O‘zbekiston | 18:42 / 25.11.2023
15434
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 2 yoshli bolani urgan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi

Kogon shahridagi xususiy bog‘chada yuz bergan noxush voqeadan so‘ng, tarbiyachi bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Foto: Videodan kadr

Buxoro viloyati, Kogon shahridagi «Quyoshjon» oilaviy nodavlat ta’lim tashkiloti tarbiyachisi bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bu haqda Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.

Avvalroq, tarbiyachi kichik yoshdagi bolaga qo‘pol munosabatda bo‘lgani tasvirlangan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

Qayd qilinishicha, hodisa 20 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Videolavhada tarbiyachi bolani bir qo‘lidan ushlab, qo‘pol tarzda ko‘targani, keyin polga qo‘yib, urgani ko‘rinadi.

Xabarga ko‘ra, uning xatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova telegram-kanali xabariga ko‘ra, 20 noyabr kuni 2021 yilda tug‘ilgan bola mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotiga birinchi marta kelgani sababli injiqlik qilib yig‘lagan. Muassasa tarbiyachisi esa bolani urgan.

Hodisa yuzasidan Kogon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bolaga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Mavzuga oid