O‘zbekiston | 10:28 / 22.11.2023
7312
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi 7-shifoxonada sodir bo‘lgan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahar 7-son klinik shifoxonasida sodir bo‘lgan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Foto: Videodan kadr

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, ish Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan ochilgan. Ichki ishlar organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Avvalroq mazkur tibbiyot muassasasida shifokor va fuqarolarning bir-birlari bilan janjallashayotgan holati aks etgan videotasvir internet tarmoqlarida muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, shifokor va fuqarolarning bir-birlari bilan janjallashayotgani aks etgan videotasvirdagi holat shifoxonada joriy yil 6 noyabrda sodir bo‘lgan.

Shu kuni 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro S.A. qabulxonaning yuz-jag‘ jarrohligi xonasiga yutinishdagi og‘riqlar, chaynashning qiyinligi, ikkala tomon jag‘ osti sohasidagi shish va tana haroratining ko‘tarilishi shikoyatlari bilan murojaat qilgan. Bu paytda shifokor D.M. navbatchilikda bo‘lgan.

Shifokor tomonidan bemor virus etiologiyali rinofaringit yoki infeksion mononukleozga gumon qilinib, virusolog-mutaxassis ko‘rigiga yuborilgan. Bundan esa u va yaqinlari norozi bo‘lib, shifokorga o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lgan va unga qarata stul otgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid