Jahon | 14:52 / 25.11.2023
6315
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada politsiya Wildberries omborida migrantlarga qarshi reyd o‘tkazdi

Noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq tintuvlar davomida kuchishlatar tuzilma xodimlari harbiy xizmat daftarchalarini tekshirib, harbiy komissarlikka chaqiruv qog‘ozlarini topshirgan.

Foto: Picture Alliance

Politsiya Moskva yaqinidagi Elektrostalda Wildberries kompaniyasi saralash markaziga kelib, noqonuniy muhojirlarni topish maqsadida xodimlarning hujjatlarini tekshirdi, deb yozadi TASS agentligi 24 noyabr, juma kuni manbaga tayanib. Bir qator Telegram-kanallari xabariga ko‘ra, kuchishlatar tuzilma vakillari ayrim xodimlarga harbiy komissarlikka chaqiruv qog‘ozini topshirgan.

«Elektrostaldagi Wildberries ombori hududiga bir necha o‘nlab xavfsizlik kuchlari noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq tintuvlar uchun keldi», — dedi TASS manbasi. Unga ko‘ra, politsiya ombor xodimlarining pasportlari va boshqa hujjatlarini tekshirgan. Agentlik manbasining aniqlik kiritishicha, xuddi shunday amaliyotlar Rossiyaning bir qancha hududlarida o‘tkazildi. 

Baza Telegram-kanalining xabar berishicha, reydda bir necha o‘nlab politsiyachilar ishtirok etgan. Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlarini noqonuniy muhojirlar va yaqinda Rossiya pasportini olganlar qiziqtirgan. Ularning bir qismiga harbiy komissarlikka chaqiruv qog‘ozi berilgan. Mash Telegram-kanali, shuningdek, politsiya erkaklarning pasportlari va harbiy xizmat daftarchalarini tekshirganini yozdi. Mash ma’lumotlariga ko‘ra, bir kun avval ombor hududida 16 kishiga mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani uchun protokollar topshirilgan, ulardan uch nafari Rossiyadan chiqarib yuborilgan. 

Rossiya bo‘ylab muhojirlarni kuch ishlatib harbiy komissarlikka olib borishmoqda

O‘tgan oy xavfsizlik kuchlari Moskva yaqinidagi Kotelnikida reyd uyushtirgan edi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yigitlarni harbiy komissarlikka olib borishgan va jinoiy javobgarlikka tortish tahdidi ostida shartnoma imzolashga majburlashgan. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng ular shartnoma asosida qabul qilish punktiga, so‘ngra Jyeleznodorojniy shahridagi yig‘in punktiga olib ketilgan. 

Oktyabr oyi oxirida Tergov qo‘mitasi Moskvada Rossiya fuqaroligini olgan Markaziy Osiyoda tug‘ilgan fuqarolarga nisbatan harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlik (Jinoyat kodeksi 328-moddasi 1-qismi) bo‘yicha 22 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. «80 dan ortiq fuqaro Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilish uchun yuborildi», — deya qo‘shimcha qildi Tergov qo‘mitasi. 

Muhojirlarga qarshi shunday reydlar Kaluga viloyati, Chuvashiya, Sankt-Peterburg, Nijniy Novgorod va boshqa viloyatlarda ham o‘tkazildi. Muhojirlar zo‘rlik bilan harbiy komissarlikka olib ketilgan yoki Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majbur qilingan, deydi huquq faollari. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid