Jahon | 16:11 / 25.11.2023
6273
3 daqiqa o‘qiladi

Stefanishina: YeIga qo‘shilish vaqt talab qilishi mumkin, ammo ukrainaliklar sabrli

Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish biroz vaqt talab qilishi mumkin, ammo ukrainaliklar sabrli, dedi Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Olga Stefanishina DW nashriga. 

Foto: AP

Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani qiladi, garchi bu biroz vaqt talab qilsa ham, dedi Ukraina bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina 24 noyabr, juma kuni DW nashriga bergan intervyusida

«Ukrainaliklar sabr-toqatli. Biz Yevropa Ittifoqiga qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha harakat qilamiz, lekin bu masala bo‘yicha hech qanday kechikishlarga toqat qila olmaymiz», dedi u Germaniya tashqi siyosati jamiyatining (DGAP) Ukrainaga nisbatan Yevropa strategiyasiga bag‘ishlangan tadbirida ishtirok etish uchun Berlinga tashrifi chog‘ida.

Yevromaydondan keyingi Ukraina taraqqiyoti haqida 

Stefanishina Yevromaydon boshlanganidan keyin o‘n yil ichida Ukraina YeIga kirish yo‘lida erishgan yutuqlarni qayd etdi. «Mamlakatimizni isloh qildik, possovet merosidan xalos bo‘ldik, qonunchiligimizni o‘zgartirdik va hozir biz Yevropa Ittifoqiga hamda, umid qilamanki, NATOga qo‘shilish arafasida turibmiz, lekin, afsuski, buning uchun narx tobora ko‘tarilmoqda», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Vengriya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi haqidagi savolga Stefanishina «har qanday davlatning vetosi Yevropa Ittifoqining vetosi bo‘ladi», dedi. «Ishonchim komilki, ko‘rib chiqilayotgan barcha qarorlar to‘plami bo‘yicha konsensus mavjud. Va YeI o‘z kelajagini keyinroqqa kechiktirishga yo‘l qo‘ymaydi», dedi u. 

Yevropa komissiyasining Ukraina bo‘yicha qarori 

8 noyabr kuni Yevrokomissiya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarga tayyorligi haqidagi hisobotini taqdim etdi. U muzokaralar jarayonini boshlashni tavsiya qiladi. Yevrokomissiya bahosiga asoslangan yakuniy qarorni 14 va 15 dekabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammitda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlari qabul qilishi kerak. 

Bu qaror, har qanday boshqasi kabi, Yevropa Ittifoqining barcha 27 a’zosi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashini talab qiladi. Vengriya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi ehtimolini tanqid qilmoqda. Qolaversa, u ham Slovakiya kabi Yevropa Ittifoqining Kiyevga yangi 50 milliardlik yordamini bloklamoqda. 

Mavzuga oid