Jahon | 14:49 / 10.11.2023
4497
4 daqiqa o‘qiladi

Parijdagi anjuman qatnashchilari G‘azoga yordamni ko‘paytirishga chaqirdi

G‘azo sektoridagi vaziyatga bag‘ishlangan bir kunlik konferensiya ishtirokchilari yordam yetkazilishiga ruxsat berish uchun ko‘proq chegara punktlarini ochishga chaqirdi.

Foto: Getty images

G‘azo sektoridagi vaziyatga bag‘ishlangan Parijdagi gumanitar konferensiya ishtirokchilari G‘azoga yuklarni yetkazib berish uchun ko‘proq chegara o‘tish joylarini ochish va gumanitar pauza qilishga chaqirdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 9 noyabr, payshanba kuni: «Bizga imkon qadar tezroq gumanitar pauza kerak va o‘t ochishni to‘xtatishga harakat qilishimiz kerak. G‘azo sektoridagi gumanitar tashkilotlar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishimiz kerak», dedi bir kunlik forumning ochilishida.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi rahbari Filipp Lazzarini G‘azodagi fuqarolik infratuzilmasi, jumladan BMTning ichki ko‘chirilganlar uchun obektlari u yerga insonparvarlik yordami yetkazilishi uchun faol ishlashda davom etishi kerakligini ta’kidladi. Lazzarinining so‘zlariga ko‘ra, Misr va G‘azo sektori o‘rtasidagi Rafah chegara punktining o‘zi yordam uzluksiz kelishini ta’minlash uchun yetarli emas.

Qizil Xoch gumanitar falokat xavfi haqida ogohlantirmoqda

Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) prezidenti Miryana Spolyarich-Egger ham xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektorida gumanitar yordam ko‘rsatish uchun shart-sharoit yaratishga chaqirib, G‘azo sektorida gumanitar falokat yuz berish xavfi borligini ta’kidladi. 

Konferensiyada GFR vakili bo‘lgan Germaniya Tashqi ishlar vazirligi davlat vaziri Tobias Lindner Parijdagi sammitni «bu og‘ir paytlarda muhim signal» deb atadi. Lindner G‘azo xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishga chaqirdi. Bu kurash tinch aholiga qarshi emas, balki HAMAS guruhiga qarshi olib borilmoqda, dedi Lindner.

Isroil vakillari Parij konferensiyasida ishtirok etmayapti, biroq Makron Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan aloqada ekanini va konferensiyadan keyin u bilan gaplashishini aytdi. Makron o‘z nutqi davomida Isroilni «qonunlarni hurmat qilishga va tinch aholini himoya qilishga» chaqirdi. «Zo‘ravonlikka erkinlik berish bizning qadriyatlarimizdan voz kechish demakdir», - dedi Makron. U tinch aholining azoblanishida HAMASni aybladi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid