Jahon | 13:51 / 15.11.2023
6070
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh sobiq davlat kotibi Pompeo «Kiyevstar» boshqaruvida ish boshlaydi

Mayk Pompeo Ukrainaning «Kiyevstar» aloqa operatori ijrochi bo‘lmagan mustaqil direktoriga aylanadi.

Foto: Brandon Bell / Getty Images

AQSh sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo Ukrainadagi eng yirik uyali aloqa operatorlaridan biri - «Kiyevstar» direktorlar kengashi tarkibiga kiradi. Bu haqda operatorga egalik qiluvchi VEON kompaniyasi 14 noyabr, seshanba kuni ma’lum qildi. 

VEON press-relizida aytilishicha, Pompeo Impact Investmens konsalting va investitsiya firmasi hamkori sifatida ijrochi bo‘lmagan mustaqil direktor sifatida ishlaydi, shirkat «AQShda yangi tashkil etilgan bo‘lib, turli soha va mintaqalarda dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga intiladi, strategik va moliyaviy maslahat hamda investitsiyalarga aloqador». 

«Kiyevstar» direktorlar kengashiga kiritilgan ushbu o‘zgarishlar VEON’ning Ukrainaga, shuningdek, mamlakatni tiklash va qayta qurishga sodiqligini aks ettiradi», deyiladi bayonotda. Unda ta’kidlanishicha, VEON Invest in Ukraine NOW! («Ukrainaga hozir investitsiya kiriting!») nomli aksiyani boshlagan va uch yil davomida mamlakatga 600 million AQSh dollari sarmoya kiritish majburiyatini olgan. 

Pompeo oxirgi marta Kiyevga aprel oyida tashrif buyurgan 

Mayk Pompeo 2018 yildan 2021 yilgacha, Donald Tramp AQSh prezidenti bo‘lgan davrda davlat kotibi lavozimida ishlagan. Ilgari u Markaziy razvedka boshqarmasi direktori edi. 

2020 yilda Pompeo amaliy tashrifi doirasida AQSh davlat kotibi sifatida Ukrainaga borgan. Tashrif chog‘ida u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi va Zelenskiy mamlakat hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagani uchun unga minnatdorchilik bildirdi. Iste’foga chiqqanidan so‘ng - 2023 yil aprel oyida - Pompeo Amerika delegatsiyasi boshchiligida yana Kiyevga keldi va Zelenskiy bilan uchrashdi. 

Mavzuga oid