O‘zbekiston | 14:52 / 25.11.2023
4738
6 daqiqa o‘qiladi

“Nigoh” – hayotga o‘zgacha nigoh bilan boqishga undovchi asar

Ba’zan shunday insonlarni uchratib, nega o‘zini bunchalik qiynab yasharkan deb o‘ylab qolamiz. Bunday insonlar ko‘zimizga juda lanch, hayotdan xafa, shunchaki nafas olish uchungina yaralgandek tuyuladi. Ammo aslida ular o‘z qobig‘iga o‘ralib olganlardir. O‘zlarining har bir xatti-harakatiga keragidan ortiq e’tibor berib, zaruridan ziyod o‘ylaydi. Oqibatda mayda-chuyda ikir-chikirlarga o‘ralashib, hayotdan zavq olish fursatlarini o‘tkazib yuborishadi.

Taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning “Nigoh” qissasi bosh qahramoni Bek ham ayni shunday inson edi. Toki hayotida bir voqea sodir bo‘lmagunga qadar...

Syujyet:

Bek tramvay haydovchisi bo‘lib ishlaydi. Tong qorong‘isida ketib, butun shahar uxlaganda kirib keladi. Bolalari ham kunlab dadasini ko‘rolmaydi. Hayoti shu tarzda o‘tib borardi. Bir kuni tramvay yo‘liga chiqib ketgan “Volga”ni urib yuboradi. Urib yubormasligi ham mumkin edi-yu, bir lahza unga nimadir bo‘ldi. Qandaydir g‘ayriixtiyoriy kuch tormozni bosishga izn bermadi. 

Shundan so‘ng Bekning hayoti o‘zgara boshladi. Unga vaqtinchalik ta’til berishdi. “Volga” egasi uni javobgarlikka torttirdi. Mashina ichidagi ayolning yuragi yorilgudek bo‘lib qo‘rqqanidan kasalxonaga tushgandi. O‘sha ayolning voqea sodir bo‘lgan lahzadagi qo‘rqinch nigohi Bekning ko‘z o‘ngida saqlanib turar, tushlariga ham kirib chiqardi. 

Bek relsdan chiqib ketgan poyezddek nima qilarini bilmas, kunlarini mujmal, chalkash o‘ylar bilan o‘tkazar, avtoturargohga borib hech ishni bitirmay, ortga surib qaytar edi. Hamkasblarining qistovi bilan ayolni ko‘rgani bir marta kasalxonaga boradi. Ayol unga shunday nigoh bilan boqadiki, Bek shu daqiqadan o‘z hayotiga nigoh tashlay boshlaydi. Aslida u allaqachon “Volga” egasi bilan kelishishga uringan, ishni bosti-bosti qilishga tirishgan, ayolning oldiga ham tez-tez borib xabar olgan bo‘lishi kerak edi. Ammo Bek o‘zining g‘alati tabiati sabab bu ishlarni qilishni xayoliga ham keltirmas edi.

Bek o‘zini o‘zi tahlil qilib, siqilib yurgan kunlarining birida O‘ktam ismli yoshlikdagi do‘sti keladi. U bilan lag‘monxonaga kirib suhbatlashishadi. Suhbatdan Bek anglaydiki, aslida hayotda inson O‘ktam singari tinib-tinchimay, zavq olib, ochilib yashashi, ozgina hushyor bo‘lishi lozim ekan. Aks holda hayot odamni pollattadek piypalab tashlashi hech gap emas ekan...

Tahlil:

Bek hayotida sodir bo‘lgan voqealar va avtohalokatdan keyin olamga o‘zgacha nigoh bilan qaray boshlaydi. Bu voqea ya’ni baxtsiz hodisa Bekning hayotida burilish yasaydi. U avval oddiydek qaraydigan, gohida e’tibor ham bermaydigan narsalar shundan keyin uning nigohida o‘zgacha tus oladi. Bu qissada yana insonlarning nigohlaridagi mohiyatlar ham aytiladi, ya’ni avtohalokat chog‘ida tramvay bilan to‘qnashgan mashinadagi ayolning nigohida xuddi o‘sha ayolning butun bir umrini ko‘rsa bo‘lardi. 

Bek yomon inson emasdi. U shunchaki ishga mukkasidan ketib, hayotda yashashi ham kerakligini unutib qo‘ygandi. O‘z qobig‘iga o‘ralib, atrofdagilarga loqayd boqadigan, faqat o‘z tashvishi bilan ovora bo‘lib ancha “maydalashgan”di. Avtohalokat orqali hayot uni “turtib” o‘ziga keltirgandi. Hayotning turtkisi beiz ketmadi. Bek chindan ham hushiga kelgan, endi o‘zining oddiy shaxs emas, balki inson ekanini, jamiyat bilan, insonlar bilan uzviy bog‘liqligini va bu bog‘liklikdan ajralish imkonsizligini, aslida ajralishga hojat ham yo‘qligini tushunadi. 

Beparvolik xavfli narsa. Inson atrofidagi voqealardan, yaqinlari kechmishlaridan xabardor bo‘lib turishi, e’tibor berishi judayam zarur. Aks holda kishi muvozanatni yo‘qotib qo‘yishi, o‘ziga nisbatan atrofidagilardan ham beparvolik va mehrsizlik ko‘rishi turgan gap. Bu tushunchalarni qahramonimiz o‘z vaqtida tushunib yetdi va ichki ziddiyatlariga barham berib, aslida qanday yashash lozimligini angladi.

Asarda avtoturargoh qorovuliga ham batafsil to‘xtab o‘tiladi. Qorovul chol urushda qatnashib kelgan, kelguniga qadar ota-onasi o‘tib ketgan, tug‘ishganlari ota uylarini sotishmoqchi bo‘lib turishgan edi. Chol bunga qattiq qarshilik ko‘rsatadi. O‘ziga tegishli ulush hisoblangan bir parchagina yerni saqlab qoladi. Katta hovlining qolgan qismi avtoturargoh hisobiga o‘tib ketadi.

Qorovul chol orqali ota-ona xotirasi, urf-odat va an’analarga bo‘lgan munosabat ko‘rsatilgan. An’ana va qadriyatlar hurmat qilinmasa, bu narsa yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi tasvirlanadi.

Hayot ko‘p holatlarda beshafqatligi hammaga ma’lum. Ozgina muvozanatni yo‘qotgudek, ruhiy ziddiyatlarga yengilgudek bo‘lsak, “bo‘shlik” qilsak ayab o‘tirmasligi aniq. Shunday ekan, doim dadil, kurashuvchan, hushyor yashashimiz zarur...

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid