosidan biri hisoblanadi. Haaga sudiga ko‘ra, ular «aholi (bolalar)ni Ukraina hududidan Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishga aloqador». 

Rossiya XJS a’zolarini ta’qib qilishga urinmoqda 

Avvalroq, 20 mart kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu sudyalarga, shuningdek, XJS prokurori Karim Xonga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan edi. 

25 sentabr kuni Rossiya XJS raisi Petr Xofmanskiy (Polsha), XJS birinchi vitse-prezidenti Lusa del Karmen Ibanes Karransa (Peru) va germaniyalik sudya Bertram Shmittni qidiruvga berdi. 

Bundan tashqari, 27 iyul kuni IIVning qidiruvlar bazasida XJS sudyasi Tomoko Akane, 22 iyun kuni Rozario Aytalaning kartochkasi paydo bo‘ldi, 19 may kuni esa Karim Xon qidiruvga berilgan.

XJSga a’zo to‘rt davlat Rossiya haqida bayonot berdi 

Buyuk Britaniya, Kosta-Rika, Italiya va Yaponiya 7 avgust kuni qo‘shma bayonot berib, unda Rossiyada XJS prokurori Karim Xonga, shuningdek, XJSning uch sudyasiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishidan chuqur xavotir bildirdi. «Rossiya sudning mandatiga putur yetkazishda davom etayotganidan afsusdamiz va biz sud tomoni, uning mansabdor shaxslari va xodimlari, shuningdek, u bilan hamkorlik qiluvchi shaxslar boshqa ishtirokchi-davlatlar bilan birgalikda qolishga qat’iyatimizni yana bir bor ta’kidlaymiz», deyiladi Buyuk Britaniya hukumati saytida e’lon qilingan bayonotda. 

XJS yurisdiksiyasini dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlari, jumladan, yuqoridagi bayonot mualliflari bo‘lgan davlatlar ham tan olgan. Rossiya ham, Ukraina ham, AQSh ham bunday davlatlar qatoriga kirmaydi. 

Ukrainalik bolalar masalasi

27 aprel kuni Yevropa kengashi Parlament assambleyasi (YeKPA) rezolyutsiya qabul qildi, unga ko‘ra, Rossiya tomonidan bolalarni Ukrainadan deportatsiya qilish jinoyat elementi hisoblanadi. Hujjatda aytilishicha, bolalar kechiktirmasdan o‘z oilalariga qaytarilishi, bu jinoyatlarning aybdorlari javobgarlikka tortilishi kerak. 

Qarorda, shuningdek, Donbassning egallab olingan hududlarida joylashgan mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlardagi ukrainalik bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilish amaliyoti Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlaridan oldin boshlangani qayd etilgan. Ammo 2022 yil 24 fevraldan keyin bu jarayon sezilarli darajada kuchaydi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, yetti mingga yaqin bola majburan Rossiyaga olib ketilgan bo‘lishi mumkin, biroq ularning aniq soni noma’lum. 

Mavzuga oid