Jahon | 15:16 / 20.11.2023
6057
3 daqiqa o‘qiladi

CPJ: G‘azo sektoridagi urushda 48 jurnalist halok bo‘ldi

Isroil va HAMAS jangchilari o‘rtasidagi urushni yoritishda o‘nlab ommaviy axborot vositalari xodimlari halok bo‘ldi, uch nafari bedarak yo‘qolgan, deya xabar beradi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi. 

Foto: REUTERS

HAMAS guruhining Isroilga hujumi va Isroil armiyasining javob harakatlari natijasida kamida 48 jurnalist halok bo‘ldi. Bu haqda 19 noyabr, yakshanba kuni chop etilgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) hisobotida aytiladi

CPJ ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 43 falastinlik, to‘rt isroillik va bir livanlik bor. Yana to‘qqiz nafar OAV xodimi jarohatlangan, 13 nafari hibsga olingan, uch nafari bedarak yo‘qolgan. Bundan tashqari, qo‘mita «qotilliklar, g‘oyib bo‘lishlar, hibsga olishlar, boshqa jurnalistlarning jarohatlanishi yoki ularga nisbatan tahdidlar haqidagi ko‘plab tasdiqlanmagan xabarlarni tekshirmoqda», — deyiladi hujjatda.

«Jurnalistlar inqiroz davrida muhim ishlarni bajaradigan tinch aholidir va urishayotgan tomonlar ularni nishonga olmasligi kerak» dedi CPJ’ning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha dasturlari koordinatori Sharif Mansur.

Xabarlarga ko‘ra, eng ko‘p jurnalist 7 oktyabr kuni halok bo‘lgan, o‘shanda olti ommaviy axborot vositalari xodimi vafot etgan. G‘azo sektoridagi jurnalistlar Isroilning quruqlikdagi amaliyoti chog‘ida mojaroni yoritishga urinishda, jumladan, «Isroilning halokatli havo hujumlari, aloqa uzilishi, ta’minot taqchilligi va keng tarqalgan elektr ta’minotidagi uzilishlar» kabi xavflarga duch kelmoqda. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 13 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid