Jahon | 10:49 / 21.11.2023
6292
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo shimolidagi operatsiya ko‘lamini kengaytirdi

Manbalarga ko‘ra, HAMAS va Isroil o‘rtasidagi muzokaralar ilg‘or bosqichda, TsAHAL esa G‘azo shimolidagi harbiy amaliyotini davom ettirmoqda.

Foto: Anas al-Shareef/REUTERS

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar fonida G‘azo sektori shimolida boshlangan quruqlikdagi operatsiyani kengaytirdi, deb xabar berdi 20 noyabr, dushanba kuni AFP. HAMASning tasdiqlanmagan ma’lumotlariga ko‘ra, Jabaliya qochqinlar turar joyi chetidagi Indoneziya kasalxonasi hududida janglar natijasida kamida 12 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan.

TsAHALning xabar berishicha, isroillik harbiylarga shifoxona hududidan o‘t ochilgan. «Bugun tunda G‘azodagi Indoneziya kasalxonasi binosidan kasalxona tashqarisida harakat qilayotgan harbiylarga qarata o‘t ochildi. TsAHAL askarlari dushmanning o‘ziga xos o‘q otish manbasiga o‘q uzish bilan javob qaytardi. Gospital tomon snaryadlar otilgani yo‘q», - dedi Isroil harbiylari. 

Isroil jangovar hududni kengaytirmoqda

Kecha Isroil armiyasi harbiy amaliyotni G‘azo sektorining «qo‘shimcha hududlari»gacha kengaytirishni rejalashtirayotganini e’lon qildi. TsAHAL Indoneziya kasalxonasi ostida HAMASning yerosti qo‘mondonlik markazi mavjudligiga ishonmoqda. TsAHAL bir kun avval G‘azodagi eng katta kasalxona ostidagi HAMAS tunnellari tasvirini e’lon qilgandi.

Isroil armiyasining ta’kidlashicha, HAMAS «hujum kuni kasalxona majmuasidan infratuzilma sifatida foydalangan». Xususan, o‘g‘irlanganlardan biri, 19 yoshli Noa Marchiano kasalxonada saqlangan va keyin o‘ldirilgan, uning jasadi klinikaga kiraverishda topilgan.

G‘azodan 30 dan ortiq erta tug‘ilgan chaqaloq evakuatsiya qilindi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning ma’lum qilishicha, Ash-Shifo klinikasidan evakuatsiya qilingan 28 nafar erta tug‘ilgan chaqaloq Misrga yetib keldi. Bir kun avval G‘azodan jami 31 bola evakuatsiya qilingan edi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida yana uch nafar bola davolanmoqda. Isroil armiyasi chaqaloqlarni tashishda «yordam» berganini aytdi.

Garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda

AFP xabariga ko‘ra, HAMAS jangchilari tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish mumkin. Vositachi sifatida ishlayotgan Qatar hukumatiga ko‘ra, muzokaralar uchun faqat «kichik» to‘siqlar mavjud, deb yozadi agentlik.

Vashington garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv yaqin deb hisoblaydi, dedi AQSh prezidenti Jo Bayden. Milliy xavfsizlik bo‘yicha prezident maslahatchisi o‘rinbosari Jon Fayner avvalroq kelishuv «har qachongidan ham yaqinroq» ekanini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap «bir necha kunlik janglarda uzoq tanaffus» evaziga «bir necha o‘nlab» garovga olinganlarni ozod qilish haqida ketmoqda. Muzokaralar jarayonidagi o‘zgarish na HAMAS tomonidan, na Isroil tomonidan tasdiqlanmadi, deya qayd etadi AFP.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 13 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid